O‘quvchilarning dasturlashga oid kompetensiyalarinishakllantirishpedagogikmuammo sifatida Raqamli texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotgan davrda o‘quvchilarni dasturlashga qiziqtirish, ularga dasturlashga oid bilimlarni o‘rgatib borish shu sohada faoliyat yuritayotgan har bir shaxs oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Yosh avlodga dasturlash asoslarini o‘rgatish ta’limning maktab bosqichida boshlanadi. Ushbu bosqichda o‘quvchilarga dasturlash asoslarini o‘rgatish jarayoni turli vositalar orqali amalga oshiriladi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida informatika va axborot texnologiyalari fanini o‘qitishda foydalaniladigan asosiy ta’lim vositalariga doska va taqdimot materiallarini misol qilib keltirish mumkin. Ammo ushbu ta’lim vositalari orqali o‘quvchilarga dasturlashga oid bilimlarni to‘la-to‘kis etkazish, ularni nazorat qilish qiyin. Chunki ushbu ta’lim vositalari bir tomonlama axborot etkazish uchun moslashtirilgan. Informatika va axborot texnologiyalari fanini o‘qitishda, xususan, “Dasturlash asoslari” bo‘limini o‘rgatishda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish yuqori samara beradi. Ushbu texnologiyalar o‘quvchilarning fanga nisbatan qiziqishini orttiradi, o‘qituvchining vaqtini tejashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev huzurida 14 aprel kuni Axborot texnologiyalari vazirligining faoliyati va 2022 yildagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda “Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirib, IT xizmatlarini 2,5 barobar oshirish va eksportni 500 million dollarga etkazish bo‘yicha katta-katta maqsadlarni qo‘ydik. Bir narsani aniq tushunish kerak. Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror-bir tarmoq oldinga yurmaydi” [71] deb aynan axborot texnologiyalari sohasining dolzarbligi va bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘pligini qayd etdi.
Jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida ta’lim sifatini oshirish pirovard vazifalar qatoriga kiritilgan. Ushbu vazifani hal qilish uchun ta’limning barcha bosqichlarida o‘ziga xos usul va texnologiyalarni qo‘llash samarali ekanligi rivojlangan davlatlar tajribasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda [58; 85-b.]. Bu bosqichlardan biri bu umumiy o‘rta ta’limdir. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari vujudga keladigan yangi ijtimoiy tendensiyalarni o‘zida aks ettiradi. U har doim davlatning ijtimoiy buyurtmasini bajarib, maktab yoshidagi ijtimoiy qatlam orqali bilim, ko‘nikma, malakalar, xulq-atvor shakllari va kompetensiyalarni jamiyatga etkazib kelgan.
Evropada ta’lim tizimini shakllantirish jarayonida kompetensiyaga asoslangan ta’lim usulini qo‘llash ta’lim tizimining ijtimoiy buyurtmaga muvofiq bo‘lish sababi bilan izohlanadi [88; 82-b.]. Asosiy zamonaviy kompetensiyalar bu umumiy bilim, ko‘nikma, malakalar, shuningdek, mustaqil faoliyat tajribasi va o‘quvchilarning shaxsiy mas’uliyatining yangi tizimidir [145]. Bizningcha, asosiy kompetensiyalar maktab o‘quvchilariga ta’lim mazmunini etkazib berish va ularning qabul qilishining aniq parametrlari bo‘lib xizmat qiladi.
Kompetensiyaga asoslangan yondashuv bilim, malaka va ko‘nikmalar hamda ularni qo‘llay olish qobiliyatlaridan tashkil topadi. Ta’limda kompetensiyali yondashuv orqali o‘quvchilar o‘zlashtirayotgan bilim, malaka va ko‘nikmalarni bir-biriga bog‘lash usullarini bilib olishadi va uni hayotda tatbiq etadi.
