mamlakatimizdagi barcha investitsiyalarning 20 foizdan ortig‘ini aholi investitsiyalari tashkil etgani, ayniqsa, e’tiborlidir. O‘zbekistonda aholining eng ko‘p ta’minlangan 10 foizi va eng kam ta’minlangan 10 foiz qatlami daromadlari o‘rtasidagi tafovut 2012-yilda atigi 8,0 barobarni tashkil etganini alohida ta’kidlashni istardim. Bu jahondagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, mamlakatimizda jamiyatning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida olib borilayotgan ijtimoiy siyosatimizning samarasi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi. Odamlarning o‘ziga o‘zi baho berishi, o‘zini aholining muayyan guruhiga mansubligini anglashi ularning turmush darajasi va sifatining umumiy hamda yakuniy indikatori hisoblanadi. Bu borada, albatta, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad bilan bir qatorda yashash sharoiti va standartlari, aholining obod va zamonaviy uy- joylar bilan ta’minlangani, odamlar istiqomat qiladigan muhitni rivojlantirish hamda obodonlashtirish, zarur infratuzilmaning mavjudligi va uning samarasi, aholini sifatli iste’mol tovarlari, shu jumladan, mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan ta’minlash, zamonaviy talablar asosida ta’lim olish hamda sog‘liqni saqlash tizimidan bahramand bo‘lish kabi hayot darajasini belgilaydigan muhim ko‘rsatkichlar inobatga olinadi. O‘zbekistonda yuqorida qayd etilgan aksariyat indeks va ko‘rsatkichlar bo‘yicha katta o‘zgarish va yutuqlarga erishildi. Bu haqda so‘z yuritganda, shuni aytish joizki, ayni paytda oilalarning 97 foizi o‘z uyiga ega, aholining 90 foizi uzoq muddat foydalaniladigan barcha asosiy tovarlar bilan ta’minlangan, har uch oiladan biri shaxsiy yengil avtomobilga ega, aholi iste’mol mahsulotlari bilan yetarli darajada ta’minlanmoqda.