O’zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta’lim vaziligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti


"Devoni hikmat" asarida insoniy fazilatlarning ulug‘lanishi,nopoklik,nodonlik,dunyoparastlik kabi illatlarning qoralanishi



Yüklə 62,51 Kb.
səhifə3/6
tarix13.10.2022
ölçüsü62,51 Kb.
#118270
1   2   3   4   5   6
301. S.Ro\'zaliyev

2."Devoni hikmat" asarida insoniy fazilatlarning ulug‘lanishi,nopoklik,nodonlik,dunyoparastlik kabi illatlarning qoralanishi

Ahmad Yassaviy turkiy xalqlar orasida yangi bir tasavvufiy tariqat yaratgan va tasavvuf she’riyatiga asos solgan mashhur mutasavvuf ijodkordir.


Ahmad Yassaviy she’rlarini o‘z ichiga olgan majmua “Devoni hikmat” deb ataldi.
Yassaviy “turk shoirlarining dohiylaridan”, deb ta’riflagan Abdurahmon Sa’diy yozadi: “Yassaviy turk qavmlarining haqiqiy ma’nosi bilan chin shoirlaridan (lirik) va klassik shoirlaridandir. Ul g‘oyat hassos, ilhom va xayoli g‘oyat tabiiy va yengil o‘qishli bir shoirdir. Yassaviyning yuragi butun umriga ruhiy va ma’naviy ishq lovullab yonaturg‘on she’riy bir o‘tdir”1.
Turk olimi M.F.Kuprulizodaning Ahmad Yassaviy shoirlik faoliyatiga nazari va munosabati nisbatan boshqacha. Unga ko‘ra, Yassaviy arab va fors tillaridagi tasavvufiy asarlarni o‘qiy olmaydigan turklarga ma’rifat tarqatish va muridlariga tasavvufiy haqiqatlarni talqin etish maqsadida she’r yozgandir.
Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqulning ta’kidlashicha, “Fors-tojik tasavvuf she’riyatini yangi va yuksak bosqichga ko‘targan Sanoiy, Fariduddin Attor, Jaloliddin Rumiy singari mutasavvuf shoirlarning ijod namunalari bilan qiyoslaganda, albatta, “Devoni hikmat”dagi lirik tamoyilda o‘zgacha ma’no kasb etadi”2.
Ahmad Yassaviy birinchi bo‘lib hikmatnavislik an’anasini boshlab bergan ijodkor. Yassaviy hikmatlarining bosh fazilati va xosiyati shundaki, ular, eng avvalo, she’rxonni birlik kuchiga ishontiradi, ilohiy birlik shavqi bilan ko‘ngilni poklaydi. Yassaviy hikmatlarini o‘qigan kishi go‘zal axloq va yaxshi amal, yuksak orzu hissiga ega insonga aylanadi, asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, o‘tkinchi dunyo da’volaridan yiroqlashib, ma’no va mohiyatga yuz buradi. Chunki Ahmad Yassaviy ko‘zlagan bosh maqsad orifona maqsad bo‘lgan. Shuning uchun u o‘z ijod namunalariga hikmat nomini bergan.
Ahmad Yassaviyni asosan, bizgacha hikmatlari yetib kelgan. Diniy-tasavvufiy manzumalar X asrdan e’tiboran “Hikmat” deb atalganini M.F.Kuprulizoda alohida ta`kidlab o‘tadi. Mutasavvuf shoirlar, jumladan, Ahmad Yassaviy uchun ham hikmat laduniy mohiyatga egadir. Forobiyning ta’kidlashicha, hikmat beshigi faylasuflarning ongi emas, payg‘ambarlarning ko‘nglidadir.Ya’ni ilmi g‘aybi haqoyiq va ilohiy sirlarni kashf etmoq va ifodalamoq mazmuniga teng.
