SO‘ZBOSHI
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligi
to‘g‘risida qonun e’lon qilinganligi ulkan tarixiy voqea bo‘ldi.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da ta’kidlanganidek, ta’lim-
tarbiyaning asosiy maqsadi «yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob
beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash»dir. Asosiy vazifamiz yuqori
malakali kadrlar tayyorlash ekan, bu kadr qaysi millat vakili bo‘lmasin, o‘zi
yashayotgan vatani, davlat tilini mukammal bilishi kerak. Mustaqil
davlatimizda o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeyi tobora ortib borayotganligi, ish
yuritishda to‘liq davlat tiliga o‘tilayotganligi barcha mutaxassislarning
millatidan qat’i nazar, o‘zbek tilini puxta egallashlarini taqozo etmoqda.
Kishi o‘z fikrini aniq va ravon ifodalashi uchun tildagi uslublardan ham
xabardor bo‘lishi, kundalik so‘zlashuv tilidan tashqari, rasmiy ish yuritish tilini
ham bilishi kerak.
Ish yuritishning bevosita asosini hujjatlar tashkil qiladi. Mazmunan,
hajman va shaklan xilma-xil bo‘lgan hujjatlar katta-yu kichik mehnat
jamoalarining, umuman, kishilik jamiyatining uzluksiz faoliyatini tartibga solib
turadi.
Qo‘llanmada ish yuritish hujjatlarining o‘ziga xos xususiyatlari, turlari,
umumiy uslubiy tomonlari hamda idoraviy ish yuritish tili, shuningdek,
boshqaruv hujjatlarining zaruriy qismlari va ularni rasmiylashtirish, blanka
(bosma ish qog‘ozlari) hujjatlari ko‘rsatildi. Shuningdek, hujjatlarning
namunalari, har bir mavzudan so‘ng topshiriqlar, qo‘llanma oxirida bilimlarni
mustahkamlash uchun test topshiriqlari berildi.
Qo‘llanma kimyo-texnologiya instituti talabalari uchun ishchi o‘quv
dasturiga muvoviq tuzilgan. Bundan tashqari, ish yuritish haqida ma’lumotga
ega bo‘lishni istaganlar ham foydalanishlari mumkin.
|