3.2. Bog‘lovchilar umumiy grammatik ma’nosining nutqiy voqelanishi
Bog‘lovchilar nutqiy qo‘llanishining umumiy masalalari. O‘zbek tilida vositalarning ko‘pligi va rivojlanganligi nutqda qo‘llanishning chegaralanishi va ixtisoslashishga imkoniyat beradi. O‘zbek tilshunosligida vositalarning o‘zbek tili funksional uslublarga bag‘ishlangan M.Mukarramov va S.Karimovlar tadqiqotlarida bu haqda yo‘l-yo‘lakay aytilgan ayrim fikrlar mavjud. Bu ishlarda vositalar funksional nuqtai nazaridan faol va nofaollarga ajratilgan, ilmiy va badiiy uslub uchun xoslangan ba’zi bir vositalar tahlil qilingan24. Faqat “O‘zbek tili stilistikasi” darsligida vositalarning amaliy voqelanish xususiyatlariga birmuncha keng o‘rin berilgan, bu turkum so‘zlarning pragmatik voqelanishi bilan bog‘liq pragmatik xoslangan ma’no nozikliklari, teng vositalarning pragmatik vazifalari va substansial mushtaraklik xususiyatlari tahlil qilingan.25
Vositalarning tarixiy yodgorliklarda ishlatilishi masalasi ham fanimizda, asosan, grammatik tavsiflarda o‘rganilayotgan davrda vositalarning turlari va asosiy vazifalarini ko‘rsatish bilan chegaralanadi, stilistik-pragmatik vazifalar tavsifi maxsus qo‘yilmaydi. Faqat ayrim ishlarda bu haqda yo‘l-yo‘lakay ma’lumotlar beriladi, xolos.26 Shuning uchun bu ishlar vositalarning pragmatik xoslangan konnotativ ma’nolari va pragmatik qiymati haqida yetarli tasavvur bera olmaydi, masalaning dolzarbligini kun tartibidan olmaydi.
O‘zbek tili grammatikasi masalalari yoritilgan ilmiy-o‘quv adabiyotlarida, tabiiyki, vosita nazariyasiga oid masalalarga to‘xtalib o‘tilgan, tasniflangan27, lekin bu ishlar ayrim chalkashliklardan ham xoli emas. Jumladan, “Hozirgi zamon o‘zbek tili” darsligida -da yuklamasi vosita sifatida izohlangan.28 Shuningdek, fanimizda ko‘p yillardan beri na… na… yordamchisi goh vositalar turkumida, goh yuklamalar turkumida o‘rganib kelinmoqda. Savol tug‘iladi: biror vosita bir vaqtning o‘zida ikki so‘z turkumiga tegishli bo‘lishi mumkinmi? Bunday baholash o‘sha so‘zlar substansial mohiyati ochilmaganligidan dalolat beradi. Keyingi yillarda na...na... yordamchisining yuklama ekanligi tilshunosligimizda o‘z isbotini topdi.29 Bu kabi yuklamalar ikkilamchi (yondosh) vazifa asosida ba’zan vositaga ko‘chib, unga xos vazifani bajara oladi, lekin ba’zan ikkilamchi vazifasi birlamchi vazifasiga qaraganda faollashib ketishiga qaramay, uni boshqa turkumga ko‘chganligi yoki omonimik holat yuzaga kelganligi haqida xulosa chiqarishga asos bo‘lolmaydi. Bunday holatlar ma’lum turkum so‘zlarning konversiyasi doirasida baholanishi zarur.
Dostları ilə paylaş: |