Tilning semantik kategoriyalari Semantik kategoriya deb muayyan formal sistemaning turg‘un ma’noli elementiga (shu jumladan, til ifodasidagi) aytilib, uning chegara-larida bir turdagi belgilar aloqasi ma’nosini yo‘qotmaydi (Tabiiy til gram-matikasida harflar, so‘zlar va tinish belgilari). Mantiqda esa, ma’no birligi bo‘lib, predmet nomlari, mulohazalar va mantiqiy terminlar xizmat qiladi3.
Tafakkurning mantiqiy shaklini o‘rganishda semantik kategoriyalar muhim ahamiyatga ega. Semantik kategoriyalar til ifodalarining sinflaridan iborat bo‘lib, ular bir-birlaridan qanday obyektlarni aks ettirishi bilan farq qiladilar. Asosiy semantik kategoriyalar qatoriga gap va uning tarkibida nisbatan mustaqil holda mavjud bo‘lgan qismlari – deskriptiv va mantiqiy atamalar kiradi.
Gap mulohazani, savolni va normani ifoda qilishi mumkin. Mulohazani ifoda qiluvchi gap predmetga birorta belgining (xossa yoki munosabatning) xosligini tasdiqlaydi va inkor qiladi. U darak gapdan iborat.
Gapda predmetlarni, ularning xossalari va munosabatlarini aks ettiruvchi ifodalar deskriptiv atamalar deyiladi. Deskriptiv atamalar predmetlar nomlari yoki termalar (predmetlarni, predmetlar to‘plamini aks ettiruvchi ifodalar) va predikatorlar (predmetlarning xossalari va munosabatlarini aks ettiruvchi ifodalar)ga bo‘linadi.
Predmetlarning nomlari ayrim so‘zlar va so‘z birikmalari bo‘lib, ular moddiy (planeta, elektr toki) va ideal (sezgi, tafakkur) predmetlarni ifodalaydi. Predmet nomi belgidan iborat bo‘lganligi uchun o‘z mazmuni va ma’nosiga ega. Nomning mazmuni predmetni ifoda qiladi va mantiqda denotat deb ataladi. Nomning ma’nosi esa predmetning muhim, umumiy belgilarini ifoda qiladi va konsept deb ataladi. Masalan, «Arastu», «Mantiq fanining asoschisi», «Topika asarining muallifi» kabi ifodalarning mazmuni bir xil, ya’ni bitta predmetni ifodalaydi, ma’nosi esa turli xil, ya’ni fikr qilayotgan obyektning har xil belgilarini qayd qiladi.
Shuningdek, nomlar yakka («Toshkent shahri») yoki umumiy («shahar») bo‘lishi mumkin. Bunda yakka nom bitta predmetni, umumiy nom esa, predmetlar sinfini aks ettiradi.
Predikatorlar gapda kesim o‘rnida kelib, o‘zi taalluqli bo‘lgan nomning miqdoriga bog‘liq holda bir o‘rinli yoki ko‘p o‘rinli bo‘lishi mumkin. Bunda predmetning xossasini ifoda qiluvchi predikatorlar bir o‘rinli, ular o‘rtasidagi munosabatlarni ifoda qiluvchi predikatorlar ko‘p o‘rinli predikatorlar hisoblanadi. Masalan, «O‘zbekiston mustaqil respublikadir» degan mulohazada predikator bir o‘rinli, «O‘zbekiston Turkiya bilan iqtisodiy shartnoma tuzdi» degan fikrda «iqtisodiy shartnoma tuzdi» predikatori ikki o‘rinli, «O‘zbekiston Sirdaryo va Amudaryo oralig‘ida joylashgan», degan fikrda «oralig‘ida joylashgan» predikatori uch o‘rinlidir.
Mantiqiy atamalar (mantiqiy konstantalar) doimiy mantiqiy qiymatga ega bo‘lib, gapda deskriptiv atamalarni bog‘lashda ishlatiladi. Ular o‘zbek tilida «va», «ham», «hamda», «yoki», «yoxud», «barcha», «hech bir», «ba’zi», «emas» kabi so‘zlar orqali ifodalanadi va turli xil (oddiy va murakkab) mulohazalar, mulohazalarni hosil qiluvchi elementlar hisoblanadi. Masalan, «Hech bir tovar qiymatsiz emas», degan fikrda «hech bir», «emas» mantiqiy atamalar bo‘lib, ularsiz deskriptiv atamalarni – «tovar», «qiymat» so‘zlarini bog‘lab bo‘lmaydi.
Mantiqning formallashgan tilini yaratishda semantik kategoriyalar aniq ta’riflanishi va tavsiflanishi kerak. Bunga semantik kategoriyalarni konkret simvollarda aks ettirish orqali erishish mumkin.
Ana shu simvollar mantiqning formallashgan tilining alifbosini tashkil etadi. Mantiqda ikkita til – predikatlar mantig‘i tili va mulohazalar mantig‘i tili mavjud.