Uchinchisi istisno qonuni. Uchinchisi istisno qonuni ziddayat qonuni bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u ikki o‘zaro zid fikrning munosabatini ifodalaydi. Bilish jarayonini biz, odatda, fikrimizda olamdagi predmet va hodisalar, ularning muayyan xususiyatlarining yo mavjud, yo mavjud emasligi faktini o‘rnatishdan boshlaymiz va keyin uning tabiatini o‘rganishga kirishamiz. Bu tafakkurimizda Uchinchisi istisno qonuni sifatida o‘z ifodasini topadi. Bu qonun quyidagicha ifodalanadi: ayni bir predmet haqida bildirilgan ikki zid fikr ayni bir muhokama doirasida, ayni bir vaqtda, ayni bir nisbatda birdaniga xato bo‘lishi mumkin emas: ularning biri albatta chin, ikkinchisi, albatta, xato bo‘ladi, uchinchi holning bo‘lishi istisno. Uni qisqa holda quyidagiqa ifodalasa ham bo‘ladi: ikki mulohaza bo‘lib, ularning biri ikkinchisining inkori bo‘lsa, ulardan bittasi (va faqat bittasi) chindir Uchinchisi istisno qonuni “A V yoki V emasdir” formulasi orqali beriladi. Masalan “Ahmedov mantiqni o‘rgangan”, “Ahmedov mantiqni o‘rganmagan” degan ikki zid fikr berilgan bo‘lsa, ularning biri – chin, ikkiichisi – xato, uchinchi holning bo‘lishi mumkin emas.
Uchinchisi mustasno qonuni bilish subyekti oldiga quyidagi talablarni qo‘yadi:
1-talab. A va A emas muqobil bo‘lishi va ulardan birini chinlik belgisi bo‘yicha tanlash kerak.
2-talab. O‘zaro bir-birini inkor etuvchi mulohazalardan boshqa muqobil (masalan, qarama-qarshilik munosabatidagi mulohazalar) bo‘lishi kerak emas.
3-talab. Muqobillik chinning xatoga qarama-qarshi qo‘yilishida namoyon bo‘ladi va u mazkur sifatida bilishning universal mantiqiy usuli hisoblanadi.
Uchinchisi istisno qonunini bilish biror muhokamada to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun muhimdir. Xususan, bu qonun o‘zaro zid qarashlarni aralashtirib yuborishga yo‘l qo‘ymaydi.
Yetarli asos qonuni. Inson tafakkuriga xos bo‘lgan bu qonunni ilk bor nemis faylasufi va matematigi G.Leybnis ta’riflab bergan. Uning ta’kidlashicha, barcha mavjud narsalar o‘zining mavjudligi uchun yetarli asosiga ega. Ma’lumki, tabiat va jamiyatdagi predmet va hodisalar bir-biri bilan bog‘liq holda mavjud va rivojlanadi. Xususan, predmet va hodisalardan birining mavjudligi boshqasining mavjud bo‘lishi uchun zarur bo‘ladi. Har bir predmet va hodisaning real asosi bo‘lgani kabi, ularning in’ikosi bo‘lgan fikrimiz ham asoslangan bo‘lishi kerak. Inson fikri muayyan darajada boshqa fikrlar, bilimlar bilan taqozo qilinishi va demak, iloji boricha, yetarlicha asoslanishi lozim. Bunday bog‘liqlik inson tafakkurida yetarli asos qonuni shaklida namoyon bo‘ladi va uning mazmun-mohiyatini belgilaydi. Bu qonunni quyidagicha ifodalash mumkin: predmet haqida aytilgan fikr ishonchli bo‘lishi uchun asoslangan bo‘lishi kerak. Yetarli asos qonuni “Agar B mavjud bo‘lsa, uning asosi sifatida A ham mavjud” formulasi orqali beriladi. Bu qonunning asosiy vazifasi – mantiqiy tafakkurning isbotli bo‘lishini asoslash. Odatda, mulohaza chin yoki xato bo‘ladi. Biroq qanday asosga ko‘ra? Bunday savolning qo‘yilishi tasodifiy emas. Muhokama yuritish jarayonida asos sifatida xato fikrlardan foydalanish mumkin. Mazkur qonun asos sifatida chin fikrlarni olishni, ularning chinligini esa oldindan o‘rnatishni buyuradi. Asoslash bayon qilingan fikrning chinligi ilgaridan aniqlangan fikrdan mantiqan keltirib chiqarish orqali amalga oshiriladi.
