Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə89/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   85   86   87   88   89   90   91   92   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Shimoliy And. Bu tog‘li geografik o‘lka And tog‘ tizimining shimoliy qismini, Karib dengizi sohilini, Tinch okean sohilining 40 j.k. gacha bo‘lgan qismini o‘z ichiga oladi. Shimoliy Andning boshqa tog‘li tabiiy geografik o‘lkalardan farqi uning ekvatorial va subekvatorial iqlim mintaqalarida joylashganligidadir.
Shimoliy And tog‘lari materikning shimoliy qismida kenglik bo‘ylab cho‘zilgan, unchalik baland ko‘tarilmagan tog‘ tizmasi bilan boshlanadi. Bu tizma dengiz qirg‘og‘i bo‘ylab cho‘zilib Karib Andi deb ataladi. Karib Andi bir-biriga parallel joylashgan ikkita tor tizmadan tarkib topgan. Uning birinchi tizmasi Qirg‘oq Serrasi (Nayguata tog‘i, 2765m) va Ichki Serra (2600 m) deb ataladi. Bu tizmalarning yonbag‘irlari ko‘ndalang vodiylar bilan kuchli kesilgan. G‘arbda tizmalar ancha baland ko‘tarilgan va submeridional yo‘nalishda cho‘zilgan Kordil’era-de-Merida tog‘i bilan tutashgan. Uning okean sathidan 5007 m baland ko‘tarilgan Bolivar cho‘qqisi muzliklar bilan qoplangan.
Janubi-g‘arbda Kordil’era-de-Merida tog‘i meridianal ravishda yo‘nalgan And tog‘lari bilan tutashadi. Bu yerda And tog‘lari parallel joylashgan to‘rtta tizmadan: Sharqiy, Markaziy, G‘arbiy va Qirg‘oq Kordil’erasidan tarkib topgan. Bular orasida eng balandi Markaziy Kordil’era tizmasi bo‘lib, uning kristalli poydevoridan cho‘qqilari okean sathidan Uila tog‘i 5750 m va Ruis vulkani 5400 m qad ko‘tarilgan. Markaziy Kordil’eradan sharqda, Magdalena vodiysidan o‘ng tomonda Sharqiy Kordil’era tizmasi joylashgan. Bu tizma kuchli burmalangan cho‘kindi jinslardan tarkib topgan va markaziy qismi keng havzasimon botiqlarga bo‘lingan. Ana shunday botiqlardan birida 2600 m balandlikda Kolumbiyaning poytaxti Bogota shahri joylashgan. Tizmaning eng baland nuqtasi Ritakuva (5493 m) tog‘idir. G‘arbiy Kordil’era nisbatan past tizma bo‘lib, uning balandligi 4000 m ga yetmaydi (Paramilo tog‘i, 3960 m). Tizmalar bir-biridan bo‘ylama tektonik vodiylar bilan ajralgan. Tektonik vodiylar botqoqlangan keng pastekisliklarni hosil qiladi. Shulardan biri Venesuela hududidagi markaziy qismi Marakaybo laguna ko‘li bilan band bo‘lgan Marakaybo pastekisligi va ikkinchisi Kolumbiya hududidagi Magdalena va Kauka daryolari vodiylaridagi tekislikdir. Eng shimolda,
Karib dengizi sohili balandligi 5775 m ga yetadigan Kristobal-Kolon tog‘i orol shaklida ko‘tarilgan.
Janubiy Kolumbiya va Ekvadorga yaqinlashgan sari And torayib ikkita tizmani tashkil etadi. Qirg‘oq Kordil’erasi qirg‘oqbo‘yi tepalik tekislikka aylanadi. Markaziy va Sharqiy Kordil’eralar bitta tizmaga birlashadi. Ekvadorda ikki qator tog‘ tizmasi oralig‘idagi botiqlarni tektonik yoriqlar bo‘ylab joylashgan so‘ngan va harakatdagi vulkanlar o‘rab olgan. Bulardan eng balandlari Kotopaxi harakatdagi vulkani (5896 m) va Chimboraso so‘ngan vulkanidir (6272 m). Janubiy Kolumbiya va Ekvadorning Sharqiy Kordil’era tog‘ massivi ustidan bir qator to‘g‘ri konussimon harakatdagi vulkanlar qad ko‘tarilgan. Bular Kayambe (5769 m), Sangay (5410 m), Tunguragua (5033 m), Asuay (4650 m) va boshqa vulkanlardir.
Shimoliy And tog‘li o‘lkasida landshaft majmualar murakkab vertikal zonalar hosil qilib joylashgan. Tog‘ tizmalarining quyi qirg‘oqbo‘yi pastekisliklari va tektonik vodiylar uchun nam va issiq ekvatorial hamda subekvatorial iqlim tiplari xarakterli. Bu yerda o‘rtacha yillik harorat eng yuqori bo‘lib +28°C ni tashkil etadi. Marakaybo pastekisligida avgustning o‘rtacha harorati +29°C ga va yanvarning o‘rtacha harorati +27°C ga teng. Bundan ko‘rinib turibdiki, yil davomidagi haroratning borishida fasliy tafovutlar umuman sezilmaydi. Havo tarkibida namlik juda ko‘p. Yog‘inlar deyarli yil davomida yog‘ib turadi, o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 2500-3000 mm ni tashkil etadi. Tinch okean sohillarida yog‘in miqdori 5000-7000 mm gacha boradi. Faqat Karib dengizi sohillarida, Karib Andining shimoliy yonbag‘irlarida va daryo vodiylarida yog‘in 1000 mm gacha kamayib, shimoliy-sharqiy passatlar ta’sirida namlik fasllar vujudga keladi. Ayniqsa Venesuella qo‘ltig‘ini o‘rab turgan Guaxira va Paraguana yarim orollarida quruq davr uzoq davom etadi.
