Ayiruvchi isbotlashda tezis sof ayiruvchi mulohazaning (kuchli diz’yunksiya’ning) bir a’zosi bo‘lib, uning chinligi boshqa a’zolarining (antitezisning) xatoligini ko‘rsatish orqali asoslanadi. Masalan, “Jinoyatni yo A, yo B, yo C shaxslar sodir etgan», degan fikr tekshirilib, “Jinoyatni B shaxs ham, C shaxs ham sodir etmagan”ligi aniqlanadi va shu tariqa “Jinoyatni A shaxs sodir qilgan”, degan mulohazaning chinligi asoslanadi. Bu misolda ayiruvchi isbotlash ayiruvchi – qat’iy sillogizmni inkor etib, tasdiqlovchi modusi bo‘yicha qurilgan. Ayiruvchi isbotlashda barcha muqobil variantlar to‘liq olingandagina xulosa chin bo‘ladi, ya’ni tezis isbotlanadi.
Rad etish va uning turlari.
Raddiya – isbotni buzishga qaratilgan mantiqiy amal. Birorta fikrning chinligini rad etish, ayni paytda, unga zid bo‘lgan fikrning xatoligini ko‘rsatishdan iborat bo‘lganligi uchun raddiya’ni isbotlashning xususiy ko‘rinishi, deb hisoblash mumkin. Raddiya ham isbotlash kabi tezis (rad qilinishi lozim bo‘lgan mulohaza), argumentlar (tezisni rad qiluvchi mulohazalar) va demonstratsiya (rad etish usuli) dan tashkil topgan bo‘ladi. Raddiya birorta masalani muhokama qilish, ya’ni bahs, munozara jarayonida uchraydi.
Bahs qatnashchilaridan biri ma’lum bir tezisni ilgari surib, uni himoya qilsa (proponent), boshqasi unga qarshi chiqadi (opponent). Hal qilinmagan, munozarali masalalar bo‘yicha olib boriladigan bahslar polemika hisoblanib, unda qarama-qarshi tezislar asoslanibgina qolmay, balki tanqidiy analiz ham qilinadi.
Raddiya uch xil usul bilan amalga oshiriladi:
I. Tezisni rad etish
II. Argumentlarni rad etish
III. Demonstratsiya’ni rad etish.
I. Tezisni rad etish. Tezisni rad etishning quyidagi usullari mavjud:
1.Faktlar orqali rad etish. Bu eng ishonchli va samarali usuldir. Bunda bo‘lib o‘tgan voqealar, statistik ma’lumotlarga asoslanib tezis rad etiladi. Masalan, “Sovet davrida O‘zbekiston to‘laqonli mustaqil respublika bo‘lgan”, degan tezisni rad etish, ya’ni uning noto‘g‘ri ekanligini isbotlash uchun tarixiy faktlarga asoslanamiz. O‘sha davrda respublika rahbariyati birorta muhim masalani Moskvaning ruxsatisiz hal qila olmaganligiga dalillar keltirib, tezisni rad etamiz.
2.Tezisdan kelib chiqadigan natijalarning xatoligini (yoki ziddiyatli ekanligini) ko‘rsatish orqali rad etish. Bunda tezisdan kelib chiqadigan natijalarning chin emasligi asoslab beriladi. Bu usul “bema’nilikka olib kelish”, deb ataladi. Rad etilayotgan tezis vaqtincha chin deb tan olinadi, undan kelib chiqadigan natijalar aniqlanib, bu natijalarning haqiqatga zid, noto‘g‘ri ekanligi isbotlanadi. Chin asosdan xato natija kelib chiqmaydi, aks holda bu bema’nilik bo‘ladi. “Bema’nilikka olib kelish” usulining formulasi quyidagicha: (a→b)→((a→b)→a)
3.Tezisni antitezisni isbotlash orqali rad etish. Rad etilayotgan tezisga zid bo‘lgan yangi tezis (antitezis) olinadi va isbotlanadi. Uchinchisi istisno qonuniga muvofiq, antitezisning chinligidan tezisning xatoligi keltirib chiqariladi.