O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat universiteti


-MAVZU: Jaloliddin Davoniy, Husayn Voiz Koshifiy asarlarida ta`lim-tarbiya masalalarining ilgari surilishi



Yüklə 0,98 Mb.
səhifə52/150
tarix26.11.2023
ölçüsü0,98 Mb.
#134982
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   150
Maktabgacha va boshlang’ich-hozir.org

10-MAVZU: Jaloliddin Davoniy, Husayn Voiz Koshifiy asarlarida ta`lim-tarbiya masalalarining ilgari surilishi.
REJA:
1. Jaloliddin Davoniy ilm-fan va pedagogik fikrlar taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan qomusiy olim.
2. Jaloliddin Davoniy asarlarida ta`lim-tarbiya masalalarining ilgari surilishi.
3. Husayn Voiz Koshifiy xam o’z davrining yirik olimi
4. Husayn Voiz Koshifiy asarlarida ta`lim-tarbiya masalalarining ilgari surilishi.


Tayanch sozlar: «Risolat ul-mufradot», «Risolati fi tavjix ul-tashbix», «Risola dar elm un-nafs» , «Tariqati tarbiyat ul-avlod», «Arznoma», «Axloqi Jaloliy», donolik, adolat, shijoat, iffat, Hirot, Vizantiya, Ozarbayjon, Qirmon, hurmuz, Tabaristan, Xuroson, Jurmon.
Asosiy matn
1. Jaloliddin Davoniy ilm-fan va pedagogik fikrlar taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan qomusiy olim.


Jaloliddin Davoniy (1427-1502) o’z davrining ilm-fan va pedagogik fikrlar taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan qomusiy olim. Uning etuk olim bo’lib etishishida Samarqand, Hirot ilmiy muhitining, shuningdek, Vizantiya, Ozarbayjon, Qirmon, hurmuz, Tabaristan, Xuroson va Jurmon olimlari bilan uzviy aloqada bo’lganining katta ta’siri bo’lgan. Ayniqsa, Davoniyning madrasidagi uzoq vaqt mudarrislik faoliyati uning ta’lim-tarbiya to’g’risidagi qarashlarining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Taniqli faylasuf olim h. Aliqulovning tadqiqotlaridan ma’lum bo’lishicha, Davoniydan quyidagi ilmiy meros qolgan: «Risolai isboti zojib» (“Zaruriyatning isboti haqida risola”), «Risolat ul-mufradot» (“Moddalar haqida risola”), «Risolat ul-huruf» (“harflar haqida risola”), «Risolati fi tavjix ul-tashbix» (“Majoz talqini haqida risola”), «Risola dar elm un-nafs» (“Ruhshunoslik to’g’risida risola”), «Tariqati tarbiyat ul-avlod» (“Bolalarni tarbiyalash usuli”), «Arznoma» (“Armiyani boshqarish qoidalari”) kabilar shular jumlasidandir.
Ayniqsa, Davoniyning axloqiy tarbiyaga bag’ishlangan “Axloqi Jaloliy” asari dunyoning ko’p tillariga tarjima qilingan va shuhrat qozongan. Chunki bu asar Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy va boshqalarning asarlari qatorida turadigan barkamol inson kamoloti uchun eng zarur va axloqiy fazilatlar bayon etilgan.
«Axloqi Jaloliy» uch qismdan iborat. Birinchi qism – axloq faniga, ikkinchi qism – «Odamning ichki holati» oilaviy hayotiga, uchinchi qism – «Shahar (davlat)ni boshqarish va podshohlar siyosati», deb atalib unda muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar ko’tariladi. Chunonchi, jamiyatning paydo bo’lishi, davlat va uni boshqarish masalalari, xalqning farovon hayot kechirishida podsholarning o’rni, ilm-fan taraqqiyotining jamiyatda tutgan o’rni bayon etiladi.
Davoniy insonning kamolga erishishi uning boshqalar bilan munosabatiga ham bog’liq ekanligini ta’kidlaydi, jamiyatda, ma’lum ijtimoiy muhitda, boshqalar bilan aloqada shakllanib tarbiya topgan inson o’zi yashagan jamiyatda adolat hukmron bo’lsa, unda baxt-saodatga erishishi mumkin, deydi. Shuning uchun u «Axloqi Jaloliy» asarida jamiyatni adolatli — fozil shaharga va johil shaharlarga bo’ladi. Forobiy kabi Davoniy ham fozil shahar boshqaruvchisida o’nta eng yaxshi fazilat mujassamlangan bo’lishi kerak, deydi. Bular: birinchisi — hukmdor odamlarni e’zozlashi; ikkinchisi — davlat ishlarini adolatli ijro etishi; uchinchisi – hirs va shahvatga berilmasligi; to’rtinchisi – hukmdorlikda shoshma-shosharlik va g’azabga yo’l qo’ymasligi, balki shafqat va muruvvatga asoslanishi; beshinchisi – xalqining ehtiyojini qondirish uchun xudoning irodasidan kelib chiqishi; oltinchisi – xalq ehtiyojini qondirishga oid ishlarni bajarishga harakat qilishi; ettinchisi — xalqqa nisbatan odil bo’lishi; sakkizinchi – har bir ishni maslahatlashib, kengashib hal etishi; to’qqizinchisi – har bir kishini uning qobiliyatiga monand lavozimga tayinlashi, qobiliyatsiz kishilarga yuqori lavozim bermaslikni; o’ninchisi — adolatli farmonlar chiqarishi, qonunni buzishga yo’l qo’ymaslik kabilardir. Shuningdek, Davoniy hukmdorning diniy majburiyatlarga ham rioya etishi kerakligini ta’kidlagan. Ko’rinib turibdiki, adolatli shoh timsoli Davoniy istagan axloqiy kamol topgan shaxsdir.
Davoniy «Axloqi Jaloliy»da ijtimoiy-siyosiy masalalarga qayta-qayta murojaat etadi. Chunonchi, jamiyatning paydo bo’lishi, davlat va uni boshqarish masalalari, adolatli va adolatsiz podsholar, ilm-fan taraqqiyotining jamiyatda tutgan o’rni, aqliy va axloqiy tarbiya, insonda ijobiy xislatlarni tarkib toptirish masalalari bayon etiladi.
Davoniy o’z asarida insonni ijtimoiy mavjudot sifatida qaraydi, inson faqat jamiyatda, kishilar orasida, ular bilan munosabatda shakllanadi, degan fikrni ilgari suradi. U o’tmish olimlarining ta’lim-tarbiyaga oid asarlaridagi an’analarni rivojlantirgan holda o’z qarashlarini o’tkir psixolog, ya’ni ruhshunos olim sifatida ham talqin etadi, uning fikricha, bola yaxshi fazilatlarni ta’lim-tarbiya natijasida egallashi mumkin. Chunki, bolada his-tuyg’u juda erta shakllana boradi, u ulg’aya borgan sari ayrim juz’iy narsalarni ham ajrata boshlaydi, tana a’zolari mustahkamlanadi, narsa va hodisalarni bir-biridan ajrata boshlaydi, yaxshilik va yomonlik to’g’risida tasavvurga ega bo’la boshlaydi, aqli to’lishib, ongi o’sadi, deydi olim.
Bola o’ta ta’sirchan va taqlidchan bo’lishini ta’kidlar ekan, olim yaxshi fazilatni ham, yomon fazilatni ham u tezda qabul qilaverishi mumkinligini alohida uqtirib o’tadi. Bola qalbini naqsh solinadigan, suratlarni osonlikcha tushirish mumkin bo’lgan taxtaga o’xshatadi.
Davoniyning fikricha, bolaning tarbiya olishi, odob-axloqli bo’lishi uning keyingi tarbiyasiga ham bog’liq. Chunki hayotda har kuni bola ko’radigan, muloqotda bo’ladigan narsalar uning xulqiga yaxshi va yomon tomondan ta’sir etadi. U ota-ona tarbiyasi bilan muallim tarbiyasini taqqoslar ekan, muallimning tarbiya metodlari ota-onanikidan yuqoriroqdir, deb ta’kidlaydi. Chunki ota bolani jismonan hayotga keltirib, uni jismoniy tarbiyalasa, muallim uni ma’naviy jihatdan kamolotga etkazadi, deydi olim. Ruh qanchalik badanga yaqin tursa muallim ham tarbiya borasida ota-onaga shunchalik yaqin deb ko’rasatadi.
Pedagogik qarashlarida aqliy tarbiya va bilimlarni egallash masalalari muhim o’rinni egallaydi. Bolalarga bilim berishni yoshlikdan boshlash zarurligini ta’kidlaydi. Davoniy inson aqlining qudratiga, uning ijtimoiy hodisalarni bilishiga, aql ilohiy ulug’ bir ne’mat, haqiqat mezoni ekanligiga ishonadi. Chunki inson aql yordamida o’z xatti-harakatini, faoliyatini boshqaradi.