“Kompetensiya” atamasi pedagogika sohasi uchun nisbatan yangi atama bo‘lib, adabiyotlarda “kompetensiyali yondashuv” atamasi bilan bog‘liq holda uchratish mumkin. Zamonaviy ta’limda kompetensiyali yondashuv yo‘nalishi 1960 yillarning oxiri va 1970 yillarning boshlarida Amerikada, 1990 yillarning o‘rtalariga kelib Evropa va MDH hududlariga kirib keldi. Ko‘pgina olimlar tomonidan “kompetensiyali yondashuv” tushunchasiga turlicha ta’rif va fikrlar berilgan. SHu sababli ushbu tushunchaga bugungacha aniq ta’rif mavjud emas. Quyida “kompetensiyali yondashuv” tushunchasiga berilgan ta’riflarning ayrimlarini ko‘rib chiqamiz.
Izohli lug‘atda kompetensiya haqida shunday ta’rif beriladi: “Kompetensiya lotincha “compete” so‘zidan olingan bo‘lib, erishaman, muvofiqman, mos kelaman ma’nolarini anglatadi” [130]. O‘zlashtirilgan bilim, shakllangan ko‘nikma va hosil qilingan malakalarning yaxlit ko‘rinishi ham kompetensiya hisoblanadi. “Kompetensiya” atamasi jismoniy yoki yuridik shaxsga berilgan vakolat va huquq ma’nosida ham keladi.
T.A. Babakovaning fikricha, kompetensiya – mutaxassisning ma’lum bir sohada sifatli produktiv faoliyat olib borish uchun zarur bo‘lgan ta’limiy tayyorgarligiga qo‘yilgan talab.
Har bir davlat o‘z tuzilmasini tashkil etishda, har bir ijtimoiy qatlam vakillarini tanlashda ma’lum ma’nodagi ijtimoiy talablarni qo‘yadi va shu talablar asosida xodim va ishchilar qabul qilinadi. Davlat tomonidan belgilab berilgan ijtimoiy talab ham kompetensiya vazifasini bajaradi.
Rossiya Milliy ensiklopediya xizmatida qayd etilishicha “kompetensiya shaxsning murakkab, ta’limiy tuzilishi bo‘lib, u o‘zida shaxsning shunday inttellektual, irodaviy, kreativ, emotsional sifatlarini jamlaganki, ular faoliyatdan ko‘zlangan maqsadga uning o‘zgarib boruvchi sharoitida amalga oshuvini ta’minlaydi”. [129] Demak, kompetensiya shaxsning yuksak fazilatlaridan biri bo‘lib, kompetensiyaning shakllanishi ta’lim oldiga qo‘yilgan vazifaning bajarilish natijasi hisoblanadi.
Zamonaviy ta’limning oldida turgan vazifalardan biri yosh avlodda har tomonlama kompetentlikni shakllantirish bo‘lib hisoblanadi. Ushbu kompetentlikni shakllantirish ta’limni kompetensiyali yondashuvga moslash bilan amalga oshiriladi. Kompetensiyali yondashuvda o‘quvchilar, o‘qituvchilar asosiy o‘rin egallashadi. O‘qituvchilar bilimlarni nafaqat nazariy va amaliy, balki ushbu bilimlarni qo‘llay olish jihatidan ham tushuntirishlari, o‘rgatishlari zarur bo‘ladi va shu orqali to‘liq jarayonni, kasbni, dunyoni yaxlit tizimli ko‘ra olish, noodatiy muammo va topshiriqlarni hal qila olish qobiliyatlarini rivojlantirishlari mumkin bo‘ladi.
Insonning jamiyatdagi faoliyatida soha bo‘yicha qaror qabul qilish, qaror chiqarish, muammo echimini topish kabi sifatlarni ro‘yobga chiqaruvchi omil kompetentlikdir. Ushbu omil bilim, tajriba, fikrlash va layoqatlilikka asoslanadi. Kompetentlik kompetensiyaning moslashuvchanlik, hamkorlik xususiyatlarini ochib beradi.
Kompetentlik tushunchasi turli sohalarda sohalarda qo‘llaniladi, jumladan biznes, boshqaruv, davlat xizmatchisi, pedagog, ijodkor va h.k. Ushbu sohalarda shaxs o‘z professional tajribasini qo‘llay olishi, ishning mazmunini, uning tizimliligini anglashi, soha bo‘yicha o‘zining mustaqil fikrini ayta olishi, vaziyatni baholay olishi, maqsadiga erishishi uchun usul va vositalarni tanlay olishi kompetentlik sifatini belgilab beradi.
Kompetentlik professionallik, insonparvarlik, vatanparvarlik sifatlariga bog‘liq holda kelishi amalda tez-tez uchrab turadi. Insonning kompetentligini o‘zi faoliyat yuritadigan sohada, jamiyatda egallagan o‘rnida, atrof-muhitga bo‘lgan munosabatida, bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan o‘z fikriga egaligida, dunyoqarashining qay darajada shakllanganligida ko‘rish mumkin.
Kompetentlikning eng muhim jihati – shaxs umumiy madaniyatining yuksak darajasi bo‘lib, uning tashkil etuvchilari quyidagi rasmda keltirilgan Kompetensiya deganda shaxsning o‘z imkoniyatlari, soha doirasidagi bilim va tajribasini amaliyotda samarali qo‘llash qobiliyatining ajralmas belgisini tushunish mumkin.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi olimlaridan I.A. Zimnyaya asosiy muammolardan biri "kompetensiya" va "kompetentlik" tushunchalarini talqin qilish bilan bog‘liqligini ta’kidlaydi. Ushbu tushunchalar va ularning o‘zaro bog‘liqligi qanday aniqlanganiga qarab kompetensiyaga asoslangan yondashuvning mazmunini tushunish mumkin [58; 12-b.].
A.Y. Petuxov o‘z ilmiy ishida bir qator olimlarning “kompetensiya” atamasi haqidagi fikrlarini keltirib o‘tadi: “Demak, kompetensiya – inson amaliyotida bilim va harakat o‘rtasidagi munosabatlar sohasi” va “Kompetentlikga asoslangan yondashuv ta’limning amaliy yo‘nalishini sezilarli darajada mustahkamlashni nazarda tutadi”. Ushbu ikki atama bir- biridan farq qilishini ko‘pgina olimlar ko‘rsatib berishgan, ammo ular bir xil ma’no anglatishi to‘g‘risidagi fikrlar ham ilmiy nashrlarda mavjud.
"Kompetentlik" va "kompetensiya" atamalarini farqlashni o‘tgan asrning 60-yillarida boshlab berdi. Shu munosabat bilan I.A. Zimnyaya kompetensiyani bilimga, insonning intellektual va shaxsiy, ijtimoiy va professional faoliyatiga asoslangan deb ta’riflaydi [58; 13-b.].
Jahonda va mamlakatimizda tadqiqotchilar har xil faoliyat turlari uchun har xil kompetentlik turlarini ajratadi. Masalan, lingvistik kompetensiya (kompetentlik) doirasida xorijiy tillarni bilish darajasi belgilangan.
Pedagogika sohasida “kompetensiya” atamasi ta’lim olishning yakuniy natijasini ta’riflash uchun faqat XX asrning oxirgi choragida qo‘llash boshlandi (N.V. Kuzmina, L.M. Mitina, N.S. Shabligin va boshqalar) [88; 54- b.]. Bu paytda tadqiqotchilar turli sohalaridagi kompetensiya (pedagogik, kommunikativ, yuridik kompetensiya) haqida mulohaza yuritib, ularning har birida turli ko‘rinishlarni ajratishdi. Masalan, o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasi tarkibida N.V. Kuzmina uning besh ko‘rinishini farqlaydi [63; 62-b.]:
fan doirasidagi maxsus va kasbiy mahorat;
o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirish usullari bo‘yicha kompetensiya;
o‘quvchilarning qobiliyatlari, idroklarining rivojlanishi bo‘yicha psixologik kompetensiya;
inson shaxsiyatining afzalliklari va kamchiliklari bo‘yicha avtopsixologik kompetensiya.
A.K. Markova o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasi tarkibida to‘rtta blokni ajratadi [72; 7-b.]:
professional psixologik va pedagogik bilimlar;
kasbiy pedagogik mahorat;
talab qilinadigan professional psixologik holatlar;
o‘qituvchining kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun zarur bo‘lgan shaxsiy sifatlar.
I.A. Zimnyaya aytishicha, ta’lim islohotlari, o‘quvchilar muvaffaqiyatli ishlashi, keyingi oliy ma’lumot uchun egallashi kerak bo‘lgan asosiy malakalarni aniqlash muhimligi haqida savol tug‘ildi. [58; 19-b.] Pedagog olimlar tomonidan bildirilgan fikrlarga ko‘ra kompetensiya konsepsiyasi ko‘nikma, malaka, malaka, qobiliyat, mahorat kabi bir qancha tushunchalarga kiritilgan bo‘lsa-da, mazmun jihatidan hali aniq ta’riflanmagan. Ammo shunga qaramay, barcha tadqiqotchilar quyidagi fikrga qo‘shilishadi: haqiqatan ham "kompetensiya" tushunchasi "men nimani bilaman" maydoniga qaraganda "men qanday bilaman" konseptual maydoniga yaqinroq.
N.Z. Chomskiydan keyin V. Xutmaxer “foydalanish – amaldagi kompetensiya ...” deb ta’kidlaydi. Boshqacha aytganda kompetensiyaga asoslangan yondashuv, birinchi navbatda ta’limning amaliy, harakatlanuvchi tomonini ko‘rsatib beradi. Shaxsiy sifat, fazilat va xususiyatlarni o‘z ichiga olgan "kompetensiya" tushunchasiga asoslangan yondashuv ta’limning insonparvar qadriyatlari bilan bog‘liq holda yanada chuqurroq ta’riflanadi. Umumiy o‘rta ta’lim fanlari tarkibi, mazmunini modernizatsiya qilish strategiyasini ishlab chiquvchilarga ko‘ra kompetensiyaviy yondashuv konsepsiyasi nafaqat operatsion-texnologik va kognitiv komponentlarni, balki motivatsion, axloqiy, ijtimoiy komponentlar va xulq-atvorni ham o‘z ichiga oladi. U bilim, ko‘nikma va malakalarni, qadriyatlar tizimini, ma’naviy yuksalish darajasini, odatlar va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Kompetentlik malakaning tegishli tarzda namoyon bo‘lishi bilan izohlanadi.
Kompetensiyaning ta’lim bilan bog‘liq xususiyatlari haqidagi qarashlar A.B. Xutorskoy asarlarida o‘z ifodasini topgan. “Ta’lim kompetensiyasi – borliq ob’ektlariga nisbatan shaxsan va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlar, bilim, ko‘nikma va tajribaning yig‘indisi” [120; 38-b.]. Xutorskoy "kompetensiya" va "ta’lim kompetensiyasi" atamalarining farqli jihatlarini ko‘rsatib bergan. O‘quvchining kompetensiyasi – uning kelajakdagi tasavvuri, fanni o‘zlashtirish uchun tayanch nuqta. Ta’lim jarayonida o‘quvchi bunday muhim kompetensiyalarning ma’lum tarkibiy qismlarini ishlab chiqadi va hayotda o‘z o‘rinini topishi, hozirgi kunda professional raqobatga tayyor bo‘lishi, kelajakni qura olishi uchun ularni ta’lim nuqtai nazaridan o‘zlashtiradi.
Adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, hozirgi vaqtda ta’lim kompetensiyasi nafaqat tadqiqotchilar oldida turgan juda qiyin va noaniq hal qilingan vazifa, balki asosiy kompetentliklarning mazmunini, konsepsiyasini aniqlash, ularni farqlash va tasniflash vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi.
Shunday qilib, ta’lim kompetensiyasi o‘quvchiga yo‘naltirilgan ta’limning natijasidir, chunki u o‘quvchining shaxsiy xususiyatlarini bildiradi va faqat ma’lum harakatlar majmuasini bajarish jarayonida shakllanadi. Shu bilan birga ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilaridan harakat talab etilsa ta’lim ob’ekti uchun ob’ektiv yaratilgan modeldagi ta’lim mazmuni o‘quvchining individualligiga tegishli bo‘lgan “tirik” bilimga aylanadi. Ta’lim kompetensiyasining tarkibi, shu jumladan o‘quv fanlari darajasida ko‘rsatilgan. “Ta’lim dasturlarining majburiy minimal tarkibi”da, shuningdek, “Bitiruvchilarning tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar”da har bir o‘qish darajasi va har bir fan uchun uning elementlari aniqlanadi. Shunday qilib, kompetentliklar ba’zi ichki, potensial, yashirin psixologik neoplazmalar (bilimlar, g‘oyalar, harakat dasturlari (algoritmlari), qadriyatlar va munosabatlar tizimlari), ular keyinchalik shaxsning kompetentligida faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan haqiqiy bilim sifatida namoyon bo‘ladi [40; 23-b.]. Shunday qilib, maktabni kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirish uchun nafaqat ta’lim strategiyasi va texnologiyasini, balki o‘quvchilarning ta’lim natijalarini baholash usullarini ham o‘zgartirishi kerak [88; 94-b.].
Yurtimizda ham ta’limda qo‘llaniladigan kompetensiya xususida ko‘plab olimlar ish olib borishgan. Respublikamizda ta’limning uzluksizligi, tizimliligi, o‘quvchi shaxsi va qiziqishlari asosiy o‘rinda turishidan kelib chiqqan holda, ularning yosh xususiyatlariga mos ravishda quyidagi tayanch kompetensiyalar shakllantiriladi. Bular:
Kommunikativ kompetensiya — jamiyatda o‘z ona tilida yoki chet tilida muloqot qilish layoqatiga ega bo‘lish, muomala madaniyati talablariga amal qilish va jamoada samarali ishlay olish qobiliyatini shakllantirishni nazarda tutadi [131].
Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi — internet, kitob va jurnallar, ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalardan zarur axborotlarni izlay olish, ularni saralash, qayta ishlash, saqlash, ulardan samarali foydalana olish, axborotlarning daxlsizligini ta’minlash, axborot madaniyatiga ega bo‘lish qobiliyatlarini shakllantirishni nazarda tutadi [131].
O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi — shaxs o‘zining jismoniy, ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ sifatlarini o‘stirib borishi, kamolotga intilish, mustaqil o‘qib-o‘rganish, kognitivlik ko‘nikmalarini va hayotiy tajribani muntazam oshirib borish, o‘z xatti- harakatini muqobil baholash va mustaqil qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini egallashni nazarda tutadi [131].
Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi — ijtimoiy hayotda bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga nisbatan befarq bo‘lmaslik va ularda faol ishtirok etish, o‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilish, anglash, unga rioya qilish, mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala va huquqiy madaniyatga ega bo‘lish layoqatini shakllantirishni nazarda tutadi [131].
Milliy va umummadaniy kompetensiya — o‘z vataniga sodiq, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga muhabbatli bo‘lish, insonning ijodiy mahsulini, badiiy va san’at asarlarini tushunish, did bilan kiyinish, ijtimoiy-madaniy qoidalarga va sog‘lom turmush tarziga amal qilish layoqatini shakllantirishni nazarda tutadi [131].
Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi – shaxsiy, oilaviy, kasbiy va iqtisodiy rejalarni aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda tuza olish, ijtimoiy turmushda turli infografika, diagramma, gistogramma, chizma va modellarni o‘qiy olish, avtomatlashtirilgan, mehnat unumdorligini oshiradigan, insonlarga qulay shart-sharoit yaratadigan fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish va ulardan foydalana olish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi. Mazkur kompetensiyalar o‘quvchilarda umumta’lim fanlari orqali shakllantiriladi [131].
SHuningdek, har bir umumta’lim fanining mazmunidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarda fanga oid umumiy kompetensiyalar ham shakllantiriladi. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida informatika va axborot texnologiyalari o‘quv fanini o‘rganish bosqichlari ushbu rasmda o‘z aksini topgan [131]:
Axborotlarni qayta ishlash, uzatish va saqlash jarayonlarining zamonaviy usullari paydo bo‘lishi ushbu jarayonni o‘rganayotgan mutaxassislarning oldiga ma’lumotlarni mustaqil o‘rganish, ularni tahlil qila olish, saralash va to‘g‘ri ma’lumotlarni ajrata bilish qobiliyatlarini shakllantirish mas’uliyatini qo‘yadi.
Raqamli texnologiyalarining rivojlanishini ushbu texnologiyalarning soni, tezligi va qo‘llanish sohalari bilan baholash mumkin. Axborot hajmining ko‘payishi ishlab chiqarishning oshishiga bog‘liq bo‘lib, axborot hajmi to‘rt baravar ko‘payganda ishlab chiqarish ikki marta oshishiga olib keladi, buni AQSHda ishchilarning 75 foizi, Yaponiyada esa ishchilarning 80 foizi uni qayta ishlash bilan shug‘ullanishidan ham bilib olish mumkin. Zamonaviy texnologiyalarni amalda qo‘llash zarurati resurslar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan o‘qitishda foydalanishda zamonaviy o‘quvchidan quyidagi kompetensiyalar shakllanishini talab qiladi:
axborot bilan samarali ishlay olishi va boshqalar uchun tushunish oson bo‘ladigan axborotlarni yarata olishi;
ma’lumotlarni tahlil qilishda ushbu xususiyatlarga ega bo‘lishi: foydali axborotni foydasizdan, qimmatrog‘ini arzonrog‘idan ajratish qobiliyati;
keraksiz, sifatsiz, to‘liq bo‘lmagan, noto‘g‘ri yoki eskirgan axborotlardan saqlanishi;
Axborot madaniyatining yuqori darajasi shakllanishi lozim, bular: rivojlangan idrok, har qanday ma’lumot bilan malakali ishlash qobiliyati. Yuqoridagi sifatlarga ega bo‘lgan o‘quvchi zamonaviy ta’lim tizimining munosib bitiruvchisiga aylanadi va jamiyatda, axborot makonida kompetensiyalari professional darajada shakllangan shaxs sifatida rivojlanib boradi.
Zamonaviy ta’lim tizimida kompetensiyasi shakllangan bitiruvchilarni tayyorlashda pedagogika sohasi etakchi o‘rinda turadi. Ushbu sohaga yangi ta’riflarni kiritish va atamalarni yangicha tushunish, uning axborot texnologiyalari sohasidagi o‘zshgarishlar bilan integratsiyalashib borishi, moslashishi, ulardagi ma’nolarni bir-biri bilan chambarchas bog‘lab qo‘yadi. Soha bo‘yicha o‘qitish konsepsiyasida ko‘rsatilgan ta’lim kompetensiyalarini joriy etishning muhimligi bugungi kunda ushbu atamani ta’lim amaliyotida joriy etishning mumkin bo‘lgan variantlari to‘g‘risida keng muhokama qilingan.
Ta’lim jarayonida kompetensiyalarni joriy etish borasida muhim kompetensiyalar qatoriga informatika fanini o‘zlashtiriladigan fan sifatida tanish, uning mavzularini bilish, kompyuterni ishlata olish, internetdan ma’lumot izlay olish, ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri maqsadda foydalanish uchun bilim, ko‘nikma va malakalar majmui kiradi.
Aytib o‘tilgan fikrlarga tayanib shuni aytish mumkinki, “ta’lim kompetensiyasi” ta’lim mazmunining sifatli rivojlanishi bilan bog‘liq o‘quvchi shaxsining rivojlanish darajasi hisoblanadi. Ta’lim kompetensiyasi barcha ta’lim sohalarini qamrab oladi va ularni yaxlit tarkibga birlashtiradi.
Yuqorida tahlil qilingan adabiyotlarga asoslanib shuni aytish mumkinki, informatika va axborot texnologiyalari fani kompetensiyali yondashuv asosida o‘qitilsa o‘quvchilarning ushbu fanni o‘zlashtirishi, o‘qituvchilarning esa fanni o‘qitish jarayoni samarali bo‘ladi.