O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi fanining boshqa fanlar bilan aloqasi: O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi fani ijtimoiy-gumanitar fanlar blokining bir qismiga kiradi. Shu sababli u shu blokdagi boshqa fanlar bilan bevosita aloqada.
O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi fani, avvalo, til fani bilan bog'liq bo'lib, ilmiy nutq ilmiy uslub talabiga muvofiq aniq, lo‘nda, ixcham, mantiqli va ishonarli bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Ilmiy uslub tili umumiste’moldagi adabiy tildan ajralmagan holda ishlatiladi, ya‘ni o‘zbek adabiy tili qonun-qoidalariga rioya qiladi. Ilmiy ommabop uslubga xos materiallar huquqiy mazmunga ega bo‘lishi mumkin. Ularning mohiyati, tayyorlanishi jamiyatdagi huquqiy me'yorga rioya qilishi huquqshunoslik bilan aloqada ekanligini ko‘rsatadi. Ma’lumki, hayotda turli yo‘nalishlar, ixtisosliklar mavjud. Har sohada umum bo'lgan til birliklaridan tashqari o‘ziga xos, biri ikkinchisida ishlatilmaydigan terminlar mavjud. Ularni o‘rganish ham ushbu fanning maqsadi va vazifasi. Shu jihatdan qaraganda O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi fani ixtisoslik fanlari bilan ham aloqada ekanligi kelib chiqadi.
Til va tafakkur. Til va ma’naviyat: Tabiat va jamiyat mahsuli bo‘lgan inson, ayni paytda, ularning oliy namunasi ham sanalib, olamni narsa va predmet shaklida, voqea va hodisa tarzida ongida aks ettiradi, idrok qiladi, fikrlaydi. Bu jarayonda muhim vosita hisoblangan tilning ahamiyati g‘oyatda muhimdir. Shuning uchun ham til va tafakkurni bir-biridan alohida tarzda tasavvur qilib bo‘lmaydi.
«Til bilan tafakkur birbirini taqozo etadigan ajralmas hodisadir. Tilsiz tafakkur bo‘lmaganidek, til ham tafakkursiz bo‘lmaydi» Tilning inson uchun fikrlash vositasi bo‘lishi, moddiy asos sifatida xizmat qilishi uning amalda bo‘lishidagi birinchi bosqich hisoblanib, ikkinchi bosqichda fikr, tafakkur mahsuli reallashadi, ya’ni u miyadan tashqariga chiqadi. Shunday qilib, ikkinchi bosqichda til kommunikativ - aloqa vazifasini bajarishga kirishadi.
Til insonlar o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lishi, tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar to‘g‘risida xabar berishdan tashqari suhbatdosh yoki tinglovchiga ma’lum ta’sir o‘tkazish, hissiyotini qo‘zg‘atish kuchiga ham ega. Agar bu holatni shartli ravishda beshinchi bosqich deb ataydigan bo‘lsak, ta’kidlaganimizdek, tilning bosqichma-bosqich takomillashib, mukammalashib va imkoniyatlari ham astasekinlik bilan kengayib borishini kuzatamiz. Mana shu o‘rinda tilning hyech bir imkoniyati nutqsiz, nutqiy jarayonsiz amalga oshmasligi, yuzaga kelmasligiga ham amin bo‘lamiz.
«Til va tafakkurning birligi nutqda o‘z ifodasini topadi. Nutq og‘zaki va yozma holda mavjud bo‘lib, unda fikrimiz moddiy shaklga, ya’ni hissiy idrok etiladigan shaklga kiradi va shu tariqa u endi bir shaxsga emas, balki jamiyatga tegishli bo‘lib qoladi». Ma’lum bo‘ladiki, til nutqning o‘ta muhim unsuri sifatida aloqa, xabar, ta’sir etishdek, shu bilan birga, imkoniyatlari nihoyatda kengayib borishi natijasi o‘laroq kishilik jamiyati to‘plagan tajriba va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazishdek ulug‘vor ijtimoiy vazifani bajaradi.
O‘z shakllanishi va rivojlanib borishi davomida uzoq tarixiy yo‘lni bosib o‘tadigan til asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, takomillashib ham boradi. Bu holni uning ichki qurilishida, amalda bo‘lish qoidalarining ma’lum bir tizimga kela borishida kuzatamiz. «Ichki qurilish nuqtai nazardan til ma’lum miqdordagi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan til birliklarining yig‘indisi va ana shu birliklardan foydalanish qoidalaridan tashkil topgan murakkab sistemadir» Nutq tilning namoyon bo‘lishi, ro‘yobga chiqish, voqyelanish shakli bo‘lib, u bevosita kuzatishda berilgan, moddiy (tabiiy, fizik) shaklga egadir.