Ahmad Yassaviy islom dinining yetuk allomasi, shariat ahkomlarining targ‘ibotchisidir. Zero, u o‘z hikmatlari vositasida turkiy millatlarni musulmonlikka da’vat qilishni ko‘zlagan. Yassaviy nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy xalqlarning islom ma’rifatini egallashlari uchun beqiyos hissa qo‘shgan maslak sohibidir. Ahmad Yassaviy yassaviylik nomi bilan turkiy xalqlar orasida ilk marotaba yangi tariqatga asos solgan mashhur shayxdir. Uning tariqati – yo‘nalish turkiy tasavvuf yo‘li edi. Yassaviy hikmatlari xalqchil, sodda, ravon va yod olinishi qulay she’rlar bo‘lib, asrlar mobaynida turkiy xalqlarning ma’naviy-ma’rifiy kamol topishida muhim o‘rin tutib kelganligi shubhasizdir. Bu jihatdan, yirik yassaviyshunos olim F.Kuprulizoda “Devoni hikmat”ni xalq og‘zaki ijodi bilan diniy-tasavvufi ruhni hamohang ifodalagan ilk asar hamda turkiy tasavvuf adabiyotining eng qadimiy va eng muhim obidasi ekanini e’tirof etadi.
Yassaviydan keyin ham uning hikmatnavislik an’anasi yaqin kunlargacha davom etib kelindi. “Devoni hikmat”ning turli yillarda ko‘chirilgan va chop etilgan nusxalarida hikmatlarga naziralar bitib qoldirgan Qul Sulaymon ota, Ne’matulloh, Xolis, Qul Ubaydiy, Darvesh Ali, Qul Naziriy, Shamsiy kabi adiblar yassaviya hikmat maktabining ilg‘or vakillaridir.
Yassaviydan keyin “Nasabnoma”, “Risola dar tarjimai Ahmad Yassaviy”, “Mir’otul qulub”, “Hadiqat ul-orifin”, “Hujjatul abror”, “Javohir ul-abror”, “Lamahot”, “Silsilai nisbati mashoyixit-turk” kabi bir qator qadimiy asarlarda uning hayoti, ijodi, tariqati hamda ma’rifiy-irfoniy fikr-qarashlariga o‘rin ajaritilgan.
Ahmad Yassaviy ijodi tahqirlangan sho‘ro zamonlarida xalqimiz nazaridan chetda qolmaganligining sababi ham mana shunda. O‘sha zamonlardagi ta’qib va cheklashlarga qaramasdan fanning yassaviyshunoslik degan bir tarmog‘i yuzaga kelgan edi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki bu sohada olimlar tomonidan e’tiborli ishlar bajarilgan.
Yurtimiz mustaqillikka erishgandan keyin Ahmad Yassaviyning hayoti, tariqati va she’riyatiga doir bir qancha ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, uning turkiy she’riyat taraqqiyotidagi xizmatlari hali to‘la ko‘rsatib berilganicha yo‘q. Bu faqat o‘zbek olimlari tomonidan hal qilinadigan ish bo‘lmasdan, uni turkiy tilli xalqlarning olimlari hamkorlikda amalga oshirmoqlari lozim.
Ahmad Yassaviy ijodi, uning ijodida muhim o‘rin egallagan diniy-tasavvufiy adabiyot o‘rganilmagan deya olmaymiz. Chunki shoir ijodi, uning “Devoni hikmat”i haqida ma`lumotga egamiz, tadqiqotchilar tomonadan ozmi, ko‘pmi o‘rganilgan.
Ammo biz shoir ijodini tom ma`noda o‘rganishga istiqlol yillarida erishdik. Shoir hikmatlarida ilgari surilgan omil inson g`oyalari bugungi kunda juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Shuni aytish joizki, Yassaviyning o`zi oltmish uch yoshga kirguncha oilasi, farzandlari bilan umr kechirgan, bog`bonlik qilgan, kosataroshlik kasbi bilan shug`ullanib, muridlar tarbiyalagan. Biroq o`shanda ham shayxul mashoyixning qalbida Iloh muhabbati ustun edi, u dunyoga e'tibor qilmas, nafsni odamni buzadigan narsa deb qarardi. Bu e'tiqod unda ota meros bo`lib, Arslonbob va Yusuf Hamadoniy tarbiyasi tufayli yana kuchaygandi. Zotan, tarkidunyochilik — bu axir avliyolar tavbasi, ular mijoziga bu sug bilan kirgandir.
Avliyolar tarki dunyo qilishni barchadan talab qilgan emaslar, chunki uzlatnishinlik, zikru samo' darvesh «nasibasi» (ulushi). Yassaviy o`zini faqirlar zumrasiga kiritadi va bu bilan faxrlanadi. Faqir esa dunyoning asbobu axvolidan hech narsaga ega bo`lmagan,faqirlarning Alloh diydoridan o`zga talablari yo`q. Faqirlikni insoniylik mohiyati deb bilib, g`aniylik, egalikni Alloxning sifati hisoblaydilar.
«Devoni hikmat»da yoziladiki, Yassaviy ruhi hali u tug`ilmasdan Ilohga oshiq edi. Chunki hazrati Payg`ambar alayhissalom Me'roj tunida ko`kda faqr haykalini ko`rdilar (nur shaklida). Bu mening ruhim edi, deb yozadi Ahmad Yassaviy:
Me'roj uzra haq Mustafo ruhim ko`rdi.
O`shal ruhkim, Ahmad onasi hamlida paydo bo`lgan kuni uning vujudiga kirgan edi va tanasi bilan birga yashadi. Biroq ushbu ruhtanaga kirmasdan avval ham barkamol oshiq bo`lib, «ko`zi yoshli, boshi egik, qaddi hilol edi». Ya'ni toat-ibodatga moyil, komil musulmonning ruxi edi.
Shu bois bu ruh tanaga kirgan zahoti, jism bilan kelisholmay, o`z asliga qarab intildi:
To`qqiz oyu to`qqiz kunda yerga tushdim,
To`qqiz soat turolmadim, ko`kka uchdum.
Chunki bu ruxning vatani Tangri huzuri, jabarut olamidir.
Shuning uchun u arshu samolarni sayr qila oladi, Haqqa roz aytadi, jismoniy talablar, ya'ni hirs-u havas, hasad va manmanlik, lazzatparastlik timsoli nafs bilan jihod boshlaydi. Nafs esa dunyo demakdir. Boshqacha aytganda, tarki dunyo qilish — tarkinafs qilish, shaytoniy xirslarni jilovlash demak:
Nafs yo`liga kirgan kishi, rasvo bo`lur,
Yo`ldan ozib, toyib tuzib gumroh bo`lur,
Yotsa-qo`psa, shayton bila hamroh bo`lur,
Nafsni tepgil, tepgil, ey badkirdor!
Nafsga nafrat Ahmad Yassaviy she'riyatida kuchli ifodalangan. Inson zotini buzib, xarob etgan, eng qabih ishlarni qilishga yo`llagan narsa uning nafsidir. Jahongirlik, urush va vayronagarchiliklar, behisob qirg`in va shafqatsizliklarning sababi ham nafs. Solih inson avvalo nafsini yengadi. Fanofilloxga yo`l ochaman desang, nafsni o`ldir, ya'ni «o`lmasdan burun o`l», deb ta'kidlaydi turkning ulug` murabbiysi. Ammo bu yo`l og`ir va mashaqqatli. «Jondan kechmay ishq sharobini ichsa bo`lmas». Yassaviy «hikmat»larida «Mutu qabla an tamutu» (O`lmasdan burun o`ling), «Man arafa nafsahu faqad arafa rabbahu» (Kimki o`z nafsini tanisa, Rabbisini taniydi), «Dunyo va dirhamlarga qul bo`lganlarga la'natlar bo`lsin», degan hadislar keltiriladi. «O`lmasdan burun o`lmoq» — tirik turib nafsni o`ldirish bo`lsa, «Kimki nafsini tanisa, Rabbini taniydi» hadisi nafsning yomonligini anglashga ishoradir. Demak, nafsning yomonligini anglagan unga qarshi kurashadi va shu kurash uni Rabbini tanishiga ko`maklashadi.
Shunday qilib, dunyo aloqasidan qutulgan oshiq inson tariqat bosqichlarini o`tayotib, o`zidagi yomon xislatlarini tark eta boradi va yaxshi sifatlarni kasb etadi. Natijada boylik tarki, nafs tarki yomon xulq-atvor, zolimlik va shafqatsizlikni tark etish bilan baravar davom etadi. Solik iztiroblarga sabr qilib, Xudo yodida yashab, zikr-u toatni kanda qilmay, qalbini ilohiy nurga to`ldirib boradi.
Ma'lum bo`ladiki, tarki dunyo deganda Ahmad Yassaviy boylik tarki, kishining o`zidagi yomon xislatlar tarki barobarida yomon odamlar, zolim va nodonlar tarkini ham nazarda tutadi.
U deydi:
Tariqatni shavqu zavqi kuymoq-yonmoq,
Haqdan qochqon nojinslardan qochib tonmoq,
Yuz ming turluk jafo teksa, bo`yun sunmoq.
Haqdan qochganlardan qochish. Hamma gap ana shunda. Haqdan qochganlar — imonsizlar, nojinslar, kazzob, firibgarlar. Haqdan tonganlardan tonish esa tasavvuf axlining imonidir. Shoir oltmish uch yoshga kirganda o`z xonaqohining bir burchagida yer osti hujra yasab, endi menga yer yuzida yashash harom, deb shu hujraga kirib ketadi. «Devoni hikmat»dagi bir turkum she'rlarida bu uzlatning sabablari tushuntiriladi. Bu sabablardan biri — Rasuli akramga muhabbat, sidq-u sadoqat ibrati bo`lsa, ikkinchisi nodon va nojinslar, xudobexabarlardan qochish edi:
Yer ostiga qochib kirdim nodonlardan,
Dono topmay yer ostiga kirdim mano.
Xullas, tarkidunyochilikni ijtimoiy zararli hodisa, deb bilish u qadar to`g`ri emas. Buni oshiq qalbning ehtiyoji, deb qarash lozim. Odamlar tarkidunyo qilgan chin so`fiylarga qarab ibrat olganlar, yaxshilik qilish, mehr-u shafqat ko`rsatish,
Xudodan qo`rqish xissi paydo bo`lgan.
Bu o`rinda shuni ham aytish kerakki, dunyoga nafrat faqat so`fiylarning g`oyasi emas. Ushbu g`oya tasavvuf paydo bo`lishidan ancha oldin bor edi. Qadimgi bobilliklar, forslar, yunonlarning yozma yodgorliklari, ayniqsa, hind eposlarida dunyoning bevafoligi, insonlardan do`stlik va sadoqat kutish xato ekanligi haqida fikrlar mavjud. Tasavvufga aloqasi bo`lmagan Abul Faraj, Abu Nuvos, Al-Buxturiy, Abu A'lo kabi arab shoirlari, Rudakiy, Firdavsiy kabi fors-tojik shoirlari ijodida falaqdan shikoyat ohangi, insondan norozilik tuyg`usi aks etgan. Abu A'lo inson zotini la'natlab she'rlar yozadi, «Men otamning xatosiman» deya o`zidan ham nafratlandi. Ammo jahonning biror tadqiqotchisi Abu A'lo al-Maarriyni reaksion shoir demaydi.
Aksincha, u arablarning buyuk gumanisti sifatida tilga olinadi. Chunki Abu A'lo insonlar badbaxtligi, nuqsu kasofati, jaholat va vahshiyligini nafratli so`z bilan fosh etib chin inson uchun kurashgan edi. Ahmad Yassaviy ham shunday qildi. Farqi shundaki, u buni tasavvuf g`oyalari yordamida amalga oshirdi.
Yassaviyning tarkidunyochiligini zoxidlar tarkidunyochiligidan ham farqlash kerak. Zohidlar taqvosi tagida jannatdan umidvorlik, ya'ni tama mavjud bo`lsa, so`fiylar tarkidunyochiligi zamirida muhabbat yotadi.
So`fiy tafrid va tajrid bilan ruhini poklab, haqq ul-yaqin martabasi sari ko`tariladi, fano holati nashidasidan lazzat oladi. Shunga asosan, Yassaviyning muqaddas ruh tili bilan aytgan «hikmat»larini reaksion, g`ayriinsoniy deyish noto`g`ri. Xoja Ahmad Yassaviy umr bo`yi mazlumlar, yetim, g`ariblarni himoya qildi, o`z halqasiga oldi. Darveshlar, sofdil, solih odamlar uning ta'limotini qabul qilib, el orasiga yoydilar. Shoir hirs-u hasadni, jaholatni tanqid qildi, harom yegan qozilar, rishva olgan muftilarni, riyokor shayxlarni mazammat etdi. Shumi «reaksion» g`oya?
Ahmad Yassaviy she'riyati eng xalqchil va xalqsevar, haqsevar she'riyatdir. Uning g`oyalari insoniyat qozongan eng ardoqli g`oyalar qatorida abadiy yashab kelaveradi.
Pokiza ilohiy muhabbat shavq-u zavqini kuylash Xoja Ahmad Yassaviy ijodida alohida o`rin egallaydi. Ishq — ruhni dunyoviy g`uborlardan tozalaydigan, qalbga bir olov — nur bo`lib kirib, uni Parvardigor vasliga hidoyat etadigan qudrat, ma'rifat va haqiqatga oshno etuvchi, kishiga o`zligini anglash, insoniylik mohiyatini kashf etishga yordam beruvchi kuch,mis vujudni oltinga aylantiruvchi kimyo. Ishq ham dard va ham darmon, ham azob va ham rohat. Tariqatning barcha masalalari — hol va fano, botin va zohir, hayrat va tavhid, bexudlik va devonalik va hokazolar ishq tushunchasi orqali anglashiladi va tushuntiriladi.