Davoniyning fikricha, aql ijtimoiy hayotning barcha sohasida, xoh davlat ishida, xoh ilmni o’rganishda, xoh ijobiy xulq-odob qoidalarini egallashda bo’lsin, xoh shirinsuxanlikda, she’riyatda bo’lsin, faol qatnashadi. Uning bu aqidasi, ya’ni aqliy bilishga tayanishi ilm-fan, ma’rifat, ta’lim-tarbiya va axloq masalalarini talqin etishida ko’proq namoyon bo’ladi.
Davoniy shuning uchun ham bolalarga ta’lim-tarbiya berishda aqliy tarbiyaga katta o’rin beradi. Ilm kishilarni yomon odatlardan, razil ishlardan saqlaydi, ilm bilan shug’ullanish har bir inson uchun hech qachon kech bo’lmaydi, deydi Davoniy. Aflotundan: «Qancha vaqtgacha ta’lim olish va ilm o’rganish yaxshi?—deb so’rabdilar. U: nodonlikning va johillikning ayb ekanligi qay vaqtgacha bo’lsa, ilm o’rganish o’sha vaqtgacha yaxshidir49»—deb javob bergan ekan.
Davoniy olimlarning jamiyatda, davlatni boshqarishda tutgan o’rniga katta ahamiyat beradi, uning fikriga ko’ra haqiqiy olim davlat ishlarida faol qatnashishi, jamiyatga foyda keltiradigan murakkab muammolarni echishda ishtirok etishi kerak. Olimlar tabiat sirlarini o’rganish, ta’lim-tarbiya ishlari bilan shug’ullanishi, omma o’rtasida adolat qoidalari hamda axloq normalarini tarqatish bilan shug’ullanishi, boshqalardan ilgarigi safda turishi kerak. Ularning maslahatlaridan davlat muassasalarini boshqaruvchilar foydalanishi muhim, deb uqtiradi
Davoniy ham boshqa mutafakkirlar kabi podshohlarning ma’rifatli bo’lishini istaydi. Ana shunday podsholar o’z atrofiga bilimdon kishilarni to’playdi va ilm ahlining jamiyat tarakqiyotida katta rol o’ynashini tushunadi, deydi.
Davoniy insonning ma’rifatli, yuksak fazilatli bo’lishida tabiiy fanlarning roli katta, deydi. Matematika, astronomiya, tibbiy fanlar jamiyatga ulkan foyda keltiruvchi ilm sohalaridir, deb biladi. Riyoziyot fanini o’rgangan kishining tabiati qat’iy va sabotli bo’ladi, deydi. Tib ilmining esa jamiyatga foydasi haqida gapirib, tabiblarga zarur bo’lgan kasalga tashxis qo’yish masalalariga to’xtab o’tadi. Tabib bemorga to’g’ri va aniq tashxis qo’ygandan so’nggina bemorni davolashi kerakligini uqtiradi.
Davoniy insoniy fazilatlardan donolikni tahlil etar ekan, inson o’zining aqliy qobiliyatini, iste’dodini tarbiyalash uchun quyidagilarga amal qilishi:
birinchisi, zukkolik — zehn o’tkirligi. Bu kishining har xir masalani tezda hal qila olish, unda o’zi istagan natijani ola bilishida deb ko’rsatadi. Bu malakani hosil qilish uchun kishida tajriba va harakatchanlik bo’lishi talab etiladi;
ikkinchisi — faxmlilik. Bunda kishining keraksiz va inkinchi darajali masalalarga ortiqcha to’xtalmasdan, butun diqqatni muhim va zarur masalalarga tez qarata bilishi qobiliyati, ya’ni murakkab va chigal masalalar ichidan eng muhimini tanlay bilish malakasini hosil qilish talab qilinadi;
uchinchisi — zehn ravshanligi deb ko’rsatiladi. Bu biror masalani hech qanday qiyinchiliksiz, oson yo’l bilan hal qilish iste’dod;
to’rtinchisi – bilimni tez egallash qobiliyati. Kishi ma’lum masalaga butun diqqat e’tiborini qarata olishi va uning hech qanday qarma-qarshiliksiz o’zlashtira olishi;
beshinchisi – qo’yilgan muammoni tezda anglashi;
oltinchisi – yodlash qobiliyati. Insonning ilgari his etgani va tasavvur qilganlarini esda saqlash qobiliyati
ettinchisi – xotira. Yod olingan, his qilingan narsalarni kerak bo’lganda eslash qobiliyati tezda ishga solishi lozim, deb, ko’rsatadi.50
Demak, Davoniy kishi yoshlikdan o’z qobiliyatini o’stirishi, rivojlantirishi lozimligi, agar u haqiqiy baxt-saodatga erishmoqchi bo’lsa, yuqoridagi aqliy qobiliyatni rivojlantirishga yordam beruvchi fazilatlarni egallashga harakat qilmog’i lozim, deydi.
Davoniy shu bois insonning aqliy sifatlari rivojlanishiga katta ahamiyat beradi.
Davoniy bolalarning aqliy qobiliyatini rivojlantirish bilan kasb-hunar o’rgatish haqida ham qimmatli fikrlarni bildirgan. Davoniy muallimning bolalarni qaysi kasbga qiziqishi, qobiliyatini yaxshi bilishi zarurligi haqida gapirib, bola qiziqib biror hunar yoki ilm bilan shug’ullansa, unga har qanday sharoitda ham imkoniyat yaratib berish kerak, deb uqtiradi. Albatta, hamma kasblarni egallab bo’lmaydi, ammo har-bir odamning biror kasbga qobiliyati bo’ladi, deydi olim. Biror kasbni egallab olishga intilgan kishi butun iste’dodini sarf etib, ana shu kasbni tezda o’rganib oladi. Bunday fikrni buyuk mutafakkir Forobiy ham o’z vaqtida ta’kidlab o’tgan edi.
Agar u yoki bu shaxsning muayyan kasb-hunarga ishtiyoqi bo’lmasa, uni majbur qilish mumkin emas, aks holda u o’zini qiynaydi va bu kasb-hunar unga baxt-saodat keltirmaydi deydi. Davoniy insonga foyda keltiradigan kasb-hunarni uchga bo’ladi: buni kishilarning ruhiy quvvatiga bog’lab ko’rsatib, birinchisini inson aqliga tegishli, deb ko’rsatadi va bunga vazirlik kasbini kiritadi. Ikkinchisi ta’lim-tarbiya natijasida vujudga keladi, deb bunga astronomiya, matematika, tibbiyot, geometriya fanlari bilan shug’ullanishni kiritadi. Uchinchisiga kishilarning shijoati, jasurligi bilan bog’liq kasblarni, ya’ni dushmanga qarshi kurash, chegarani qo’riqlash va boshqalarni kiritadi. Olim kasbi bo’lmagan, biror kasb bilan shug’ullanmaydigan kishilarni qattiq tanqid qiladi. Otasining mol-mulkiga ishonib kasb-hunar egallamaydigan yoshlarni qoralaydi. Mehnat qilish, hunar egallashni targ’ib qilar ekan, mehnat inson kamoloti va baxt-saodati manbai, deb hisoblaydi.
Davoniyning kasb-hunar haqidagi qarashlari shu bilan ahamiyatliki, u oddiy xalq mehnatini, ulug’laydi, insonning faqat mehnati tufayligina baxt-saodatga erishuvi mumkinligini, mehnat insonning shaxs sifatida kamol topishining bir mezoni ekanligini isbotlaydi.
Davoniy kishi xususiyatlarini ikkiga bo’ladi: biri tug’ma, ikkinchisi hayot jarayonida paydo bo’ladigan xususiyatlar. Tug’ma xususiyatlarga kishilarning aqliy va xulqiy sifatlari, qobiliyatlari kiradi. Masalan, faraz qilish qobiliyati bir-birini tezda tushunish iste’dodi va boshqalar. Lekin, Davoniy kishilarning ba’zi bir tug’ma xususiyatlarini, qobiliyati va malakalarini tan olgan holda hayot jarayonida kasb qilinadigan xususiyatlarni ham inson kamoloti uchun muhim deb hisoblaydi. Inson xususiyatlari yoshlikdan, tarbiya natijasida, kishilar bilan o’zaro munosabatlarda kasb etiladi, har bir fazilat vaqt o’tishi bilan yangilanishi va o’zgarishi mumknn, rivojlanib takomil-lashib boradi. “Agar (inson) xulqi, – deb yozadi olim,— o’zgaruvchi bo’lmaganida edi, siyosat va tarbiyaning keragi bo’lmas edi”51
Yuqoridagi fikrlarga asoslanib, Davoniy insoniy fazilatlarga ega bo’lishda ta’lim-tarbiyaning o’rniga katta ahamiyat berganligining guvohi bo’lamiz.
Davoniy insoniy fazilatlarni to’rtga bo’ladi: donolik, adolat, shijoat, iffat. Bular orqali qadim-qadimlardan insonning xulq-odobi belgilangan. Inson fazilatlarini dastlab Sharq mutafakkirlaridan Forobiy, Beruniy,Ibn Sino, Nasriddin Tusiy, Ubayd Zokoniy va boshqalar ham shunday tasnif etganlar.
Davoniy mardlik va shijoatkorlikni ham insonning eng zarur fazilatlaridan, deb hisobladi. U shijoatga kamtarlik, yumshoq fe’llik, botirlik, sabot-matonat, chidamlilik kabi sifatlarni kiritadi. Shijoatga kishining xatti-harakati va boshqalar bilan munosabatini baholaydigan tushuncha deb qaraydi.
Olim agar inson biror xavf-xatarga duch kelsa, o’zini mahkam tutib, esankiramasligi, sabotli bo’lishi zarurligi, ana shu xislatlar shijoatga kirishini aytadi. Shijoatkorlik ham aqlga bo’ysunishi kerak, deydi.
Davoniy qo’rqoqlikni shijoatkorlikka qarama-qarshi qo’yadi. Ba’zi qiyinchiliklardan qochgan, engil hayot kechirish yo’lini o’ylaydigan kishilarni olim qo’rqoq va yuraksiz kishilar, deb aytadi.
Demak, Davoniy davlat hamda jamiyatga foyda keltiruvchi kishilarni haqiqiy shijoatli kishilar deb biladi. Olim sabot-matonatni shijoatning tarkibiy qismiga kiritadi. U Ibn Sino fikriga yanada chuqurroq yondoshib har qanday ehtiyoj, har qanday faoliyatni shijoatga qo’shmaydi. Davlat manfaatlariga bo’ysunadigan, kishilik jamiyatiga xizmat qiladigan inson faoliyatini shijoat deb ataydi.
Sharq mutafakkirlari adolat tushunchasiga alohida fazilat sifatida qaraganlaridek, Davoniy qarashlarida ham adolat tushunchasi asosiy o’rinni egallaydi.
Olim adolat fazilatini 42 ga buladi. Bulardan eng muhimlari safo, do’stlik sadoqat, mehr-shafqat, o’zaro hurmat... kabilardir, deydi. Davoniy sadoqatni sodiq kishilar o’rtasidagi do’stlikni mustahkamlaydigan xislat sifatida qarab, odam o’ziga nimani istasa, do’stiga ham shuni ravo ko’rishi va shu tarzda harakat qilishi lozim, deb hisoblaydi. Demak, Davoniy adolatli kishilar o’rtasidagi haqiqiy do’stlikni insonparvarlik, o’zaro hurmat bilan bog’liq qolda tasavvur etadi.
Davoniy adolatni inson aqliy kamoloti bilan birgalikda qaraydi. U hamma ruhiy quvvatlar birlashib aqlga bo’ysungan taqdirdagina haqiqiy adolat namoyon bo’ladi, deydi. haqiqiy odil kishi butun quvvatini, aqlini yaxshi xislatlarni kasb etishga qaratishi kerak, adolat odamlarni baxt-saodatli qilishi lozim deb ta’kidlaydi olim.
Qanoat tushunchasini Davoniy kishi ruhining yaxshi mevasi deb hisoblaydi. U qanoatni zaruriy xatti-harakatlar bilan bog’lab tushuntirishga intiladi. Kishi faqat zaruriyatga asoslanib ish tutishi lozim, hayotda inson eng zarur narsalarga intilishi kerak, ya’ni eyish-ichish, hissiyotlarga berilish va boshqa xatti-harakatlarda me’yorni bilish, mo’’tadillikka rioya etish, boylikka hirs qo’ymaslik, qanoatni anglatadi, deydi.
Davoniy inson o’rtasidagi do’stlik tuyg’usini ham ulug’lab, bolalarni do’stlik ruhida tarbiyalashga katta ahamiyat beradi. Bola dunyoqarashining tarkib topishida do’stlikning ta’siri katta. Do’stsiz inson muayyan jamiyatda yashay olmaydi. Do’st o’zaro muomalada ayniqsa, inson boshiga kulfat tushganda bilinadi, ammo haqiqiy do’st bilan soxta do’stni ajrata bilish kerak, deb uqtiradi olim. Dushman esa kishining o’ziga, kamchiligiga e’tibor bermaydi, balki hammaning oldida uni fosh qilishga intiladi, deydi.
Davoniy kishilar o’rtasidagi adovatni ham qoralaydi. O’zaro nizolarda hurmat yo’qoladi, shubha va gumonlar ko’payib, janjallar chiqadi, deb ta’kidlaydi.
Davoniyning tarbiya tizimida odamlarda uchraydigan nuqson va yaramas odatlarni bartaraf etish haqidagi fikrlari ham diqqatga sazovor. Masalan, Davoniy salbiy ruhiy quvvatlar: jahl, g’azab, hasad, g’amginlik, dangasalik va boshqalar haqida gapirib, bular ruhiy jarayon bo’lib, ularni davolash yo’llari, usullari haqida gapiradi. Chunki bu ruhiy kasalliklar ham inson tanasidagi kasalliklarga o’xshab, davoga muhtoj deydi, uning fikriga ko’ra, kishi tanasidagi kasalliklarni tibbiyot yo’li bilan davolansa, kishilarning yaramas odatlarini ruhiy ta’sir natijasida davolash mumkin. Jismoniy davo ovqat yoki dori-darmon vosita-sida amalga oshadi, ruhiy kasalliklarni davolash esa, yuqoridagi usullardan birmuncha farq qiladi. Ruhiy kasalga chalingan odam eng avvalo yaxshi xatti-harakatlar qilishga odatlanishi zarur. Shundagina u yomon odatlardan xalos bo’ladi, deydi.
Davoniy g’azabni eng og’ir ruhiy kasallik deydi. G’azab kishining katta nuqsoni, kamchiligi, aqlsizligidir, agar aql g’azab va hissiyotga bo’ysunsa, kishi hayvon darajasiga tushib qolishi mumkin, chunki hayvonning aqli bo’lmaganligi tufayli u g’azab quvvatini o’ziga bo’ysundira olmaydi. Inson aqli bo’la turib g’azabni bo’ysundira olmasa, buni hech qachon kechirish mumkin emas. U hamma vaqt o’z g’azabini aqlga bo’ysundirishga harakat qilishi kerak, shundagina u haqiqiy inson bo’lib etishishi mumkin, deydi. Olim kishilar ruhiyati haqida gapirar ekan, g’azab quvvatini quyidagilarga bo’ladi: ba’zilar tez g’azabga keladi va tez jahldan tushadi, ba’zilar esa sekin-asta g’azablanib, tez jahldan tushadilar, ba’zilar tez g’azablanib, uzoq vaqt jahllaridan tushmay yuradilar. Davoniy g’azab turlaridan ikkinchisini yaxshisi deb, eng oxirgisini yomoni deb belgilaydi.
Demak, Davoniy kishilarning salbiy ruhiy holatlarini davolash mumkin, deb ishonadi va ularni yaxshi maslahat berish, so’z bilan, jazo va mehnat qildirish yo’llari bilan tarbiyalasa bo’ladi, deb hisoblaydi.
Davoniy insoniy xislatlar: mehnatsevarlik, to’g’rilik, insoniylik, yaxshilik, xushmuomalalik, odillik, donolik va boshqa xislatlarni ijobiy baholaydi. U insondagi barcha xislatlarni aqliy faoliyat bilan bog’laydi.
Shunday qilib, Davoniyning ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya va axloq to’g’risidagi fikrlari ta’lim-tarbiya tarixida muhim ahamiyatga ega. Chunki u yuksak axloqiy fazilatlarni tarannum etadi, kishilarning baxt-saodatli bo’lishi uchun tavsiyalari hozirgi davrda ham o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Davoniyning aqliy tarbiya, insoniy fazilatlarni tarkib toptirish borasidagi tarbiya usullari Sharq pedagogikasining qimmatli xazinasi bo’lib hisoblanadiki, bulardan biz ta’lim-tarbiya jarayonida foydalansak, milliy qadriyatlarimizga murojaat etgan bo’lamiz va u ta’lim-tarbiyani takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Yüklə 0,98 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   150




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin