“Gulistoni bit-turkiy” asarining tarkibi. Asardagi asosiy g‘oya, ko‘tarilgan masalalar.
Reja:
SAYFI SAROYI IJODIY MEROSI-«Guliston-bit turkiy»ning mavzulari.
“Gulistoni bit-turkiy” asarining tarkibi
Sayfi Saroyi XIV asrda yashab ijod qilgan turkiy adabiyot vakillaridan biridir. U adabiyotimizda shoir va tarjimon sifatida oʻz oʻrniga ega. Manbalardan ma’lum boʻlishicha, Sayfi Saroyi 1321 yilda Qamishli yurtida tugʻilgan. Qamishli-Xorazmdagi qishloqlardan birining nomi. Ammo u nom Volga boʻyida ham koʻp uchraydi. U Qamishlidan bilimini oshirish uchun Saroyga keladi. Saroy-Oltin Oʻrda davlatining poytaxtidir. Muhammad ibn Arabshohning yozishicha, «Saroy tutgan oʻrni va xalqining juda koʻp boʻlishi bilan eng katta shaharlarning birisi edi. U fan markaziga aylandi. Oz vaqti ichida bu yerda koʻplab atoqli, mashhur kishilar toʻplandi». Ular orasida Qutbiddin ar-Roziy, Ma’sud Taftazoniy, Kamoliddin at-Turkmaniy, Hofiz ibn Bazzoziylar bor edi. Shuningdek, mashhur shoir Kamoliddin Xoʻjandiyning ham XIV asr oxirlarida Saroyda yashab ijod etganligi yaxshi ma’lum. Shoir shu erda yashab turgan davrida «Saroyi» degan taxallusini olgan. Sayfi-uning ismi boʻlib, «Qilich» degan ma’noni bildiradi. /B.Toʻxliev. 9-sinf. 189-190-betlar/. Sayfi Saroyining yashab ijod qilib oʻtgan davri tarixda Oʻzbekxon oʻgʻli Tinibek va Jonibeklarning hukmronligi davriga toʻgʻri keladi. XIII asrdagi moʻgʻullar istilosi mamlakatni izdan chiqargan edi. Bu bosqin tufayli koʻplab kishilar qirildi. Koʻplab shoirlar oʻzga yurtlarga kyetib qoldi. Sayfi Saroyi ham shulardan biri edi. U shunday yozadi:
Oʻsib tuprogʻim uzra nayzalar, men evdin ayrildim,
Vatandin benishon oʻldimda, oʻzga yurtga evrildim.
Nechun menga falak javr ayladi, qanday gunohim bor?
Iloho ayla kam jabring, men elga sodiq ul erdim.
Demak, Sayfi Saroyi Movarounnahrda, Oltin Oʻrda davlatining poytaxti Saroyda yashab ijod qilgan. Misr va Turkiyada ham yashagan. «Guliston bit-turkiy» kitobidagi quyidagi misralar shoirning Misr maliklaridan birining xizmatida boʻlganligi, qarib qolganligi tufayli oʻz vataniga kyetish uchun malikdan ruxsat soʻraganidan dalolat beradi:
Ilohiy bu qari miskin qulingni,
Bagʻishla koʻrguzub toʻgʻri yoʻlingni.
Maliklar rasmidir dilshod qilmoq,
Qarisa qullarin ozod qilmoq.
Qari yorli quling Sayfi Saroyi,
Faqiru benavo lutfing gadoyi.
Ani lutfing bilan dilshod qilgʻil,
Bagʻishlab yozuqin ozod qilgʻil.
Adib taxminan 1396 yilda vafot etgan.
Sayfi Saroyining oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi bebahodir. Undan bizgacha, bir qancha gʻazal, qasida, qit’a, ruboiylar, «Suhayl va Guldursun» dostoni, «Sinbondnoma», «Guliston» kabi asarlarining erkin tarjimalari yetib kelgan. Bulardan tashqari, Sa’diy «Guliston»i tarjimasiga kiritilgan original she’riy parchalar, masnaviylar ham Sayfi Saroyi qalamiga mansubdir. Shoir gʻazallarida shakl va mazmun birligini birinchi oʻringa qoʻyadi. Shoirning «Shoirlar ta’rifida» degan masnaviysida ijodkorlarga talabchan munosabatda boʻladi: