Tafakkur qonunlarining obyektivligi va universalligi nimada?
Ayniyat qonunidan kelib chiqadigan asosiy talab nimadan iborat?
Nozidlik qonunining mohiyati nimada? Uning obyektiv ziddiyatlarga bo‘lgan munosabati qanday?
Uchinchisi istisno qonuni fikr yurituvchi subyekt oldiga qanday talabni qo‘yadi? Bu qonun qanday mulohazalarga nisbatan amal qiladi?
Yetarli asos qonuni o‘zida to‘g‘ri muhokama yuritish uchun zarur bo‘lgan qanday talabni ifoda etadi? U xulosa chiqarish, argumentlashda qanday ahamiyatga ega?
Til tafakkur bilan uzviy bog‘langan, fikrimizning bevosita mavjud bo‘lishini ta’minlaydigan va kishilar o‘rtasida aloqa o‘rnatishga xizmat qiladigan axborot belgilari tizimidan iborat. Tilni o‘rganish mantiq fanining muhim vazifalaridan biri. Ma’lumki, tafakkur olamni mavhumlashtirib va umumlashtirib aks ettiradigan ideal hodisadir. Mavhum narsalarni, umumiylikni faqat til yordamidagina qayd etish mumkin.
Til va tafakkurning birligi nutqda o‘z ifodasini topadi. Nutq og‘zaki va yozma holda mavjud bo‘lib, unda fikrimiz moddiy shaklga, ya’ni hissiy idrok etiladigan shaklga kiradi va shu tariqa u endi bir shaxsga emas, balki jamiyatga tegishli bo‘lib qoladi.
Til kishilarning ijtimoiy mehnat faoliyati negizida vujudga kelgan va rivojlana borgan. Ana shuning uchun ham u chuqur ijtimoiy mazmunga ega hamda madaniyatimiz va tariximizning muhim bir qismini tashkil etadi.
Til yordamida bilimlar hosil qilinadi, to‘planadi va bir avloddan boshqa avlodga yetkazib beriladi. Shu tariqa u ta’lim va tarbiya ishlarini amalga oshirishga, madaniyatimizni taraqqiy ettirishga yordam beradi.
Belgi bilish jarayonida boshqa bir predmetning vakili vazifasini bajaruvchi hamda u haqida ma’lum bir xabarlar berish, uni saqlash, qayta ishlash va uzatishga imkoniyat yaratuvchi moddiy predmetdir. Har qanday belgi ham til belgisi bo‘la olmaydi. Tilga aloqasi bo‘lmagan belgilar qatoriga nusxa-belgilar (masalan, fotografiya kartochkasi, barmoq izi va shu kabilar), indeks-belgilar yoki ko‘rsatuvchi belgilar (masalan, badan haroratining ko‘tarilishi – kasallik belgisi, tutun – olovning belgisi va shu kabilar) kiradi.
Til belgisi simvol-ramzlar shaklida mavjud bo‘lib, o‘zi ifoda qiladigan predmetlar bilan tuzilishiga ko‘ra hech qanday o‘xshashlikka ega emas. Mantiq o‘z e’tiborini ana shunday til belgilarini o‘rganishga qaratadi.
Til belgilari o‘z ma’nosiga va mazmuniga ega. Til belgisining mazmunini u ifoda qilayotgan, ko‘rsatayotgan obyekt tashkil etadi. Masalan, “auditoriya” so‘zi real mavjud obyektni – auditoriya’ni aks ettiruvchi fikr mazmunini ifoda etadi. Til belgisining ma’nosini esa u ifoda qilayotgan obyektning xarakteristikasi (tavsifi) tashkil etadi. Masalan, “Auditoriya” so‘zining ma’nosini “mashg‘ulot o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xona”, “maxsus xona” va shu kabi ekanligi haqidagi axborotlar tashkil etadi.
Belgilarning bilishdagi vazifasini o‘rganishga Arastu, Leybnis kabi mutafakkirlar katta e’tibor berganlar. Belgilar haqidagi ta’limotni taraqqiy ettirish XIX asrda aktual masalaga aylangan. Mana shu davrda amerikalik faylasuf Charlz Pirs (1839-1914 y.y.) belgilar haqidagi fan – semiotikaga asos solgan. Bu fan til belgisini uch xil yo‘nalish bo‘yicha tahlil qiladi. Birinchisini semantikatashkil qilib, belgi bilan u ifoda qilayotgan obyekt o‘rtasidagi munosabatni o‘rganadi. Ikkinchisi pragmatika bo‘lib, u kishilarning belgilarga munosabatini hamda belgilar yordamida kishilar o‘rtasida vujudga keladigan munosabatlarni o‘rganadi. Uchinchisi, sintaksis deyilib, u belgilar o‘rtasidagi munosabatlarni (tilni qurish qoidalarini) o‘rganadi. Mantiq fanini ko‘proq til belgilarining semantikasi qiziqtiradi.