O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva ma-fayllar.org
Ziddiyat prinsipi – dialektik metodning asosiy prinsiplaridan biri bo‘lib, u taraqqiyotning manbaini tushuntirib beruvchi falsafiy qonun – qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni mazmunidan kelib chiqib yaratiladi. Bu qonunga muvofiq borliqdagi har bir hodisa, shu jumladan, ideal hodisa (tushunchalar, g‘oyalar, nazariyalar va shu kabilar) ziddiyatli bo‘ladi: qarama-qarshi tomonlar, tendensiyalar, kuchlar birligi va ular kurashini o‘z tabiatida namoyon qiladi, u asosida harakatlanadi va, demak, mavjud bo‘ladi hamda taraqqiy etadi. Masalan, organizmning mavjudligi assemilyatsiya va dissimilyatsiya’ning o‘zaro birligi va kurashi tarzida, jamiyatning siyosiy taraqqiyoti hokimiyat uchun kurash olib borayotgan qarama-qarshi kuchlar (masalan boshqarayotgan partiya yoki koalitsiya bilan unga muxolifatda bo‘lgan partiyalar)ning o‘zaro ziddiyatli munosabatida namoyon bo‘ladi.
Bu qonun mazmunidan kelib chiqadigan talab shundan iboratki, bilish jarayonida uning subyekti o‘rganilayotgan predmetning ichki ziddiyatini, harakati manbaini, taraqqiyoti omilini aniqlashi zarur; buning uchun esa u mazkur predmetni ikkilantirishi, ya’ni qarama-qarshi tomonlarini farqlashi, ajratishi, ularni predmet yaxlitligi doirasidagi kurashida olib o‘rganishi kerak. Bunda, tabiiyki, qarama-qarshi tomonlarni tendensiyalarni farqlashning o‘zi yetarli emas. Bilishda bu farqlarning kelib chiqishi, ularning o‘sib borib, qarama-qarshi kuchlar, tendensiyalariga aylanishi, o‘zaro bir-birini istisno qiluvchi kuchlar sifatida predmetning mavjud yaxlitligi, sifat holati doirasida, ya’ni shu qarama-qarshiliklar birligi sharoitida kurash olib borishi, ziddiyatni hosil qilishini o‘rnatish va shu asosda predmetning asl tabiati, mohiyatini tushunib yetishga erishish lozim. Bu esa predmetni uning dialektikasida - harakati va taraqqiyotida olib o‘rganishni taqozo etadi.
Demak, ziddiyat prinsipini nafosat predmetning mavjudlik sababi, harakati manbaini-uning ichki ziddiyatlarini aniqlaydi, balki orqali predmet taraqqiyot bosqichlari to‘g‘risida ma’lumot olishga, ularni jamlab, yaxlit tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Mazkur prinsip tahlili shuni ko‘rsatadiki, har qanday predmet mavjudligi, taraqqiyoti uning qarama-qarshi tomonlarining harakati va rivojlanishidan iborat. Ana shuning uchun ham bo‘lsa kerakki, falsafiy fikr shakllanishining ilk bosqichlaridayoq predmet, hodisalarni qarama-qarshi tomonlarini ajratib, ular kurashi asosida o‘rganishga e’tibor qaratishgan. Masalan Qadimgi Sharq falsafasida olam ezgulik va yovuzlik, In va Yan tushunchalari, inson borlig‘i tana va ruh kategoriyalari tushuntirilgan. Harakat esa tabiat, jamiyat hodisalarining muhim atributi, mavjudlik omili, taraqqiyoti kafolati sifatida olib qaralgan. Ziddiyat prinsipining ahamiyati predmetni harakatlanuvchi, taraqqiy etuvchi obyekt tarzida bilishga xizmat qilish bilan cheklanmasdan, unga xos bo‘lgan turli xil xossalari, shu jumladan, qarama-qarshi xususiyatlari, sifat holatlarini, ular o‘rtasidagi zururiy aloqadorliklar biridan ikkinchisiga o‘tish, qarama-qarshisiga aylanishi to‘g‘risida ma’lumot olishga imkon beradi. Bu jihati bilan mazkur prinsip dialektik metodning yana bir muhim prinsipi – aniqlik bilan bog‘lanadi.
Aniqlik prinsipi–dialektikaning boshqa bir qonuni – Miqdor va sifat o‘zgarishlarining o‘zaro bir-biriga o‘tishi qonuni mazmunidan kelib chiqib shakllantiradi. Ma’lumki, bu qonun taraqqiyotning amalga oshish mexanizmini tushuntiradi. Unga muvofiq, har bir predmet muayyan paytda aniq sifat holati va miqdoriy o‘lchamiga ega bo‘lib, ular uzviy bog‘liqdir, ana shuning uchun ham miqdor bilan belgilangan (yoki taqozolangan) sifat va sifat bilan birga belgilangan (yoki taqozolangan) miqdor iboralari qo‘llaniladi va ular mazkur kategoriyalar tavsiflarida o‘z ifodasini topadi hamda “me’yor” tushunchasida aks etadi. Sifat va miqdor mutanosibligining, ya’ni me’yorning buzilishi predmetning bir sifat holatidan boshqasiga o‘tishini anglatadi. Predmet taraqqiyoti ana shunday mexanizm orqali sodir bo‘ladi.
Aniqlik prinsipi aynan shuni bilishga yo‘naltirilgandir. Uning yordamida predmetning sifatini belgilaydigan muhim xossalari ularning o‘ziga xosligi, xususan, muayyan miqdoriy o‘lchamlarga egaligi, ya’ni miqdorning predmet sifat holatini belgilovchi xossalarning namoyon bo‘lish intensivligi tarzida yuzaga chiqishi, ularning o‘zgarishi taraqqiyotning bir sifatdan boshqasiga o‘tishi ko‘rinishida amalga oshishi bilib olinadi. Ana shu asnoda aniqlik prinsipi dialektik mantiqning boshqa prinsiplari bilan birgalikda predmet mohiyatini, uning taraqqiyot yo‘lini anglash imkoniyatini beradi.
Predmetning harakat yo‘nalish taraqqiyot yo‘li dialektik metodning yana bir muhim prinsipi – dialektik inkor prinsipi orqali bilib olinadi.