Cho\'lponning o\'zbek she\'r tizimidagi islohotlar. Hikoyalari
Cho‘lpon — jasorat timsoli Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon! U hali o‘smirlik chog‘laridayoq Vatani Turkiston taqdiriga befarq bo‘lmagan. Otasi Sulaymonqul bazzozning g‘amxo‘rligi, moliyaviy ko‘magi tufayli Turkistondan tashqarida chiqadigan turkiycha, ruscha gazetalarni olib o‘qishga erishgan. Ularda hatto o‘zining ijtimoiy-siyosiy xabarlari, maqolalari bilan qatnashib turgan. Turkiy dunyoning ulug‘ ma’rifatparvarlari Ismoil G‘aspirali, Zaki Validiy To‘g‘on, Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev va boshqalarning nazariga tushgan, ba’zilari bilan o‘zaro yozishmalar qilgan.
Bu o‘ta murakkab, Turkistonning ko‘p millatli xalqi qashshoqlik, chorasizlik, ma’rifatsizlikka mahkum bo‘lgan, aytish mumkinki, jaholatga botgan yillar edi. O‘sha yillari, ya’ni 1917 yili Rusiyada inqilob ro‘y berib, podshoh taxtdan ag‘darildi. Hokimiyat tepasiga Lenin boshliq bolsheviklar keldi. Turgan gapki, bunday evrilish Turkistonda ham ro‘y berdi. Mahalliy boshqaruv idoralari xodimlari orasida musulmonlar qariyb yo‘q edi. Ayniqsa, viloyatlar, qishloq va shaharlarda hokimiyatni savodsiz matrosu askarlar, uzoq muddat surgunda hamda qamoqlarda o‘tirgan alamzada kishilar, dashnoqlar ustiga-ustak, ichkilikka berilgan qalang‘i-qasang‘ilar boshqara boshladilar. Cho‘lpon istiqlol orzusida isyonga yo‘g‘rilgan ilk she’rlarini o‘sha yillarda yozgan.
Mamlakatdagi xo‘jasizlik, boshboshdoqlikdan foydalanishni ko‘zlagan ma’rifatparvar jasur bobolarimiz Toshkentda Turkiston muxtoriyatini e’lon qilmoqchi bo‘ladilar. Lekin bu ezgu niyatga bolsheviklar izn berishmaydi, ularni shahardan siqib chiqarishadi. Natijada Vatan fidoyilari ezgu niyatlarini Qo‘qonda amalga oshirib, Qo‘qon muxtor jumhuriyati tuzilganini e’lon qilishadi. Bu Rusiya tarkibidagi asosan madaniy-ma’rifiy, ta’lim sohasida mustaqillik istagan respublika edi. Ammo g‘anim ularni ayovsizlarcha bostiradi, odamlarni qirg‘inbarot etib, shaharning kulini ko‘kka sovuradi. Qo‘qon uch kun yonadi. Mazkur erksevarlar safida o‘sha paytdagi nomdor shoir va yozuvchilar qariyb bo‘lmagan. Faqat Cho‘lpongina ishtirok etgan, isyonga chorlovchi she’rlar o‘qigan. U Orenburgda tuzilgan Tatar-Boshqird respublikasi davlat raisining kotibi bo‘lib ham ishlagan. Cho‘lpon o‘ris inqilobidan keyin maxsus xizmatlarning “nazari”ga tushgan edi, ya’ni taqib ostiga olingandi. 20-yillarda bir muddat qamalgan ham. U 30-yillargacha yashirin faoliyat olib borgan, ozodlik uchun kurashgan “Milliy Ittihod”, “Sho‘roi Islomiya” tashkilotlarining a’zosi bo‘lgan.
Cho‘lponning hatto ishq-muhabbat mavzusidagi she’rlarida ham isyon, Vatan ozodligini sog‘inuvchi dard bor. Yaqqol fosh etuvchi realizmga ega. Ilk hikoyalaridayoq jaxolat, qashshoqlik, savodsizlik girdobiga tushgan Turkiston voqeligini mohirona chizib beradi. “Do‘xtir Muhammadyor”, “Novvoy qiz”, “Jaholat qurboni” “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola” kabi hikoyalar shular jumlasidandir. “Kecha va kunduz” romani esa milliy nasrimizning har tomonlama eng yuqori cho‘qqisida turadi. Undagi til go‘zalligidan, millatning asl qiyofasini, fojiasini, uning sabablarini, xalqning dardu iztiroblarini tiniq tasvirlaganligidan hayratga tushmay iloj yo‘q.
O‘tgan asrning 30-yillarida qatag‘on qilingan shoiru yozuvchilar va davlat arboblarining taqdirlari Cho‘lponnikidan keskin farq qiladi. Ularning ko‘pchiligi qurbon bo‘lgan esa-da, oradan ma’lum muddat o‘tib oqlanishgan. Sho‘ro davlatining “siylovlariga” musharraf bo‘lishgan. Ba’zilarining hayoti va ijodlarini maktab hamda oliy o‘quv yurtlarida o‘qib-o‘rganganmiz. Qariyb barchalarining asarlari bosilib chiqqan ko‘pchiliklari haqida ilmiy risolalar, kitoblar yozilgan. Biroq Cho‘lpon to‘g‘risida gapirish, yozish mutlaqo mumkin emasdi. Asarlari chop etilishini qo‘ying, hatto boshqalar bilan tushgan sur’atlari ham siyohda bo‘yab tashlangan.
Kommunistlar Cho‘lpon va uning xalqqa ta’sir kuchidan nihoyatda qo‘rqishgan ko‘rinishadi. Chunki u 20-30-yillarda elning chinakam “yulduz” shoiri edi. Qalb tug‘yonlari ham millat dardu iztiroblariga juda-juda yaqin, hamohang bo‘lgan.
Sho‘roning keyingi yillarida Cho‘lponning yozuv mashinkasida yozilgan she’rlarini hur fikrli kishilar qo‘lma-qo‘l o‘qishgan. Hatto romani ham shu yo‘sinda kitob qilingan. U arab, fors, rus qisman ingliz, nemis va turkiy xalqlar tillarini bilgan, tarjimalar qilgan. Agar milliy mustaqillikka erishmaganimizda Cho‘lponning nomi va asarlari hali hamon taqiq ostida bo‘lardi. U chin ma’noda istiqlol shoiridir, jasorat timsolidir. Uning qatli ham boshqalarnikiga o‘xshamaydi, ya’ni cho‘lponchasiga mardlarcha jon bergan.
Mamlakatimiz tarixida yangi davr boshlandi. Hur fikr, adolat tantanasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu niyatlarimizni oshkora bayon etmoqqa imkon yaratdi.
Hademay Cho‘lpon tavalludiga 120 yil to‘ladi. Bu sana, butun mamlakat bo‘ylab keng nishonlansa, to‘la asarlar to‘plami nashr etilsa, shoirning hayotini o‘rganuvchi maxsus komissiya va yurgan yo‘llarini aniqlovchi ekspeditsiya tuzilsa yaxshi bo‘lar edi. Shoir haqida ilmiy va badiiy asarlar yaratish, o‘quv darsliklariga kengroq kiritish, uning to‘g‘risida badiiy hamda hujjatli film ishlash ham maqsadga muvofiqdir. Poytaxtdagi adiblar hiyobonida Cho‘lponning haykali ham bo‘lishi kerak.
Cho‘lpon – jasorat timsoli. U mustabid tuzum davrida, joni muqarrar xavf ostidaligida ham Vatan ozodligini, millat erkini baralla kuylay olgan ijodkordir. Uning hayoti va ijodi, kurashlari yoshlar, ayniqsa, yigitlar tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Chunki u yigitlarimizni mardlikka, Vatan uchun fidoyi bo‘lishga undaydi.