Foydali qazilmalari. Janubiy Amerikaning ma’danli resurslari uning barcha hududlari bo‘ylab bir tekisda tekshirilgan emas. Tadqiq etish natijasida aniqlangan va qazib chiqarilayotgan foydali qazilmalarning geografik tarqalishi va joylashishi materikning geologik strukturasi bilan bevosita bog‘liq. Binobarin, Janubiy Amerikaning qadimiy kristalli qalqonlarida, vulkanik va tektonik jarayonlar natijasida hosil bo‘lgan magmatik intruziv va effuziv jinslarda asosan rudali, rangli va nodir metallar keng tarqalgan. Platformaning botiq va bukilmalarida, qirg‘oqbo‘yi pastekisliklarida to‘plangan cho‘kindi jinslar qatlamida rudasiz foydali qazilmalar – neft, tabiiy gaz, toshko‘mir konlari ko‘pchilikni tashkil etadi.
Braziliya yassi tog‘ligining janubi-sharqiy qismida va Gviana yassi tog‘ligining shimolida juda katta temir va marganes ruda konlari bor. Shuningdek, Braziliya yassi tog‘ligining janubi-sharqiy chekkasida va Gviana yassi tog‘ligining shimoli-sharqida hosil bo‘lishi qadimiy magmatik intruziv jinslar bilan bog‘liq bo‘lgan oltin, olmos, radiaktiv elementlar, boksit va nikel konlari keng tarqalgan. Hozirgi kunda bu yassi tog‘liklardan boksit konlarining juda katta zahiralari topilgan. Rudali konlarning va rangli metallarning asosiy zahiralari And tog‘ tizimida joylashgan. Venesuelada oltin, marganes, olmos, temir rudasi va neft konlari, Kolumbiyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi And tog‘larida va tog‘ oralig‘i botiqlarida zumrad, mis, platina, oltin, neft va toshko‘mir konlari joylashgan. Ekvadorning Tinch okean sohilidan neft, tog‘laridan oltin va kumush qazib olinadi. Peru Andida oltin, simob, vanadiy, vismut, mis, toshko‘mir konlari va polimetallar keng tarqalgan.
Janubiy Amerikada foydali qazilmalarga eng boy hudud Chili hisoblanadi. Uning hududida temir, marganes rudalari, radiaktiv elementlar, simob, oltin, molibden va boshqa qazilma boyliklar ko‘plab uchraydi. Chilida dunyodagi eng yirik mis konlaridan biri joylashgan. Hatto tog‘ tizimining nomi ham “anta” so‘zidan kelib chiqqan. “Anta”inklar tilida “mis”degan ma’noni anglatadi. Chilining Tinch okean sohillarida va Atakama cho‘lida dunyoda yagona bo‘lgan tabiiy selitra konlari uchraydi. Amazonka pastekisligi, Braziliya yassi tog‘ligi va Patagoniya platformasi hududlaridan neft konlari topilgan. Bu foydali qazilmalar Janubiy Amerika davlatlari iqtisodiyotining rivojlanishida asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.