Quyi mintaqani mahalliy aholi terra kalente (issiq yer) deb atashadi. U tog‘ oralig‘i botiqlarini, pastekisliklarni, tizmalarning o‘rtacha 1000-1500 m balandlikkacha bo‘lgan yonbag‘irlarini egallaydi. Mintaqaning katta qismi nam tropik o‘rmonlar va botqoqliklar bilan band. Bu o‘rmonlar o‘zining tarkibiga va tashqi qiyofasiga ko‘ra materikning sharqiy qismidagi nam tropik o‘rmonlardan farq qilmaydi.Ular qalin baland bo‘yli, nam, doimiy yashil, tarkibi juda rang-barang. Quyi mintaqada kokos palmasi, iriarteya palmasi, attaleya palmasi, yong‘oq beruvchi palmalar keng tarqalgan. Foydali o‘simliklardan bananlar, kakao daraxti, qizil daraxt, kauchuk daraxti va boshqalar bor. Bu o‘rmonlar dengiz va okean sohillarida mangra o‘rmonlari bilan almashinadi. Botqoqliklarda o‘tib bo‘lmaydigan qamishzorlar yaxshi rivojlangan. O‘lkaning shimoliy chekkasida, tizmalarning sharqiy yonbag‘irlarida yog‘inlarning kamayishi bilan bargini to‘kuvchi kserofit o‘rmon va tikanli butazorlar vujudga kelgan. Tropik o‘rmonlardan tozalangan yerlarda shakarqamish, banan kabi madaniy ekinlar yetishtiriladi.
Quyi mintaqadan yuqorida terra templyada (mo‘tadil yer) mintaqasi joylashgan. U 1000-1500 m dan 2500-3000 m balandlikkacha bo‘lgan tog‘ yonbag‘irlarini egallagan. Bu mintaqada harorat +24°C dan +18°C gacha pasayadi. O‘rtacha yillik harorat +15°C dan +20°C gacha o‘zgarib turadi. Yog‘in miqdori baland tog‘ oralig‘i botiqlarida va vodiylarida1000 mm ni tashkil etadi. Mintaqaning
o‘simlik qoplami quyi mintaqadan farq qilib, bu yerda palmalar umuman uchramaydi. O‘rmonlarda dara qirqquloqlar, bambuklar, xin daraxti ko‘pchilikni tashkil etadi. Mo‘tadil mintaqa kishilarning salomatligi uchun juda qulay. Uni mahalliy aholi doyimiy bahor mintaqasi deb atashadi. Shimoliy Andning aksariyat aholisi ana shu mintaqada istiqomat qilishadi. Yirik shaharlar ham shu yerda joylashgan. Dehqonchilik yaxshi rivojlangan. Qishloq xo‘jaligida madaniy ekinlardan makkajo‘xori, tamaki, kofe daraxti keng tarqalgan.
Tog‘ o‘rmonlarining uchinchi mintaqasi terra fria (sovuq yer) deb atalib, u ekvatorial zonada 2000-2500 m dan to 3500-3800 m gacha balandlik oralig‘ida joylashgan, iqlimi mo‘tadil xarakterga ega. Harorat +12 C va +18°C atrofida bo‘lib, ayrim paytlarda +3°C va +5°C gacha pasayadi. Maksimal harorat +23°C gacha ko‘tarilishi mumkin. Atmosfera yog‘inlari markazda 1800-2000 mm dan chekka qismlarda 600-700 mm gacha kamayadi. Sovuq mintaqa uchun past bo‘yli, qing‘ir- qiyshiq daraxtlardan va butalardan tarkib topgan baland tog‘ gileya o‘rmonlari xarakterli. O‘rmonlar epifit o‘simliklar va lianalar bilan chirmashib ketgan. Ular tekisliklardagi gileya o‘rmonlarini eslatadi. O‘rmonlarda doimiy yashil emanlar, past bo‘yli bambuklar, daraxtsimon qirqquloqlar ko‘p uchraydi. Aholi tog‘ oralig‘i botiqdarida 3500 m gacha bo‘lgan balandliklarda yashab, makkajo‘xori, bug‘doy, kartoshka kabi madaniy ekinlarni yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
Shimoliy And tog‘li o‘lkasining to‘rtinchi mintaqasi baland tog‘ mintaqa bo‘lib, mahalliy xalq paramos deb ataydi. Paramosning yuqori chegarasi 4500 m balandlikkacha ko‘tariladi, iqlimi juda sovuq. Harorat kunduz paytlari 0°C dan yuqori bo‘lsada, kechalari qattiq sovuqlar bo‘lib, qor yog‘adi. O‘simlik qoplami kserofit xarakterga ega. Chimli va baland bo‘yli boshoqli o‘tlar, murakkab gulli o‘simliklar o‘sadi. O‘simliklarning poyasi 5 m gacha bo‘lib, chiroyli gullaydi. Tekis yuzalarda moxli botqoqliklar uchraydi. Tik yonbag‘irlar uchun o‘simliksiz toshloq yerlar xarakterli.
Shimoliy Andning 4500 m dan baland qismida qor va muzliklar mintaqasi joylashgan. Bu mintaqada havo harorati yil davomida manfiy. Baland tog‘ massivlari va tog‘ cho‘qqilari uchun al’p tipidagi muzliklar xarakterli. Muzliklar ayniqsa Kolumbiyaning Markaziy va G‘arbiy Kordil’eralarida, Serra-Nevada-de- Santa-Marta tizmalarida yaxshi rivojlangan. Chimboraso, Kotopaxi va Tolima vulkanlarining cho‘qqilari ham qor va muzliklar bilan qoplangan.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   85   86   87   88   89   90   91   92   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin