III bob bo‘yicha xulosalar
O‘zbek tilida ismni ism bilan bog‘lash (qaratqich kelishik va egalik shakllari), fe’lni fe’l bilan bog‘lash (ravishdosh shakllari), fe’lni ism bilan bog‘lash (sifatdosh va harakat nomlari shakllari), nomustaqil kesimni mustaqil kesim bilan bog‘lash (nomustaqil kesimlik shakllari), shuningdek, o‘zbekcha yuklamalarda ontologik ravishda bog‘lash ikkilamchi vazifasi mavjudligi sababli bu tillarda bog‘lovchilarga tizimiy (sistem-struktur) ehtiyoj yo‘q va turkiy tillardagi aksariyat bog‘lovchilar olinmalardir. Shuning uchun bog‘lovchilar hamisha oraliqda - ko‘makchi va yuklama ziddiyati orasida turadi. Bog‘lovchilarning yozma nutqimizda faollashuvi o‘zbek tilining qo‘llanilish doirasi va sohalarining jiddiy kengayishi bilan uzviy bog‘liq. Ma’lum bir muddatdan so‘ng tilimizdagi bog‘lovchilar o‘zida alohida pragmatik ma’noviy qiymat hosil qilishi ehtimoldan xoli emas.
Muayyan nutqiy voqelanishlarda ham bu tomonlar dialektik birlikda voqelanadi – bunda hech qachon ularning barchasi bir xil darajada bo‘lmaydi, lekin ma’lum bir tomonning kuchayishi boshqa tomonlarning zaiflashishi hisobida sodir bo‘ladi. Ayrim bir tomonning to‘la mo‘tadillashishi birlikning bir turkumdan ikkinchi turkumga o‘tishiga olib keladi, uning yo‘qolishi esa so‘zni bir turkumdan ikkinchi turkumga ko‘chiradi.
Har bir so‘z turkumi uchun umumiy bo‘lgan sintaktik va semantik tomonidagi o‘xshashlik asosida nutqiy muloqotda hosil bo‘ladigan rang-barang mushtarakliklarda o‘zaro almashinuvchi (birliklar) orasida pragmatik ma’no asosida ixtisoslashishga intilish juda kuchli. Dialektikaning shakl va mazmun mutanosibligining lisoniy tizimda voqelanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan bunday intilish til uchun umumiy taraqqiyot qonunlaridan biri bo‘lib, uning ta’siri, xususan, milliy istiqloldan keyin o‘zbek tili davlat tili maqomini olgach, uning qo‘llanilish doirasining keskin kengayishi, unda xilma-xil uslub va muloqot turlarining shakllanishi va rivojlanishi bilan sezilarli bo‘ldi. Shuning uchun rasmiy va ilmiy uslubning oralig‘ida turgan, mohiyatan milliy istiqloldan keyin shakllangan davlatchilik, qonunchilik sohalari pragmatikasida yordamchi so‘zlarning (ayniqsa, ko‘makchi va bog‘lovchilarning) va yordamchi so‘zli qurilmalarning ko‘plab ixtisoslashishini ko‘ramiz - soha yangi va o‘ziga mos vositalarini kundan-kunga oshirib bormoqda. Shu asosda mushtaraklik munosabatlarida turgan yordamchi so‘zlar orasida pragmatik qiymat (jumladan, uslubiy xoslanish) asosida farqlanish yaqqol sezilib turgan va taraqqiyotga zamin bo‘layotgan hodisalardan biridir.
Dostları ilə paylaş: |