3.1. Haydar Xorazmiy shaxsiyatiga oid ma’lumotlar. XIV asr oxiri - XV asr boshlarida yashab ijod etgan shoirdir. Adibning shaxsiy hayoti, oilasi va kelib chiqishi haqida ma`lumotlar deyarli yo’q. Shunga qaramay, bir qancha asarlarda berilgan ayrim ma`lumotlar va o’z asarlaridagi faktlarga suyangan holda ba`zi xulosalarga kelishimiz mumkin bo’ladi. Xususan, Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois» va «Muhokamat ul-lug’atayn» asarlarida, Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro»sida shoir haqidagi ba`zi ma`lumotlar uchraydi. «… ularda shoirning noyob iste`dod sohibi ekanligi qayd etilib, turkiy va forsiy tillarda yaxshi she`rlar bitganligi, Amir Temur nabiralaridan Iskandar Sheroziyga bag’ishlab, Nizomiy Ganjaviyning «Maxzan ul-asror» (,,Sirlar xazinasi’’) dostoniga javoban turkiy tilda g’azal, ijodiy doston yozganligi e`tirof etiladi.»12 «Majolis un-nafois» asarida tilga olingan 459 ta shoirlardan biri Haydar Xorazmiydir. Tazkiraning «Sulton Iskandar Sheroziy» faslida Sulton Iskandar saroyiga aloqador shoirlar qatorida Haydar Xorazmiy zikri ham keltirilgan: «Sulton Iskandar Sheroziy ham (Temurga) nabiradur. Saltanat tajammulini, derlarkim, salotindin o’zi ancha qilmish bo’lgay. Etti yo sakkiz yillik saltanatida go’yoki ganj topibdur. Mavlono Haydar turkigo’y aning modihi ekandur. Bu aning masnaviysidindurkim:
Himmat elidur yadi bayzo degan,
Er nafasidur dami Iso degan».13 Davlatshoh Samarqandiy shunday yozadi: «Sulton Iskandar hukmronligida fozil kishilardan Mavlono Natanziy va Mavlono Haydarlar bor ekan. Mavlono Haydarning turkiy va forsiy tillarda bitgan yaxshi shе'rlari bor va u Nizomiyning «Maxzan-ul-asror»iga o’zbеk tiliga javob yozib shahzoda Iskandar otiga bag’ishladi».
Ayrim manbalarda shoirni og’ir vaziyatda hayot kechirganligi haqidagi fikrlar mavjud. Bunda asosan, «Maxzan ul-asror» muqaddimasidagi «Musannifning vasful holi» degan mungli va alamli misralarni14 misol tariqasida keltiradilar:
Bir kecha g’am birla edim hamnafas
Minus-u damsozim ul erdi-yu bas.
Ko’z yoshidin boda, bag’irdin kabob
Dardi dilim nuql-u, fig’onim – rubob…
Umr o’tib ko’rmayin uyquda tush,
Nolalarimdin uyumay qurt-u qush.
Charxi falak tashna bo’lib qonima,
Dunyai dun qasd qilib jonima
Sabr binosini bakulliy buzib,
Hosili yo’q umrdin ummid uzub.15 Garchi bir qancha manbalarda shoirning lirik merosi xususida ma`lumotlar bo’lishiga qaramay, bizgacha saqlanib qolmagan yoki hanuz noma`lumligicha qolmoqda. Haydar Xorazmiydan bizga qadar faqat ikki masnaviy ya`ni doston saqlanib qolgan. Ularning birinchisi 1409-yilda Nizomiy Ganjaviyning «Maxzan ul-asror»iga javoban bitilgan dostoni bo’lsa, ikkinchisi 1411-yilda yaratilgan hamda XX asrning oxirlariga kelib Haydar Xorazmiyga tegishli ekanligi aniqlangan «Gul va Navro’z» dostonidir.
Haydar Xorazmiy har ikkala dostonini ham Sulton Iskandarga bag’ishlagan. «Maxzan ul-asror» syujeti va g’oyaviy yo’nalishi jihatidan ham Nizomiy dostoniga yaqin, vazni ham bir xil – aruzning sare` bahrida yozilgan»16. Doston falsafiy-ta`limiy mavzuda. Asarning nomlanishi xususida turli qarashlar, fikrlar mavjud. Alisher Navoiy va Davlatshoh Samarqandiylar asarni janriga qarab masnaviy (doston) deb ataydi, aniq nomini keltirmaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur esa «Risolai aruz» da «Gulshan ul-asror» deya ataydi.