Oyoq kaftining kvadrat muskuli (m. quadratus plantae yoki m. flexor accessorius) tovon suyagidan ikki bosh bilan boshlanib, m. flexor digitorum longus payining lateral chetiga yopishadi. Kichkina to‘rtburchak shaklga ega, panjalarni bukuvchi uzun muskul uning qo‘shimcha boshchasi hisoblanadi. Pastdan oyoq panjasini bukuvchi kalta muskul bilan, yuqoridan lig. plantare longum va bosh barmoqqa yaqin-lashtiruvchi muskulning qiyshiq boshi bilan chegaralanadi.
F u n k s i y a s i. Barmoqlarni bukishda m. flexor digitorum longus ga yordam beradi.
I n n ye r v a s i ya s i: n. plantaris (SI–II) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. plantares lateralis.
Oyoq panjasining chuvalchangsimon muskullari (mm. lumbricales) m. flexor digitorum longus va to‘rtta payning medial hamda bir-biriga qaragan yuzalaridan boshlanib, II–V barmoqlarning birinchi falangalariga yopishadi.
F u n k s i y a s i. II–V barmoqlarni bukib, medial tomonga tortadi.
I n n e r v a t s i y a s i: nn. plantaris lateralis et medialis (SI–II) dan.
Q o n t o m i r l a r i: a. plantaris lateralis.
Suyaklararo muskullar (m. interossei). Oyoq panjasi kaft tomonining chuqur qavatida, ossa metatarsi orasida joylashgan. Suyaklararo muskullar ikki guruhga bo‘linadi. To‘rttasi oyoq panjasining ustki (dorzal) tomonida (mm. interossei dorsales), uchtasi kaft sohasida (mm. plantares) o‘rnashgan.
F u n k s i y a s i. mm. interossei plantares lar III, IV va V barmoqlarni medial tomonga, mm. interossei dorsales lar esa II, III va IV barmoqlarni lateral tomonga tortadi.
I n n e r v a t s i y a s i: n. plantaris lateralis (SI–II) dan.
Q o n t o m i r l a r i: Arcus plantaris, aa. metatarsae plantares.
OYOQ FASSIYALARI
Oyoqda yuza (fascia superficialis) va chuqur (fascia profundus) fassiyalar tafovut qilinadi. Oyoqning yuza fassiyasi gavdaning boshqa yerlaridagi yuza fassiyalar kabi teri ostida joylashib, oyoqning barcha muskullarini teridan keyin o‘rab turadi. Sonning chuqur va serbar fassiyasi (fascia lata) qalin va pishiq bo‘lib, tepada dumba sohasida (fascia glutea), pastda son va boldirga o‘tib ketadi.
Sonning serbar fassiyasi sonning lateral tomonida yanada qalinlashib, yonbosh suyagi bilan sonning lateral ko‘st o‘sig‘i oralig‘ida taranglashadi va tractus iliotibialis qismini paydo qiladi. Son fassiyasining yuza varag‘i sonning uchburchak (trigonum femorale) sohasida, chov boylami ostida ovalsimon teshik yoki teri osti yirtig‘i (hiatus saphenus)ni hosil qiladi. Hiatus saphenusning yoni o‘roqsimon qirrasiga margo falciformis deyiladi va tepa shoxi (cornu superius) chov boylamiga birikadi, pastki shoxi (cornu inferius) sonning chuqur fassiyasiga o‘tib ketadi. Hiatus saphenus g‘alvirsimon plastinka (lamina cribrosa) bilan qoplangan bo‘lib, undan v. saphena magna o‘tib, son venasiga qo‘shiladi. Bundan tashqari, fossa ovalis da limfa tomirlari, teri osti yog‘ qatlami joylashadi. Fassiyaning chuqur varag‘i taroqsimon muskul, bel-yonbosh muskullarini qoplaydi, unga yonbosh-taroqsimon fassiya (fascia iliopectineus) deyiladi. Bu ikki muskulning joylashgan yeri bir oz chuqurroq (fossa iliopectinea) bo‘lib, u yerda son arteriyasi va venasi joylashadi.