Chunki ilohiy muhabbat mohiyatini anglamagan odam tasavvufni ham tushunmaydi, tasavvuf talablari, tariqat yo`liga kirgan kishining aqida va g`oyalari, holatini idrok etolmaydi. Yassaviy ijodidagi tarkidunyochilik, uzlat, sadoqat va shafqat g`oyalari ayni shu muhabbat g`oyasi bilan uzviy bo`lib, ularni bir-biridan ayri tasavvur qilish mumkin emas.
Zero, ko`nglida ishqi bor odamgina tun-u kun poklik va haqiqatning oliy timsoli bo`lgan Allohga intiladi, nafsga qarshi yurish boshlaydi, bu yo`ldagi ne-ne azoblar, xorlig-u xo`rliklarga chidaydi.
Keyin esa... Keyin ruhiy holat lazzatini topadi.
Ahmad Yassaviy o`zini «Haq taolo partavidan» bahramand bo`lgan, go`dakligida ilohiy ishq «jazbasi» tekkan kishi ekanini faxr bilan tilga oladi. Ma'lum bo`ladiki, valiylik, kashf-u karomat iste'dodining nishona berishi ham ishqdandir. Ya'ni chin oshiq — chin so`fiydir, boshqacha qilib aytganda, ishq Ilohni sevish, Unga sig`inib, nola-munojotlar qilishgina bo`lmasdan, balki Allohni tanish demak, o`z aslini tanish, kamolotga yetishish yo`lidir.
Ishq bog`ini mehnat tortib ko`kartmasang,
Xorlik tortib, shum nafsingni o`ldirmasang,
Alloh deyub ichga nurni to`ldirmasang,
Valloh-billoh, senda ishqning nishoni yo`q.
Ha, oshiqlikning belgisi — xokisorlik, kamtarinlik, sidq-u sadoqat. Oshiq bo`lgan odam o`zini barchadan kam deb hisoblashi, boshiga kelgan balolarga mardonavor chidashi, manmanlik, g`urur va takabburni, hasad-hirs kabi salbiy xislatlarni tark etishi kerak. Bugina emas, tama va manfaat timsoli bo`lmish dunyoni ham tark etishi kerak.
Chunki to dunyoning o`zini tark etmasa, nafs tamasidan xalos bo`lolmaydi kishi. Iloh oshig`i tariqat talablarini so`zsiz bajarib, faqr martabasidan fano sari intiladi. Ilohiyot olamining cheksiz go`zalliklari, abadiyat qudratidan hayratga tushadi, ruhi tiniqib, musaffo holga kiradi.
Ammo bu yo`l g`oyat og`ir va mashaqqatli: «Oshiq kuyar, jondan to`yar, Haqni suyar». Chin oshiqlarning ko`zi giryon, dili biryondir, deb yozadi Yassaviy. Haq zikrini mag`zi jondan qila olgan, muhabbat shavqidan «uch yuz oltmish tomirlari» tebrangan kishigina chin oshiqdir.
Dunyo rohatini afzal bilgan, mol-u mulkka, dunyoga berilgan kishi oshiqman desa, unga ishonmaslik kerak, u riyokor, «yolg`on oshiq»dir, deb yozadi Ahmad Yassaviy:
Ishq da'vosin menga qilma, yolg`on oshiq,
Oshiq bo`lsang, bag`ring ichra ko`z qoni yo`q.
Muhabbatni shavqi birlan jon bermasa,
Zoye' kechar umri ani — yolg`oni yo`q!
Yassaviy oshiqlarni zohid va obidga qarama-qarshi qo`yib tasvirlaydi. (Umuman, tasavvuf shoirlarida bu an'anaga aylangan edi). Nega shunday? Axir zohidlar tasavvuf ahliga butkul begona emaslar-ku? Tasavvufning talablaridan biri ham zuhd va vara' (parhez)dir. Ammo shunga qaramay, zohidlar bilan oshiqlar bir-biriga zid tabiatli kishilardir.
Chunki zohidlar taqvo va ibodat bilan shug`ullansalar-da, biroq tamadan xoli emas edilar, buning ustiga Xudoni yoniq ishq bilan sevish, ilmu irfon asroridan boxabarlik ular aqidasiga sig`mas edi. Shuning uchun tasavvuf ahli zohidlar, inchunin obid va mullalarni ham zohirbin kishilar, ya'ni zohiriy dunyo bilan, rasmu rusumlar bilan o`ralashib qolgan kaltafahm kishilar, deb hisoblaganlar.
Oshiq so`fiylar esa, tamadan mutlaq xoli edilar, ular uchun Alloh diydori hamma narsadan afzal hisoblangan va shuning uchun botiniy olamni rivojlantirish, ko`ngil oynasini poklash bilan ma'shuq — Ilohga musharraf bo`lish ishtiyoqida yonganlar.
Xoja Ahmad Yassaviy hazrati Muhammad alayhissalomni, Boyazid Bistomiy va Mansur Hallojni chin oshiq namunasi qilib tasvirlagan. Muhammad payg`ambar butun vujudlari bilan Alloh oshig`i edilar, ul zotning ko`kka ko`tarilishlari, Me'roj tuni Parvardigor bilan muloqotlari, faqrning nurli haykalini ko`rishlari, yerga tushib, faqir, g`ariblarning boshini silashlari hammasi oshiqlikning boisidir, deydi Yassaviy.
Ul Buroqqa boqub anda hayron qolur,
Oshiq bo`lmay ul Buroqqa minib bo`lmas.
Hazrat Muhammad alayhissalom Xoja Yassaviy uchun buyuk ideal, kamolot, ezgulik va xayr-u ehson, imon-u e'tiqod, sadoqat va muhabbatni jamuljam etolgan mukarram zot. Umuman, Ahmad Yassaviy tariqati — bu shariat va tasavvufni ajabtovur omixta etolgan, islomiy g`oyalarni so`fiyona ta'limotlar qatiga singdirib, turkona ruh bilan quvvatlantirgan tariqatdir.
Yassaviy ko`p marta tilga olgan va hayajon bilan kuylagan sifat-lardan biri hazrati Payg`ambarning mehribonligi, shafqat koni ekanligidir. Payg`ambar «g`arib, faqir, yetimlarning ko`nglin ovlashni» hayotining mazmuni deb bilgan, «ko`ngli qattiq xaloyiqdan qochgan» Yassaviy bu ishda ham payg`ambarga ergashganini bayon etadi:
G`arib, faqir, yetimlarni Rasul so`rdi,
O`shal tuni me'roj chiqib Haqni ko`rdi,
Qaytib tushib, g`arib, faqir holin so`rdi,
G`ariblarni izini izlab tushdum mano!
Hazrat Muhammad butun umri davomida ummatim deb yondilar, ummatning g`amini yedilar, bag`ri-dili qon bo`lib, ummatlari gunohini kechirishni Xudodan nola qilib so`radilar, kechalari toat-tilovat qilib chiqsilar. Ummatlariga qiyomat kuni shafe' bo`laman, shafoat keltiraman, deb va'da berdilar:
Yalang`ochlik, ochlikka qanoatlik Muhammad,
Osiy, jofiy ummatga shafoatlik Muhammad,
Tunlar yotib uyumas, tilovatlik Muhammad,
Yo`ldin ozgon gumrohga hidoyatlik Muhammad.
Ahmad Yassaviy Alloh oshig`i, ammo uning Allohga muhabbati Payg`ambarga bo`lgan muhabbat orqali o`tadi. Allohning habibi Rasuli akramni shoir qaynoq qalb bilan sevib madh etar ekan, Muhammad alayhissalom nurida barcha haqiqatlarni mushohada etadi. Yassaviy aqidasiga ko`ra, olam boshida Muhammad alayhissalom nuri yotadi. Tangri taolo avval shu Nurni ato etib, keyin o`zga olamlarni yaratgan. Bu Nur olam jamoli va kamolida mujassam. Yassaviy o`z ruhini ham ana shu Nur bilan payvasta deb biladi. «Me'roj uzra Haq Mustafo ruhim ko`rdi», — deb yozadi u.
