O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent


III. Isbotlash usuli (demonstratsiya) bilan bog‘liq xatolar



Yüklə 1,13 Mb.
səhifə98/180
tarix25.11.2023
ölçüsü1,13 Mb.
#134832
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   180
O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva ma-fayllar.org

III. Isbotlash usuli (demonstratsiya) bilan bog‘liq xatolar:
1. “Yolg‘on (soxta) isbotlash”. Agar tezis uni isbotlash uchun keltirilgan argumentlardan bevosita kelib chiqmasa, mantiqiy xatoga yo‘l qo‘yiladi. Bunda tezisga aloqador bo‘lmagan argumentlarga asoslaniladi. Masalan, “A shaxs yomon odam”, degan tezis “Tunda yomon odamlargina ko‘chada yuradi”, “A shaxs ko‘chada tunda yuribdi” degan argumentlar bilan asoslansa, fikr yuzaki (soxta) isbotlangan bo‘ladi.
2. Shartlangan fikrdan shartlanmagan fikrga o‘tish. Muayyan vaqt, munosabat doirasida chin bo‘lgan (shartlangan) fikrni, doimiy, o‘zgarmas chin fikr deb qabul qilish natijasida mantiqiy xatoga yo‘l qo‘yiladi.
3. Xulosa chiqarish qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan xatolar.

Takrorlash uchun savollar
  1. Dalillash va isbotlash, rad etish tushunchalari o‘zaro qanday nisbatda?


