Barmoqlarni yozuvchi uzun muskul (m. extensor digitorum longus) katta boldir suyagining lateral do‘ngi, suyaklararo parda va boldir fassiyasidan boshlanib, to‘rtta payga ajraladi, lateral tomondagi pay kanali orqali o‘tib, II–V barmoqlarning dorzal yuzalariga yopishadi. Bu muskulning pastki qismida (lateral tomondan) kichik muskul tutami ajraladi va m. peroneus fibularis (tertius) nomli muskul tutami V kaft suyagiga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Panja va barmoqlarni yozadi.
I n n e r v a t s i a s i: n. peroneus profunda (LIV–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. tibialis anterior.
Bosh barmoqni yozuvchi uzun muskul(m. extensor hallucis longus) kichik boldir suyagining medial yuzasi, suyaklararo pardadan boshlanib, pastda – retinaculum mm. extensorum inferius ostidan o‘tib, bosh barmoqning birinchi va ikkinchi falangalariga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Panjani va bosh barmoqni yozadi, oyoq kaftining ichki tomonini ko‘taradi.
I n n e r v a t s i a s i: n. peroneus profundus (LIV–V–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. tibialis anterior.
Orqa guruh. Bu muskullar yuza va chuqur qavat bo‘lib joylashadi.
Yu z a q a v a t. Boldirning uch boshli muskuli (m. triceps surae) boldir muskuli va kambalasimon muskuldan tuzilgan bo‘lib, teri ostida yuza joylashadi.
Boldir muskuli (m. gastrocnemius) ikki boshli bo‘lib, ular tizza bo‘g‘imi kapsulasi, katta boldir suyagining medial va lateral do‘ng o‘siqlaridan boshlanadi va boldirning o‘rtalarida kuchli payga aylanib, kambalasimon muskul payiga qo‘shilgan holda tanada eng kuchli tovon payi (Axill payi – tendocalcaneus Achillis1) nomi bilan tovon suyagi o‘sig‘iga yopishadi.
Kambalasimon muskul(m. soleus) boldir muskulining ostida joylashgan bo‘lib, kichik boldir suyagining tepa qismidan boshlanadi. Uning muskul qismi boldirning o‘rtalarida payga aylanib, tovon payiga qo‘shiladi hamda tovon suyagining o‘sig‘iga yopishadi.