Kumush, oltin va olmos to‘ylar. Hayotimiz farovonlashib borgani sari
to‘ylarning yangi ko‘rinishlari paydo bo‘lmoqda. Er-xotinning 25 yil, 50 yil,
75 yil birga oilaviy hayot kechirganiga bag‘ishlangan kumush, oltin va olmos
to‘ylarini o‘tkazish bilan bog‘liq yangi tantanali tadbirlar vujudga keldi.
Xalqimizning yoshi kattalarni, ayniqsa, qariyalarni hurmat qilish kabi qadimiy
an’analari hamda o‘zbek oilalarining mustahkamligi ana shunday yubiley to‘ylarini
o‘tkazish uchun asos bo‘ladi. Shuni alohida aytish joizki, bunday yubiley
to‘ylarini, ayniqsa, olmos to‘yini nishonlash hammaga ham nasib etavermaydi.
Shuning uchun oltin to‘y kumush to‘yga nisbatan tantanaliroq, olmos to‘y oltin
to‘yga qaraganda yanada yuksak tayyorgarlik darajasida tashkil qilinishi kerak.
Azaldan mustahkam an’analarga ega bo‘lgan o‘zbek oilalari hayotiga 60-
yillardan boshlab oltin, kumush va olmos to‘ylari kirib keldi.
80-yillar oxirida esa “oila bayrami” degan yangi to‘y shakli paydo bo‘ldi.
Endigina nikohdan o‘tgan yosh kelin-kuyovlar ham, kumush, oltin va olmos to‘y
egalari ham birgalikda sharaflanadi. Ushbu to‘ylar endilikda o‘lkamizning turli
120
shahar-qishloqlarida ham o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ular oilalarni mustahkamlashga
xizmat qiladi.