  2. Isbotlashning mantiqiy tuzilishi qanday?


  3. Isbotlashning qanday turlari mavjud?


  4. Teskari isbotlash qanday amalga oshiriladi?


  5. Rad etishning qanday usullari mavjud?


  6. Tanqid rad etish hisoblanadimi?


  7. Argumentlarning qanday turlari mavjud?


  8. Empirik, nazariy va kontekstual argumentlashning bir-biridan farqi nimada?


  9. Avtoritetlarga asoslanish deganda nimani tushunasiz?


  10. Isbotlashning qanday qoidalari bor?


  11. Isbotlashda uchraydigan qanday xatolarni bilasiz?


  12. Bahs yuritishda qanday qoidalarga amal qilish kerak?




11-BOB DIALEKTIKA TAFAKKUR TARAQQIYOTINING MANTIQIY ShAKLLARI VA QONUNLARINI O‘RGANUVChI METOD SIFATIDA

Mantiq va ilmiy metod
Bilish, tafakkurning murakkab sistemalarni, kompleks muammolarni o‘rganishga o‘ta borishi falsafa, ayniqsa, mantiq oldiga mos metodologik vositalarni yaratishni, yangi paradigmalar vositasida fikrlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish vazifasini qo‘yadi va uni hal etishni zaruratga aylantiradi. Bu zaruriyat globallashuv, shu jumladan, ilmiy bilishdagi globallashuv sharoitida yanada ko‘proq anglashilmoqda.
Shundan kelib chiqib, kitobning mazkur bo‘limini zamonaviy ilmiy bilishning, fanning umummantiqiy metodlari masalasini, ayniqsa, mantiqning ilmiy bilish metodologiyasini takomillashtirishda tutgan o‘rni, xususan, formal mantiq metodlarining yangi bilim hosil qilishdagi imkoniyatlari va chegaralari, dialektikaning mantiqiy fikrlash metodi sifatidagi mazmun-mohiyatini muhokama qilishdan boshlaymiz.
Ilmiy bilish, axborat almashuv globallashuvning ajralmas qismi bo‘lib hisoblanadi. Ana shuning uchun ham globallashuv ilmiy bilish oldida turgan vazifalarni yyechishga kompleks yondashishni, uning falsafiy–mantiqiy masalalarini chuqur tahlil qilishni taqozo qiladi. Bunga bo‘lgan ehtiyoj hozirgi zamon fani taraqqiyotidagi mavjud tendensiya kontekstida yaqqol seziladi.
Mantiqning globallashuv jarayonini, umumjahon masalalarni hal etishda bajaradigan asosiy vazifasi – bu uning konseptual va metodologik asoslarini yaratish, xususan, muammoli vaziyatni, uning paydo bo‘lish sabablarini tushuntirish, muamoni ilmiy asosda qo‘yish, uni inson huquqlarini, erkinliklarini himoya qilish masalasi bilan bog‘liq holda tadqiq etishdan iborat24.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, olamni yaxlit, sistemali tarzda bilishga, bunda ratsional va irratsional bilish imkoniyatlarini qo‘shishga intilish muhim ahamiyatga ega. Albatta, bunda globallashuv jarayonini sistemali yondashuv asosida o‘rganishni asoslash bilan cheklanmay, uni fanlararo miqyosda ham o‘ylash, uni mantiqiy tahlil qilish, metodologik qayta anglash zarur.
Zamonaviy fanning tobora texnologiyalashuvi va tor sohalar yo‘nalishlarida rivojlanib borayotgani sir emas. Hayot esa, olamning mukammal umumiy, yaxlit ilmiy manzarasini yaratishni talab qilmoqda. XX asr oxiri – ΧΧI asr boshidagi asosiy ilmiy kashfiyotlarning aynan fanlar tutashadigan, kesishadigan joylarda qilinganligi ham dunyoni yaxlit tarzda o‘rganishning istiqbolli ekanligidan dalolat beradi. Mazkur holat fanlararo munosabatlar, ularning o‘zaro ta’sirining turlari va usullari, ifodalanishining mantiqiy shakllari va vositalarini aniqlashni, ilmiy integratsiya’ning hozirgi davrdagi xususiyatlarini chuqurroq anglashni bosh vazifa qilib qo‘yadi.
Hozirgi zamon fani globallashuv jarayonida o‘z samaradorligini oshirishi uchun formal chegaralaridan sirtga chiqishi, ilmiy bilishning umummetodologik masalalari bilan bevosita shug‘ullanishi kerak. Bunda ijtimoiy jarayonlarni oldindan ko‘rish, prognozlashtirish uchun matematika va sinergetikaning zamonaviy metodologiyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, amaldagi siyosiy, iqtisodiy modellarni mantiqiy, matematik usullar yordamida qayta ko‘rib chiqishning yaxshi natija berishi shubha uyg‘oymaydi.
Yuqoridagi aytilganlardan kelib chiqadigan xulosa shuki, ilmiy bilishdagi globallashuvni boshqa sohadagi ana shunday jarayonlar bilan uzviy bog‘liq holda olib qaramoq kerak. Ana shundagina uning o‘ziga xos xususiyatlarini to‘liq ochish, imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash mumkin. Bunda kreativ tafakkurning o‘rni alohidadir.
Tafakkur insonning borlikdagi predmet va hodisalar moxiyatini, ya’ni ularning muhim xususiyatlari va munosabatlarini, zaruriy aloqalari, qonuniy bog‘lanishlarini aks ettirishga yunaltirilgan bilish faoliyatidan iborat ekanligi, murakkab strukturaga, dialektik tabiatga egaligi yaxshi ma’lum. Xususan, tafakkurga obyektivlik va subyektivlik, shakl va mazmun, nisbiy turg‘unlik va taraqqiyot, fenomenallik va mohiyatlik (zoxiriylik va botiniylik), individuallik va umumiylik, empiriyaviylik va nazariylik kabilar birligi xos. Shuning uchun ham bilish tafakkur taraqqiyoti davomida uni o‘rganuvchi mantiq ilmida turli yondashuvlar vujudga kelgan va buning natijasi o‘laroq mantiqning turli yo‘nalishlari va sohalari shakllangan. Kitobning avvalgi qismida aytib o‘tilganidek, mantiqning tarixan birinchi paydo bo‘lgan tizimi formal mantiq bo‘lib, uning asoschisi Aristotel hisoblanadi. Shuning uchun ham u uzoq davr davomida Aristotel mantig‘i deb ham yuritilgan. Bu mantiqning asosiy vazifasini Aristotel to‘g‘ri tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganish, ya’ni tafakkur strukturasini, mantiqiy qurilmasini tadqiq etishda deb bilgan. Unda asosiy e’tibor fikrning shaklini, ya’ni formal strukturasini fikrning konkret mazmunidan nisbatan mustaqil holda tahlil etishga qaratilgan; mazmun jihatdan turli fikrlarning mantiqiy ifodalanish shakllariga xos umumiy qonuniyatlar o‘rnatilgan, mos qoidalar, normalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular bilishning barcha sohalari, ilm-fanning barcha yo‘nalishlarida chin va ehtimoliy tarzdagi bilimlar hosil qilish uchun zarur metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu masala to‘g‘risida taniqli mantiqshunoslar M.Koen va E.Nagel bildirgan mulohazalart e’tiborga loyiqdir. Ularning fikricha, formal mantiq muayyan soha predmetiga tegishli ekanligidan qat’i nazar muhokamalarning ehtimoliy munosabatlari (chinligi yoki yolg‘onligi)ni o‘rganadi. Bu kabi tadqiqot natijasida asosli xulosa chiqarish uchun zaruriy shart-sharoitlarga ega bo‘lamiz hamda noto‘g‘ri mulohazalarni muhokama doirasidan chiqarib tashlashimiz mumkin bo‘ladi. Ammo, bu biror-bir sohadagi faktga asoslangan haqiqatni o‘rnatish uchun yetarli bo‘lmaydi.

Formal mantiq bizga har qanday mulohaza chinligining boshqa mulohazalar chinligi bilan tasdiqlanishi zarurligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham mantiq “ishtirokini” har qanday asoslangan bilimda kuzatishimiz mumkin (bunda ushbu bilim “fan” atamasining boshlang‘ich mohiyatini ifodalaydi). Biroq, bu bilim to‘liqligicha u bilan mos tushavermaydi. Bunday yondashuv, mualliflar fikricha, bizga har qanday fanni amaliy mantiqning muayyan turi sifatida ko‘rib chiqish imkonini beradi.

Yunon mutafakkirlari fikricha, bilim, fan qanday sohaga oid bo‘lishidan qat’i nazar, uning mantig‘ini geologiya hamda antropologiya tashkil etadi, ya’ni yerli hayot kechirayotgan inson bilim olish maqsadini tashkil etadi.

M.Koen va E.Nagelga ko‘ra, tabiiy fanlarning bugungi yuqori mavqega erishishida zamonaviy texnologiyalar rivojlanishiga shart-sharoitlar yaratilganligi, qolaversa, qadimgi mifologiya’ni , uning jamiyat hayotiga katta ta’siriga qaramasdan, yengib o‘tganligi muhim rol o‘ynadi.

Bu esa, o‘z navbatida, “fan” atamasi bilan yaxshi asoslangan kundalik bilimlarning emas, balki yuqori darajada rivojlangan bilimlarninggina atala boshlashiga olib keldi. Kundalik turmushimiz bilan bog‘liq poyezdlar harakatining jadvali yoki telefon kitobchasi tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, ularning aniq va ravshanligi, chinligi, asoslab berilganligi, tashkiliy jihatdan yuksakligiga qaramay, fan darajasidagi misollar qatoriga kiritib bo‘lmaydi.

“Fan” atamasi o‘zining nemischa ma’nosida hanuzgacha ikki xil mazmunda keladi: “bilim” va “ilm-fan”. Bilim, umumiy va tizimlashtiril-gan, bir qancha umumiy tamoyillarga ega bo‘lgan aniq mulohazalardan tarkib topadi.

Bu olimlar u yoki bu qonuniyatlarning mavjudligini isbotlovchi, shuningdek, u yoki bu tarixiy haqiqatni, voqelikni aniqlashda yordam beruvchi barcha mantiqiy usullarni ko‘rib chiqishga harakat qilishadi va bu yo‘lda voqelikning muhim asoslarini o‘rnatish uchun, avvalo, uning barcha umumiy qirralarini, garchi ular aniq bir shaklga ega bo‘lmasa-da, inson, uning bilishi bilan bog‘liq barcha xususiyatlarini mulohaza qilib chiqish zarurligini uqtirishadi.

Bilishga mantiq nuqtai nazaridan yondashishning mohiyati shunda namoyon bo‘ladiki, agarda biz barcha fanlarga nafaqat bir-biridan o‘zaro farqlari bo‘yicha, balki, shuningdek, ularga vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib borishi hamda taraqqiy etishi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, unda haqiqatni ilm-fanning doimiy va universal xususiyatiga ega umumiy usuli deb hisoblab, uni doimiy ravishda qidirish, izlash zarurligi anglashiladi. Bu quyidagi savollarda o‘z ifodasini topadi: bu haqiqatdan ham shundaymi, bu qay darajada o‘rinli, nega bu aynan shunday, ushbu narsaning mohiyatini aniqlashning umumiy shartlari nima? O‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, mazkur savollar eng yaxshi asoslarni keltirishni talab qiladi. Bu asoslarni esa, biz mantiq yo‘li bilan aniqlashtirishga harakat qilamiz.

Shu tariqa mualliflar tadqiqotning ilmiy metodi har qanday amaliy bilimning umumiy tavsifi sifatida doimo mantiqni qo‘llashdan iborat, degan xulosaga kelishadi.

Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, ilmiy metod bizning o‘z tasavvurlarimizni, fikr-mulohazalarimiz yoxud gipoteza-gumonlarimizni tasdiqlash yoki rad etishda barcha qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan asoslarni sinovdan o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilmiy metodning turli xususiyatlari nisbatan yaxshi rivojlangan fanlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Biroq, o‘z mohiyatiga ko‘ra, ilmiy metod mantiqiy sharoitlar bilan belgilanadigan, haqiqatni qidiruvchi mantiqiy vosita hisoblanadi.

Ammo ushbu metodni to‘liqroq, yanada batafsil ko‘rib chiqishdan oldin, biz, ikkilanishlarni bartaraf etish va barqaror e’tiqodga erishish borasida mazkur metod bilan boshqa bilish usullari o‘rtasidagi farqlarni ajratib olishimiz kerak.

Yuqorida qayd etib o‘tilganidek, bizning ishonch-e’tiqodimiz qiziqishlarimiz yoki norefleksiv taxminlarimizni qanchalik qabul qilishimizga asoslanadi. Xususan, M.Koen va E.Nagelning ta’kidlashicha, bizning Quyoshning Yer atrofida aylanishi, uning Sharqdan chiqib, G‘arbda botishini anglashimiz, tish pastalarini ishlab chiqaruvchi firmaga aynan ularning mahsulotlaridan foydalana boshlaganimizdan so‘ng tishimiz bilan bog‘liq muammolarning yo‘qolganligi yoki kamayganligi borasida minnatdorchilik maktubini yuborishimiz, kamabag‘al odamning yirtiq-yamoq, kir-chir kiyimini ko‘rgan zahoti uning kambag‘al ekanligini anglab yetib, unga sadaqa berishimiz ishonch-e’tiqodimiz bilan bog‘liq. Biroq, biz “ko‘rish”ning o‘zi “ishonish” uchun yetarli emasligiga tez-tez ishonch hosil qilamiz. Aslida, ko‘rishga asoslangan e’tiqod har doim ham u qadar murakkab tajribaviy asosga ega bo‘lavermaydi. Bunday holatlardagi ishonch-e’tiqodlar kam darajadagi muvofiqlikka ega bo‘lib, ularga asoslangan xatti-harakatlar zarur natijalarga olib kelmaydi.

Bu esa, o‘z navbatida, bizning fikrlarimizni o‘zgartirish yoki ular uchun yangi asoslar izlashni talab etadi. Mazkur faoliyat esa bir qancha yo‘llar bilan, xususan, yangi mantiqiy konsepsiyalarni shakllantirish orqali amalga oshiriladi25.


Shuni alohida ta’kidlash zarurki, formal mantiq metodlarining aniq vazifalar bilan chegaralanishi keyinchalik tafakkurning boshqa jihatlarini ham o‘rganuvchi, uning mohiyatini to‘laroq ochib beruvchi mantiq sistemalarini, shu jumladan, dialektik mantiqni yaratishga turtki bergan.
Shu o‘rinda dialektik mantiq nimani o‘rganadi, u tafakkurni qanday tafsiflaydi degan savol paydo bo‘ladi. Uning predmet va vazifalarini aniqlashdan avval tafakkurning dialektik tabiati, kreativ xususiyatlari to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish zarur.
Avvalambor, shunga etibor qaratish zarurki, tafakkur obyektiv olamning inson miyasida subyektiv shakllar va qonunlar tarzida aks etish jarayonidan va, demak, obyekt va subyektning o‘zaro tasiri, obyektivlik va subyektivlikning birligidan iborat. Xususan, tafakkur paydo bo‘lishining obyektiv olam bilan taqozolanganligi, alohida olingan individ uchun obyektiv tarzda, y’ani undan tashqaridagi hodisa sifatida mavjud bo‘lishi, mazmunining obyektiv voqealik bilan belgilanishi uning obyektivligidan dalolat beradi. Ayni paytda, tafakkur subyektiv hodisa sifatida yuzaga chiqadi: inson miyasida hosil bo‘ladi, predmet va hodisalar ega fizikaviy xususiyatlar unda yo‘q, ideal obrazlar shaklida mavjud.
Ana shu holatlardan kelib chiqib, fikrning konkret mazmuni va mantiqiy shakli to‘g‘risida gapirish mumkin. Tafakkur shakllari: tushuncha, mulohaza, xulosaviy bilim, gipoteza, g‘oya, ilmiy qonun va boshqalar subyektiv ko‘rinishga ega. Lekin ular obyektiv mazmunga ega, chunki uni bilish subyekti ixtiyoriy ravishda o‘z xohishiga ko‘ra yarata olmaydi. Ularning mazmuni predmetlar belgilari, o‘zaro munosabatlarini ifoda qiladi, ularni adekvat tarzda aks ettiradi. Aks holda predmetga muvofiq kelmay qoladi va chin bilim bo‘lmaydi.
Demak, tafakkur shakllari va qonunlari mazmuni bo‘yicha obyektiv, ifodalanish shakli, mantiqiy strukturasi bo‘yicha subyektiv bo‘lib, o‘zida ularni dialektik tarzida bog‘laydi, mustahkam, ajralmas birlikni hosil qiladi.
Tafakkurning boshqa bir muhim xususiyati uning to‘xtovsiz taraqqiy etib borishidadir. Insoniyatning muntazam o‘sib boruvchi ehtiyoji bilish, tafakkurning kundalik hayotiy tajriba doirasidan chiqishini, predmet va hodisalarning mohiyatiga chuqur kirib borib, uni anglash, voqealarni oldindan ko‘rishni zaruriyatga aylantiradi. Boshqacha aytganda, tafakkurning ilmiy asosda mavjud bo‘lishi va taraqqiy etishini, turli taraqqiyot bosqichlarini, xususan, empirik va nazariy bilish darajalariga o‘tishni taqozo etadi. Bunda tafakkurning ilmiy-nazariy darajasiga ko‘tarilishining muhimligini alohida qayd etish lozim, chunki aynan ana shu bosqichda predmetning muhim, eng umumiy belgilari va qonuniyatlari bilib olinadi; u haqida yaxlit tasavvur hosil qilish imkoniyati paydo bo‘ladi, uning asl mohiyati anglanadi va shu tariqa tajriba asosida olingan empirik bilimlar umumlashtiriladi, talqin etiladi va tushuntiriladi.
Fan, agar u mazmuni jihatidan olinsa, o‘z taraqqiyotining empirik bosqichida faktlarni yig‘adi va qayta ishlaydi, tasniflaydi, predmetning tashqarisida namoyon bo‘layotgan xususiyatlari o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rnatadi, empirik qonunlarni va hatto empirik nazariyalarni shakllantiradi, ularni tajriba natijalari bilan solishtirgan holda, chinligini asoslaydi. Lekin bu predmetning asl tabiatini, fundamental qonunlarini ochish uchun yetarli emas, buning sababi shundaki, tajriba predmetning barcha xususiyatlarini