Bu Me'roj kechasi Payg`ambar ko`kda ko`rgan faqr nuriga ishoradir. Shoir aytmoqchiki, men ham o`sha nurday pokman, o`sha nurdanman — faqirman, Payg`ambarning davomiman, mening ishqim o`sha Rasululloh ishqining davomidir. Axir Yassaviyning iiri buzurg-vori Arslonbob to`rt yuz yildan keyin
tilining ostida asrab Ahmadga yetkazgan xurmo hazrat Payg`ambarning ulushlari edi, ya'ni Yassaviy Muhammad alayhissalom faqrining, Muhammad alayhissalom sunnatining va Muhammad alayhissalom tariqatining merosxo`ri.
Shu bois Ahmad Yassaviy garchi Arslonbobdan, Xoja Yusuf Hamadoniydan ta'lim olgan bo`lsa-da, lekin haqiqiy piri murshid deb Muhammad Mustafoni tilga oladi. Shoir Payg`ambar g`oyalari, haqiqatini bir mast etuvchi sharob deb va ramziy ma'noda Payg`ambarning o`zlarini Piri mug`on deb ataydi:
Bihamdulloh piri mug`on may ichurdi,
Ul sababdin oltmish uchda kirdim yerga.
Piri mug`on Haq Mustafo beshak biling,
Qayga borsang vasfin aytib ta'zim qiling.
«Devoni hikmat»da hazrati Payg`ambarga bag`ishlangan bir turkum hikmatlardan tashqari qariyb barcha she'rlarida Payg`ambar nomi tilga olinadi. Birinchi hikmatdayoq ulug` shoir va sulton ul-orifin Rasulullohni poklik timsoli, ibrat va namuna qilib ko`rsatadi. Payg`ambarning shaxsi, doim hazrati Payg`ambarimizni «Haq Mustafo» unvoni bilan tilga oladi. Bu bilan, birinchidan, Muhammad sallallohu alayhi vasallam payg`ambari ekanini ta'kidlash bo`lsa, ikkinchidan Haq vasliga yetish, Alloh amrini ado etish, payg`ambar yo`lini
tutish, payg`ambar sunnatiga sadoqat ko`rsatish orqali borishini aytishdir.
Xuddi shu asnoda Ahmad Yassaviy Mansur Hallojni ham Iloh oshig`i, Haqqa yetgan ulug` inson sifatida kuylagan. «Devoni hikmat»da Mansur madhiga bag`ishlangan alohida she'r bor. Ma'lumki, Mansur Halloj ilohiy ishq avjida bexud bo`lib, «Anal-Haqq» degani uchun shariat axli tomonidan qatl etilgan edi. Lekin qizig`i shundaki, tariqatni shariatsiz tasavvur etolmagan, Muhammad Mustafoning muhibi Ahmad Yassaviy Mansurni kofir deb bilmaydi, mullalarga qo`shilib uni yomonotliq qilmaydi. Aksincha, Mansur g`oyalari chin ilohsevarlik g`oyasi sifatida talqin etiladi.
Yassaviyning fikricha, mullalar Mansurni tushunmadilar, uni nohaq qatl etdilar. Ahmad Yassaviyning yozishicha, Mansur «Haqni topgan devonalardan» biridir, undaylar «behush so`zlaydi». Aslida Mansur Halloj arshni ko`zlagan maqomlari baland zotlardan bo`lib, malomat yuzasidan «xalqqa o`zin» ataylab rasvo qilib yurar edi. Yassaviy bir qiziq xalqona rivoyatni keltirgan: Mansurni qatl etganlaridan so`ng, uning jasadini kuydiradilar. Olov ko`kka chiqqanda, maloikalar bo`zlab Haqqa nola qiladilar, jannat hurlari yo Mansur, deb aza tutadilar. Podshoh Mansurning kulini yig`ib daryoga otishni buyuradi. Qishda daryo toshib, xalq chora istab shoh oldiga keladilar. Podshoh nima qilishini bilmay, Zunnun Misriyga odam yuboradi. Zunnun Misriy Mansurning qatl oldidan qilgan bashoratiga binoan, uning kulidan bir hovuch olib qolgan edi. Zunnun «Yo Mansur» deb shu kulni daryoga tashlaganda, daryo orqasiga qaytib, xalq omon qoladi. Podshoh Zunnunga katta boylik tuhfa bermoqchi bo`ladi, ammo u «zohir gado, botin ichra man shahanshoh», deb mukofotni rad etadi. Ahmad Yassaviy bo`lsa, xulosada yozadi:
Botil ko`zlar xos valini tanimaslar,
Kim yaxshidur, kim yomondur, tanimaslar.



Yüklə 62,51 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin