Xalqaro monitoring sari ilk qadam Mamlakatimizda ham TIMSS xalqaro monitoring tadqiqotiga bosqichma-bosqich qadam qo‘yilmoqda. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan tashqi monitoring jarayonida ushbu xalqaro baholash materiallaridan qisman foydalanish orqali o‘quvchilar xalqaro talab darajasiga o‘rgatib borilmoqda.
Joriy yilning may oyida Xalq ta’limi vazirligi va YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “O‘quvchilarning muvaffaqiyatli o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash” mavzusida tadqiqot o‘tkazildi. Unda respublika bo‘yicha tanlab olingan 255 ta maktabda tahsil olayotgan 4-sinf o‘quvchilarining matematika, o‘qish va tabiatshunoslik fanidan bilimi tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazildi. Monitoring uchun TIMSS tadqiqoti materiallari mazmuni, talabidan kelib chiqib, test savollari tayyorlandi. Test sinovi materiallari YUNISЕF tashkiloti bilan hamkorlikda umumlashtirilib, tahlil qilinmoqda.
Shuningdek, vazirlik YUNISЕF bilan hamkorlikda PISA talabi asosida umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini takomillashtirish ustida ham ishlamoqda. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 187-sonli qarori bilan tasdiqlangan DTS, o‘quv reja va o‘quv dasturlari (birinchi navbatda, matematika, fizika, biologiya, ona tili va adabiyot) xalqaro ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilib, xulosa va tavsiyalar olinmoqda.
Oldimizdagi dolzarb vazifalar Xalqaro miqyosdagi test sinovlaridan o‘tayotgan o‘g‘il-qizlarimiz shu talabga javob beradigan bilim, malaka, ko‘nikmani egallagan va ularda shunga muvofiq kompetensiya shakllangan bo‘lishi lozim. Dastlabki natijalar asosida ta’lim tizimida quyidagi o‘zgarishlarni amalga oshirish zarur ekani aniqlandi:
— xalqaro tadqiqot natijalariga asoslangan holda ona tili, matematika va tabiiy fanlardan davlat ta’lim standarti, o‘quv dasturlari va o‘quv adabiyotlari mazmuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
— ona tili, matematika va tabiiy fanlardan PISA baholash dasturi yo‘nalishidagi savollar milliy bazasini yaratish va o‘quv dasturlariga integratsiya qilish;
— PISA baholash dasturi yo‘nalishidagi savollar singdirilgan o‘quv dasturlari asosida qo‘shimcha qo‘llanma hamda adabiyotlar yaratish va amaliyotga joriy etish;
— ona tili, matematika va tabiiy fanlarni o‘qi¬tishning shakl, metod, texnologiyalarini yangilash va o‘qituvchilarning bu boradagi bilimini oshirish, tayyorgarligini kuchaytirish maqsadida malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
— bu fanlardan o‘quvchilar savodxonligini baholashning milliy tizimini yaratish va 2019–2021 yillarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishni baholashga qaratilgan sinovlarni tizimli ravishda o‘tkazib borish;
— ta’lim muassasalarining yuqori salohiyatga ega pedagog va ilmiy kadrlari rivojlangan davlatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini tashkil etish;
— Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkilotiga a’zo davlatlardagi nufuzli ta’lim va ilmiy markazlar, xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, PISA va TIMSS baholash dasturida ishtirok etib, yuqori natijalarga erishayotgan ilg‘or va rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish;
— rahbar hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlarining o‘quv jarayoniga xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb qilish;
— o‘quvchilarning ona tili, matematika va tabiiy fanlardan PISA xalqaro baholash dasturiga tayyorgarlik ko‘rishi, mustaqil ta’lim olishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish.
Yuqoridagi vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi mamlakatimiz ta’lim tizimining xalqaro ta’lim jarayoniga integratsiyalashuvini ta’minlaydi, sohadagi bo‘shliqlarni aniqlashga, yangi vazifalarni belgilab olishga xizmat qiladi. Eng muhimi, o‘quvchilar bilimini adolatli va shaffof baholashga erishamiz.
Abdurahim NOSIROV
Xalq ta’limi vazirligining umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida
o‘quv-metodik jarayonlarni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i
Телеграмда @idum uz «Таълим / Образование» каналы - ўқитувчилар учун
хужжатлар. даре ишланмалар, тестлар. тарқатма материаллар