Tovon (oyoq kafti) muskuli (m. plantaris) son suyagining taqim yuzasidan, tizza bo‘g‘imi kapsulasidan boshlanib, so‘ngra uzun payga aylanadi va pastda tovon suyagining do‘mbog‘iga yopishadi. Bu muskul ba’zan uchramaydi.
F u n k s i y a s i. Bu muskullar tizza bo‘g‘imini bukadi, bo‘g‘im kapsulasini tortadi. Oyoq kaftlarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Odamning tik turishini ta’minlaydi.
I n n e r v a t s i a s i: n. tibialis (LV–SII) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. tibialis posterior.
Chuqur qavat. Barmoqlarni bukuvchi uzun muskul (m. flexor digitorum longus) katta boldir suyagining orqa yuzasidan boshlanib, boldirning pastki qismida to‘rtta payga bo‘linadi va II–V barmoqlarning distal falangalariga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Oyoq panjasini va II–V barmoqlarni bukadi, boshqa muskullar hamkorligida oyoq uchida turishda qatnashadi. Odam yurganda barmoqlarni bukadi.
I n n e r v a t s i a s i: n. tibialis (LV–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. tibialis posterior.
Katta boldir orqa muskuli(m. tibialis posterior), boldirning orqa yuzasida chuqur joylashgan bo‘lib, boldir suyaklari, suyaklararo membranadan boshlanadi, qayiqsimon suyakning – tuberositas ossis navicularis va ponasimon suyakka, II–IV oyoq kaft suyaklariga yopishadi.
F u n k s i y a s i. Oyoq panjasini bukadi. Oyoqning kaft yoyini saqlaydi.
I n n e r v a t s i a s i: n. tibialis (LV–SI) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. tibialis posterior.
Bosh barmoqni bukuvchi uzun muskul(m. flexor hallucis longus) ikki patli bo‘lib, kichik boldir suyagi orqa yuzasining pastki qismi va suyaklararo pardadan boshlanib, payi oyoq kaftida joylashgan shu muskul nomidagi egat orqali bosh barmoqning tirnoq falangasiga borib yopishadi.
F u n k s i y a s i. Bosh barmoqni bukadi.
I n n e r v a t s i a s i: n. tibialis (LIV–SII) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. tibialis posterior, a. peronea.