Son serbar fassiyasining medial va lateral tomonidan muskullararo to‘siq (septum intermusculare laterale et mediale) chiqib, son suyagining ikki tomoniga yopishadi. Shunday qilib, sonning serbar fassiyasi oldingi medial va orqa guruh muskullarini alohida-alohida qin hosil qilib o‘raydi. Medial tomondagi muskullararo to‘sig‘i (septum intermusculare mediale) sonning to‘rt boshli muskulini sonni yaqinlashtiruvchi muskullardan ajratsa, lateral tomondagi muskullararo to‘siq (septum intermusculare laterale) sonning to‘rt boshli muskulini orqa muskullardan ajratadi.
Bundan tashqari, sonning hususiy fassiyasi har bir muskulni qin hosil qilib o‘rab turadi. Sonning keng fassiyasi sonning lateral tomonida qalinlashib, yonbosh, katta boldir suyagi oralig‘ida taranglashadi. Bunga yonbosh katta boldir yo‘li tractus iliotibialis deb ataladi.
Sonning yuza fassiyasi bilan chuqur fassiya oralig‘ida vena qon tomirlari va nerv tolalari joylashgan.
Boldir fassiyasi sonning serbar fassiyasi davomi bo‘lib, boldir sohasida oldingi, orqa va lateral guruh muskullarini qin hosil qilib o‘raydi.
Boldir fassiyasi (fascia cruris) katta boldir suyagining oldingi qirrasi bilan medial yuzasining suyak ustki pardasiga yopishgan bo‘lib, oldingi lateral va orqa guruh muskullarini muskullararo to‘siq (septum intermusculare) lar orqali bir-biridan ajratib, ularni mustahkam o‘rab turadi. Bundan tashqari, septum intermusculare anterius cruria kichik boldirning uzun va kalta muskullarini alohida qin hosil qilib o‘raydi. Orqadagi muskullararo to‘siq (septum intermusculare posterius crucis) esa boldirning orqa guruh muskullarini kichik boldir muskullaridan ajratib turadi. To‘piq sohasida qalinlashib, ko‘ndalang joylashgan old va orqa tasmani hosil qiladi.
Tepadagi ushlagich tasmalar (retinaculum mm. extensorum superius) boldirning old guruh muskul paylarini ushlab turadi. Bu tasmadan pastroqda (oshiq-boldir bo‘g‘imi ro‘parasida) yozuvchi muskullarning ikkinchi pastki tasmasi (retinaculum mm. extensorum inferius) joylashgan. Bu tasmalar o‘z navbatida muskul payi o‘tishiga moslashgan to‘rtta kanalchani hosil qiladi. Eng chekkada joylashgan keng kanalchadan m. extensor digitotum longus va m. peroneus tertius paylari o‘tadi. Ikkinchi kanaldan – m. extensor hallucis longus, uchinchi kanaldan (bosh barmoq tomonda) m. tibialis anterior o‘tadi.
Muskul paylari sinovial qinlar (vagina synovialis) bilan o‘ralgan. To‘rtinchi kanal o‘rta kanalning orqasida joylashgan bo‘lib, undan a. et v. dorsales pedis n. peroneus profundus o‘tadi. Bundan tashqari, to‘piqlar orasida boldir fassiyasi qalinlashib, tasma hosil qiladi. Jumladan ichki to‘piq tasmasi (retinaculum mm. flexorum) ostidan m. flexor digitorum longus va m. flexor hallucis longus paylari to‘piqni aylanib o‘tadi. Bu kanal yuzasida a. tibialis posterior va n. tibialis lar uchun maxsus kanal joylashgan.
Tashqi to‘piq orqasida boldir fassiyasi qalinlashib, retinaculum mm. peroneorum superius et inferius ni hosil qiladi, undan mm. peronei longus et brevis paylar o‘tadi. Ushbu tasmalar ostidan oyoq panjalariga boruvchi muskul paylari qinlarga o‘ralgan bo‘ladi. Bu pay-qinlar muskul paylarini ishqalanishdan saqlab turadi. Oyoq panjasi ustidan fassiya (fascia dorsalis pedis) juda yupqa bo‘lib joylashadi, ostki (kaft) sohasida esa qalinlashib, kaft aponevrozi (aponeurosis plantaris) ni hosil qiladi. Bu aponevroz orqadan m. flexor digitorum brevis ga yopishsa, old tomonda bo‘linib, beshta barmoqqa boradi (240, 241, 242, 243, 244- lar).
Dostları ilə paylaş: |