Tafakkur tarzining o‘ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat?
Tafakkur tarzining ilmiy bilimlar kategorial asosiga munosabati qanday?
Stixiyali tafakkur tarzi nima?
Qat’iy determinizmga asoslangan tafakkur tarzining o‘ziga xosligi nimada?
Ehtiqoliy (statistik) tafakkur tarzi nima?
Dialektik tafakkur tarzining mohiyati nimada?
MANTIQ TARIXI
19-BOB. QADIMGI YUNONISTONDA MANTIQQA OID BILIMLARNING ShAKLLANIShI Mantiq masalalari, dastlab, Parmenidning “Tabiat to‘g‘risida” asarida, Eleylik Zenonning aporiyalarida, Geraklit ta’limotida muayyan darajada ko‘rib chiqilgan. Aristotelgacha bo‘lgan mantiqiy ta’limotlar ichida Demokritning mantiqiy ta’limoti, Sokratning induktiv metodi va Platonning dialektikasi diqqatga sazovordir.
Demokrit (er.av. 460-370) mantiqiy ta’limotida fikrning chinligi muhim o‘rin tutadi. U ko‘proq induksiya va analogiyaga e’tibor beradi. Haqiqatni bilish uchun yakka buyumlarni kuzatish, his qilish orqali umumlashtirish zarur deb ta’kidlaydi. Mulohazani subyekt va predikatning o‘zaro aloqadorligi deb ta’riflaydi. U yetarli asos qonunini ontologik tushuntiradi. Demokritning mantiqiy ta’limoti Aristotel va F.Bekon ta’limotlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Sokrat va sofistlarda ratsional muhokama yuritish. Mayevtika Sokrat (er.av. 469-399) ta’limotiga ko‘ra, buyumlarning mohiyatini bilib bo‘lmaydi. Inson, avvalo, o‘z-o‘zini bilishi kerak. “Bilim” umumiylik to‘g‘risidagi tushunchadir. Haqiqatni aniqlash uchun o‘ziga xos usul darkor. Bu usul vositasida o‘rganilayotgan buyum haqida umumiy tushunchaga asoslanib fikr yuritiladi. Haqiqatni aniqlash uchun muxolif fikridagi ziddiyatlar o‘rganiladi. Predmet haqidagi tushunchalar ziddiyatli bo‘lsa, demak, bilim yuzaki bo‘ladi. Sokrat haqiqatni aniqlashda induksiya va definitsiyadan foydalanishni tavsiya etadi. Induksiya – kundalik hayotdagi yakka misollar asosida umumiy tushunchalarni hosil qilishdir. Definitsiya bahs jarayonida tushunchalarni ta’riflashdir. Bu usulni Sokrat “mayevtika” deb ataydi.
Platon (er.av. 427-347) ustozi Sokratning umumiy tushunchalar buyumlarning mohiyatini ifodalaydi degan fikrini davom ettiradi. U umumiy tushunchalarni buyumlardan va insonlardan ajralgan mutlaq g‘oyalar sifatida talqin qiladi, ularni birlamchi deb qabul qiladi. U mulohazani tafakkurning asosiy elementi deb biladi. Mulohaza ega va kesimning birligidan iborat bo‘lib, tasdiq yoki inkor ma’nosini bildiradi. Agar mulohazada birlashishi mumkin bo‘lmagan tushunchalar birlashtirilsa, u xato bo‘ladi. Mulohazalarni tashkil etuvchi tushunchalarni Platon piramida shaklida tasvirlaydi. Piramidaning uchiga ezgulik tushunchasini qo‘yadi. “Borliq”, “o‘zgarish”, “sukunat”, “ayniyat”, “tafovut” tushunchalarini eng universal tushunchalar deb ta’riflaydi. Chin bilimga intuitsiya orqali erishiladi. Platon definitsiya masalasiga katta e’tibor bergan, yaqin jins va tur belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash usulini, tushunchalarni dixotomik bo‘lishni bilgan. Uning “Parmenid”, “Sofist”, “Teetet” dialoglarida mantiq masalalari ishlab chiqilgan.
Platon to‘g‘ri tafakkurlashning asosiy qonunlarini ta’riflab bermagan bo‘lsa ham, ularning mohiyatini tushungan. Masalan, “kontradiktor” tushunchalar, mulohazalar, bir vaqtda va bir xil munosabatda bir buyumga nisbatan chin bo‘la olmasligini ta’kidlagan. “Evtidem” dialogida “bir narsaning ham bo‘lishi, ham bo‘lmasligi mumkin emas” degan fikri uning nozidlik qonunini bilganligidan dalolat beradi.