Ta’riflash (yoki definitsiya) tushunchaning mazmunini ochib beradigan mantiqiy amaldir. Ta’rif aniqlanuvchi va aniqlovchi qismlardan tashkil topadi. Aniqlanuvchi qismning mazmuni ochib berilishi lozim bo‘lgan tushuncha, aniqlovchi qismni esa, aniqlanuvchi tushunchaning mazmunini ochib beruvchi tushunchalar tashkil etadi. Masalan, “mantiq to‘g‘ri tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganuvchi falsafiy fandir”, degan ta’rifda “Mantiq” aniqlanuvchi qismni, qolganlari esa aniqlovchi qismni hosil qiladi. Ta’riflash bilishda quyidagi asosiy vazifalarni hal qilishda yordam beradi: 1) tushunchada aks etuvchi predmetning muhim belgilarini ko‘rsatadi; 2) tushunchani ifoda qiluvchi so‘zning (terminning) ma’nosini ochib beradi; 3) termin hosil qilishga imkon beradi. Yuqoridagi vazifalardan qaysi biri hal qilinishiga qarab, nominal va real ta’riflar farq qilinadi.
Nominal ta’rif til simvollarini qo‘llashga doir kelishuv yoki qarordan iborat. Nominal ta’riflar mavjud bilimlarimizni kengaytirmasa ham ilmiy tadqiqotlarda quyidagi sabablarga ko‘ra foydalidir:
Eski simvollarning butun bir guruhi o‘rnida yangi va sodda simvoldan foydalansak, o‘rinni, vaqtni, e’tiborni yoki aqliy energiya’ni tejaymiz.
Tanish terminlarni notanishlariga o‘tkazish, g‘oyalarimizning aniqlashtirilishiga olib keladi, chunki bizning qo‘llayotgan simvollarimizni tasodifiy va norelevant assotsiatsiyalardan (birlashmalardan) qutqaradi3.
Nominal ta’riflar yordamida predmetni tasvirlovchi murakkab ifodalar yangi termin bilan almashtiriladi hamda uning ma’nosi aniqlanadi. Masalan, “Mantiq grekcha “logos” so‘zidan olingan bo‘lib, tushuncha, fikr, so‘z, qonuniyat kabi ma’nolarga ega”, desak, “mantiq” tushunchasiga nominal ta’rif bergan bo‘lamiz. “Til belgilarini o‘rganuvchi fan semiotikadir”, degan ta’rif ham nominal ta’rifga misoldir.
Real ta’rifda predmetning muhim belgisi aniqlanadi. Masalan, “Atom – moddaning yadro va elektronlardan tashkil topgan zarrachasi”, degan ta’rif real ta’rifdir.
Real ta’rif aniq va noaniq ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin. Aniq real ta’rif predmetlarning muhim belgilarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatib beradi. Noaniq real ta’rifda esa tushunchaning mazmuni yordamchi vositalar orqali ochib beriladi. Masalan, o‘qigan parchamizda notanish terminlar uchrab qolganda, uning ma’nosini lug‘atdan foydalanmasdan, boshqa so‘zlarning ma’nosiga qarab aniqlashimiz mumkin.
Aniq real ta’rifning ikkita asosiy turi mavjud: 1) yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash; 2) genetik ta’rif.
Yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish orqali ta’riflash real ta’rifning eng ko‘p ishlatiladigan turi bo‘lib, u ikkita bosqichdan tashkil topadi. Birinchi bosqichda aniqlanuvchi tushunchaning yaqin jinsi topiladi. Shu tariqa uning mazmuni qisman ochib beriladi. Ikkinchi bosqichda aniqlanuvchi tushunchaning shu jinsga kiruvchi boshqa tur tushunchalardan farqi aniqlanadi, ya’ni uning tur belgisi ko‘rsatiladi. Shu tariqa mazkur tushuncha mazmunining qolgan qismi ochib beriladi. Masalan, bizning oldimizda “metafora” tushunchasining mazmunini aniqlash vazifasi turibdi, deylik. Bunda, avval aniqlanuvchi tushunchaning yaqin jinsi topiladi: u “so‘z” tushunchasidir. “Metafora so‘zdir” deyish bilan “so‘z” tushunchasi mazmunida fikr qilinadigan muhim belgilarning metaforaga ham tegishli ekanligini ko‘rsatamiz, ya’ni “metafora” tushunchasi mazmunini tashkil etuvchi umumiy belgilarni aniqlaymiz. Ko‘chirma ma’noda ishlatilishi esa, metafora sifatida ishlatilayotgan so‘zning tur belgisi, ya’ni individual belgisi hisoblanadi. Bu tur belgini yaqin jinsga qo‘shib, “Metafora –ko‘chirma ma’noda ishlatiladigan so‘zdir”, degan to‘la ta’rif hosil qilamiz. Shu tariqa eng qisqa yo‘l bilan, ya’ni yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish bilan tushunchaning mazmunini aniqlaymiz.
Dostları ilə paylaş: |