Yetarli asos qonunida to‘g‘ri tafakkurning eng muhim xususiyatlaridan biri bo‘lgan fikrlarning izchillik bilan muayyan tartibda bog‘lanib kelish xususiyati ifodalanadi. Bu qonun avvalgi ko‘rib o‘tilgan qonunlar bilan o‘zaro bog‘liq holda amal qiladi. Fikrlash jarayonida berilgan mulohazaning chinligini asoslash uchun keltirilgan chin mulohazalar mantiqiy asos deb, berilgan mulohazaning o‘zi esa mantiqiy natija deb yuritiladi. Mantiqiy natija muayyan hodisaning mavjudlik (yoki mavjud emaslik) faktini qayd etadi. Borliqda uning real asosi, ya’ni sababi bo‘lgan hodisa mavjud. Demak, borliqda sabab natijadan avval kelib, uni keltirib chiqaradi. Bilishda esa, mushohada natijadan asosga qarab yo‘naladi, ya’ni mantiqiy natija uchun asos qidiriladi. Masalan, “Bu kishi bemor”, degan mulohazani “U shifoxonada davolanyapti”, degan fikr bilan asoslash mumkin. Aslida, shifoxonada davolanish dastlabki mulohazaning sababi emas, balki oqibatidir.
Fikr-mulohazalarni asoslash murakkab mantiqiy jarayon bo‘lib, unda bir yoki undan ortiq o‘zaro bog‘langan muhokamalar tizimidan foydalaniladi. Keng ma’noda biror mulohazani asoslash deganda, shu mulohazaning chinligini tasdiqlovchi ishonchli va yetarli dalillarning mavjudligini aniqlash tushuniladi. Bunda dalillarning yetarli bo‘lishi muhimdir (bu qonunning nomida ham aks etgan). Dalillarning yetarli bo‘lmasligi asoslashning to‘liqsiz bo‘lganini, xulosaning yetarli darajada ishonchli emasligini ko‘rsatadi. Bunday hollar, masalan, qo‘yilgan reyting ballidan talabaning noroziligi, sud chiqargan mulohazadan ayblanuvchi va uning advokatining rozi bo‘lmaganida uchraydi. Uning sabablaridan biri keltirilgan dalillarning, odatda, yetarli bo‘lmasligidir. Ishonchli va yetarli dalillarni shartli ravishda ikki guruhga: empirik va nazariy asoslarga bo‘lish mumkin. Bulardan birinchisi, asosan, hissiy tajribaga asoslansa, ikkinchisi aqliy bilish, tafakkurga tayanadi. Empirik va nazariy bilimlarning chegarasi nisbiy bo‘lgani kabi, empirik va nazariy asoslar o‘rtasidagi farq ham nisbiydir.
Asos sifatida fanlarning qonun-qoidalaridan, tushunchalarning ta’riflaridan, shuningdek, aksiomalardan foydalaniladi. Bularning barchasi nazariy asoslashning ratsional yoki demonstrativ usullari bo‘lib, ular umumilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan isbotlash metodlarining asosini tashkil etadi.
Shuningdek, asoslashning subyektiv xarakterda bo‘lgan va bevosita tajriba natijalariga yoki nazariy fikr yuritishga taalluqli bo‘lmagan usullari mavjud. Intuitsiyaga, e’tiqodga, avtoritetlarga va urf-odatlarga asoslanish shunday usullar jumlasiga kiradi. Bu usullardan ko‘proq kundalik ong darajasida foydalaniladi.
Yetarli asos qonuni bilish subyekti oldiga quyidagi talablarni qo‘yadi: