25
davrida, masalan, o`tish iqtisodiyotida qonunlar, farmonlar ko`rinishida) va
ularning ildiz otishi (kengayib borishi) hamda qabul qilingan rasmiy normalarga
mos keluvchi yangi norasmiy normalarning shakllanishi;
·
ikkinchisi – qabul qilinayotgan rasmiy qoidalarning norasmiy
normalarga to`liq mos kelmasligi
shunga olib keladiki, norasmiy normalar ancha
“hayotiy” bo`lib chiqadi va buning natijasida yangi qabul qilingan rasmiy
qoidalarning norasmiy institutsionallashuvi yuz beradi;
·
uchinchisi – yangi rasmiy qoidalar ildiz otmaydi, bu ularning yo`qolib
ketishiga olib keladi.
Institutsional tizim samaradorligiga institutlar bilan bir
qatorda tashkilotlar
ham ta’sir ko`rsatadi. D.Nortning fikriga ko`ra [46], institutlar iqtisodiy nazariya
bilan yoritiladigan standart cheklovlar bilan bir qatorda jamiyat a’zolarining
imkoniyatlarini ham shakllantiradi.
Institutsional doiralar qaysi tashkilotlar (siyosiy organlar, iqtisodiy
tuzilmalar, jamoat muassasalari) hosil bo`lishi va ishlashini belgilab beradi.
Boshqacha aytganda: institutlar – bu “o`yin qoidalari”, tashkilotlar esa –
“o`yinchilar”. Biroq bu hol o`yinchilar jamiyatda o`rnatilgan “o`yin qoidalari”ga
majburiy tarzda amal qilishini anglatmaydi. Huddi institutlar kabi tashkilotlar ham
insonlar o`rtasidagi o`zaro munosabatlarni tarkiblashtiradi. “Tashkilotlar aniq
maqsadga yo`naltirilgan tarzda faoliyat ko`rsatuvchi, tashkilotchilar tomonidan
boylik, daromadni ko`paytirish uchun yoki boshqa maqsadlarda
tashkil etilgan
birliklar hisoblanadi. Ushbu maqsadlarni ko`zlagan holda, tashkilotlar asta-sekin
institutsional tarkibni o`zgartiradi” [46].
Tashkilotlar (korxonalar, firmalar)ning institutsional jarayondagi roli
hozircha kam o`rganilgan, biroq institutsional nazariya doirasida, xususan,
G.Kleyner tomonidan o`tkazilgan so`nggi tadqiqotlar shuni ko`rsatdiki, tashkilot
nafaqat tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchisi, balki quyidagi
asosiy funksiyalarni
bajaruvchi o`ziga xos “institutprovayder” hisoblanadi [30]:
·
ishlab chiqarish institutlari va kelishuvlar ishlab chiquvchisi va
tarqatuvchisi roli. Alohida tashkilotning muvaffaqiyatli tajribasi, unda
foydalaniladigan shartnomalar tizimining samaradorligi, odatda, bunday
tuzilmalarni tashkilotning ushbu usullaridan
foydalanishga undaydi;
·
institutlar inkubatori roli. Tashkilotning faoliyat ko`rsatishi natijasida
ushbu tuzilmaning o`ziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi va yakuniy
natijalarning katta samaradorligi bilan faoliyat ko`rsatuvchi yangi rasmiy qoidalar
va norasmiy normalar shakllanadi yoki, boshqacha aytganda tegishli institutsional
muhitda yangi institutlar hosil qilinadi;
·
yakka tartibdagi institutsional integrator roli (ushbu normaga amal
qiluvchilar tarkibiga yangi individlarni jalb qilish).
Institutsional yondashuvga muvofiq davlatni alohida tashkilot sifatida ko`rib
chiqish lozim. Davlatni institut (ijtimoiy shartnoma negizida rasmiy qoidalar
tizimini shakllantirish va ularga amal qilish mexanizmi) sifatida ham, tashkilot
(davlat boshqaruv
apparati tarkibi, qonuniy jazolash va majburlash tizimi) sifatida
ham tadqiq etish mumkin.