Navoyi viloyati davlat arxivi. Navoyi viloyati davlat arxivi O‘zSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1882-yil 20-apreldagi “Navoyi viloyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi ko‘rsatmasiga binoan tashkil etildi. Oliy Sovet Prezidiumining 1988- yil 6-sentyabrdagi “Navoyi va Samarqand viloyatlarini birlashtirish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi natijasida Navoyi viloyati davlat arxivi o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining1992-yil 27-fevralda №188 sonli qaroriga “Navoyi viloyatini qaytadan tashkil etishning masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Navoyi viloyati tashkil qilingach, Navoyi viloyati davlat arxivini tashkil etish asosiy kun tartibidagi masalaga aylandi. 1993-yil 7- yanvardagi Navoyi viloyati hokimining №01/3 sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida Navoyi viloyati davlat arxivini tashkil qilishning barcha tashkiliy masalalari ishlab chiqildi. Hozirda viloyat davlat arxivi Navoiy shahri, M.Tarobiy ko‘chasi, 107 a-uyda faoliyat yuritmoqda.
Namangan viloyati davlat arxivi.Namanganda arxiv ishi 1936-yilda davlat arxivi bazasi asosida tashkil etilgan. 1941-yili Namangan viloyati tashkil etilgach, viloyat davlat arxivi deb qayta nomlangan. 1960-yildan Andijon viloyati davlat arxivining Namangan shahar filiali sifatida faoliyat yuritgan. 1986-yilga kelib, Namangan viloyati davlat arxivi deb qayta nomlangan. Arxiv jamg‘armalarida Namangan viloyati siyosiy-iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy taraqqiyotiga oid sovet hukumati davrini yorituvchi hujjatlar jamlangan. Namangan viloyati arxiv jamg‘armalarida sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, milliy ozodlik harakati, sotsialistik qurulishning olib borilishi va Namangan viloyati, shahar, tuman ijroiya qo‘mitalari faolitiga oid turli hujjatlar mujassamlashgan.
Arxivning uezd yer-suv komissiyasi jamg‘armasida qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligiga oid 1925-1926-yillardagi yer-suv islohotlariga oid, qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish, kooperativlar tarixiga oid hujjatlar to‘plangan. Xalq ta’limi jamg‘armasida esa, madaniyat, kasaba uyushmalari, xalqning moddiy ahvoliga oid hujjatlar saqlanmoqda. Shuningdek, arxivning suratli hujjatlar jamg‘armasida yer-suv islohotlari, sanoat va xalq xo‘jaligi taraqqiyotini madaniy va ommaviy tarzda yoritilishiga oid hujjatlar mavjud. Hozirda viloyat davlat arxivi Namangan shahri, Bank ko‘chasi, 9-uyda faoliyat yuritmoqda.