namoyon qilishga qodir emas. Bundan tashqari, tajriba hech qachon tugal bo‘la olmaydi, unda cheksiz mavjud predmet va hodisalarni qamrab olib bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham nazariy tafakkur darajasiga ko‘tarilish, alohida nazariy ontologiya qurish, ya’ni predmetning taxmin qilinayotgan muhim xususiyatlari, zaruriy aloqalari hisobidan uning ideal obrazini yaratish zaruriyati paydo bo‘ladi. Nazariy tafakkurda fikrlovchi subyekt tajribaga bevosita murojaat qilmaydi, mantiqiy vositalarni qo‘llagan holda aql kuchiga taya’ni b ish ko‘radi va shu asosda predmetning mohiyatini ochishga, u to‘g‘risida yaxlit tasavvur hosil qilishga muvaffaq bo‘ladi. Demak, nazariy tafakkur empirik umumlashmalarga tayangan holda, lekin tajribaga bevosita murojaat qilmasdan, predmetning mohiyatini ochishga imkon beradi.
Nazariy tafakkur – bu izchil, tizimli, aniq maqsadga yo‘naltirilgan tarzda predmet va hodisalarning muhim xususiyatlari va munosabatlarini ochishga yo‘naltirilgan faoliyatdir.
Nazariy bilishning ustunligi shundaki, u tajriba natijalarini yangidan talqin qilishga imkon beradi, tushuntiradi va, shu tariqa, o‘zida butun bilish aktini mujassam etadi. Shuning uchun ham nazariy bilish dialektik mantiqning obyekti qilib olinadi.
Bilish, tafakkurning turli bosqichlari mavjudligi va o‘zaro aloqadorligi uning dialektik tabiatga egaligidan dalolat beradi, ular orasidagi aloqadorlikni namoyon qiladi va oxir-oqibatda tafakkur shakllarining nisbiy turg‘unligi va rivojlanishi birligini ifodalaydi.
Qayd etilgan holat dialektikaning, ayniqsa, bilish dialektikasining, shu jumladan, tafakkur shakllari dialektikasining dolzarb tadqiqot obyektiga aylanishiga, uning hozirgi zamon faylasuflari, mantiqshunoslari asarlaridan keng o‘rin olishiga sabab bo‘lmoqda.
XX asrning taniqli faylasufi, mantiqshunosi B.Rassel o‘zining bir qancha asarlarida, xususan, “Mудрость Запада” (M., 1998) kitobida ilmiy bilishning murakkab, ziddiyatli va ayni paytda, izchilligi, tizimliligini qayd etib, empirik bilimlarni nazariy umumlashtirishning fizikaviy jarayonlarni bilishdagi ahamiyatini ko‘rsatishga urinadi. Tomas Kun bilish jarayonida ilmiy bilimlarning turli shakllar va holatlarda bo‘lishini ta’kidlab, fan taraqqiyotini ilmiy paradigmalar asosida talqin va tasnif qilishni tavsiya etadi. Karl Popper “Логика и рост научного знания” (M., 1983) asarida uch dunyo konsepsiyasini ilgari suradi. Unga muvoviq uchinchi dunyoni ilmiy, madaniy merosni o‘rganishda uch turkum masalalarga alohida e’tibor berish zarur: 1) fan tushunchalari va konsepsiyalarining muntazam rivojlanib, avloddan-avlodga meros sifatida o‘tib turishining ijtimoiy-tarixiy sabablarini aniqlash; 2) yangi ilmiy tushuncha va konsepsiyalarning qabul qilinishining psixologik jihatlarini o‘rganish; 3) fanning tushunchalari va konsepsiyalaridan ma’naviy qadriyat sifatida foydalanish va ularni baholash; 4) ilmiy nazariyalar, qonunlarga tanqidiy ko‘z bilan qarash, zaif tomonlari bo‘lsa, ularni to‘ldirish, aniqlashtirish.
I.Lapatos esa, fanning nazariy asoslari barqarorlikka ega, muayyan ilmiy nazariya haqida bir-birini inkor etuvchi fikrlarning bo‘lshidan qat’iy nazar, ular fanda doimo saqlanib turadi, rivojlanib boradi; bunga biz mavjud nazariyalarning o‘zaro bog‘liqligini nazarda tutsak ishonch hosil qilishimiz mumkin, degan fikrni ilgari suradi. Uningcha, fan taraqqiyoti ilmiy-tadqiqot dasturlarining almashinuvida namoyon bo‘ladi.
Yuqorida nomlari zikr qilingan faylasuflar uchun umumiy bo‘lgan narsa shundaki, barchasi bilimlar, ularning mantiqiy shakllarining taraqqiy etib borishini tushuntirishga urinadi. Bu esa, tafakkurni, ayniqsa, ilmiy-nazariy tafakkurni o‘rganishga dialektik metodni qo‘llash zarurligini ko‘rsatadi.
Dialektika ilmiy nazariy bilishning muhim metodidir. U bugungi moliyaviy iqtisodiy krizislar bilan kechayotgan ijtimoiy hayotda olamning globallashuvi sharoitida, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida sodir bo‘layotgan hodisalarni tahlil etish, murakkab vazifalarni ilmiy asosda qo‘yish va hal etishda yaxshi samara bermoqda. Birinchi Prezidentmiz I.A.Karimov takidlaganidek, “Million-million odamlarning qalbidagi ezgu intilishlarni, ularning hayot mazmunini ifoda qilish oson ish emas. Buning uchun biz dialektika qonuniyatlarini, ya’ni muayyan bir shaxs bilan butun bir xalq orzu-intilishlarini uyg‘un holda aks ettirish masalasini chuqur tushunib olishimiz zarur”26.
Dialektika metod sifatida, ya’ni ilmiy-nazariy bilish va umuman, fikrlashning, shu jumladan mantiqiy shakllar va qonunlarni tadqiq etish va amaliy muhokama yuritishning samarali vositasidir. Mana shu nuqtai nazardan yondashilganda dialektika bir vaqtda ham bilish nazariyasi, ham mantiqdir. Dialektika mantiq sifatida, ya’ni dialektik mantiq tarzida predmet va hodisalar to‘g‘risidagi fikr va mulohazalarni ularning o‘zaro bog‘lanishi va taraqqiyotida, mazmun va ifodalanishining mantiqiy shakli birligida olib o‘rganadi. U mohiyatiga ko‘ra, tafakkurlash usuli haqidagi ta’limotdir. Dialektik mantiqda dialektik qarashlar, kategoriyalar, ular asosida yaratilgan usullar, prinsiplar mantiqiy mano-mazmun kasb etadi. Ular tafakkurni borliq, undagi predmet va hodisalarning umumiy aloqadorligi, taraqqiyotini bilishga yo‘naltiradi.
Dialektik mantiqda bilimlarning taraqqiyoti uni ifoda qiluvchi mantiqiy shakllarning taraqqiyoti va o‘zaro aloqasida olib o‘rganiladi. Masalan ”atom” tushunchasi formal mantiqda qatiy bir ma’nosida olib o‘rganilsa va talqin qilinsa, dialektik mantiqda u bilish taraqqiyoti davomida kasb eta borgan mazmuni, u haqidagi tasavvurlar evomotsiyasi bilan birgalikda olib qaraladi va buning natijasida atom to‘g‘risida yangicha tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Shuningdek, dialektik mantiqda tafakkur shakllari bilish taraqqiyoti kontekstida olib tahlil etiladi. Xususan, ilmiy fakt, u to‘g‘risidagi mulohazalar, tushunchalar, o‘rnatiladigan qonunlar, ilgari suriladigan va asoslanadigan gipotezalar, g‘oyalar, nazariyalar, hal qilinadigan muammolar o‘zaro bog‘liq mantiqiy shakllar sifatatida tasvirlanadi.
Dialektik mantiqda, formal mantiqdan farqli o‘laroq, bilishning fikrlashning asosiy maqsadi qilib haqiqat belgilanadi. Formal mantiqda, ma’lumki bosh maqsad qilib fikrni formal jihatdan to‘g‘ri qurish, ya’ni to‘g‘ri tafakkur asoslanar edi. To‘g‘ri tafakkurning haqiqatga erishishning muhim, zarur, lekin yetarli sharti emasligini hisobga olsak, dialektik va formal mantiq o‘rtasidagi jiddiy farq tushunarli bo‘ladi.
Yuqorida bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, dialektik mantiq bilish jarayonining barcha jihatlarini o‘zida ifoda etadigan ilmiy-nazariy tafakkur shakllari va qonunlari to‘g‘risidagi ta’limotdir degan xulosa chiqarsak va ta’riflasak to‘g‘ri bo‘ladi.

Yüklə 1,13 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   94   95   96   97   98   99   100   101   ...   180




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin