Radiotexnika vositalarini taʼmirlovchi- Texnika taraqqiyoti avj olgan hozirgi davrda yoshlarning radiotexnika vositalarini taʼmirlovchilik kasbini egallashga boʻlgan qiziqishlari ortib bormoqda. Deyarli hayotimizning har qadamida radiotexnika vositalari mavjud, turmushimizni ularsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.
Albatta, har qanday texnika bir tekisda sifatli xizmat koʻrsatib turishi uchun, texnika va yongʻin xavfsizligini oldini olish uchun ularni oʻz vaqtida profilaktika qilib maxsus mutaxassislar tekshiruvidan oʻtkazilib turilishi shart boʻladi. Bularni radiotexnika vositalarini taʼmirlovchi kasb egasi oʻz zimmasiga oladi.
Nosoz radiotexnika vositalarini taʼmirlash orqali texnik xizmat koʻrsatish ishlarini amalga oshiradi. Bu esa radiotexnika vositalarini taʼmirlovchiga oʻz xususiy ustaxonasini ochish va toʻgaraklar olib borish imkoniyatini beradi.
1. Ish faoliyatining mazmuni. Radiotexnika vositalarini oʻrnatish, sozlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish vazifasini bajaradi. Sxema va chizmalar asosida nosoz detallarni aniqlash, ularni taʼmirlash ishlarini amalga oshiradi. Radiotexnika vositalarini taʼmirlovchining asosiy faoliyati:
• sxemadagi har bir detalning ish jarayonini eslab qolish, ularni oʻrindosh detallarga almashtira bilish;
• mijozlardan buyurtmalar olish;
• buyurtmalarni vaqtida sifatli va kafolatli taʼmirlab berish;
• sxemalarni oʻzgartira bilish;
• xom ashyoni oʻz oʻrniga qoʻyib ishlata olish;
• radiotexnika vositalarini sxema asosida tekshira bilish;
• texnika xavfsizligiga rioya qilib ozoda va sifatli taʼmirlash;
• muomala madaniyatini oʻrniga qoʻyib halol xizmat koʻrsatish.