Mavzu bo‘yicha qisqacha adabiyotlar tahlili. O‘zbek tili grammatik tizimini o‘rganish o‘zining uchinchi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. O‘rganishning birinchi bosqichida formal-mantiq metodologiyasiga tayangan holda tasviriy metod asosida grammatik kategoriyalar belgilanib, bu tushuncha ostida, asosan, morfologik kategoriyalar va qisman sintaktik kategoriyalar, yordamchi so‘zlar tadqiq etildi. Grammatik (morfologik) kategoriyalar borasida ularning turlari ajratilib, har biriga xos shakllarning bir tizimga solinganligi, shakllar ifodalaydigan, matn va qurshovda namoyon bo‘luvchi turli-tuman nutqiy ma’nolar aniqlanganligi va tavsiflanganligini ta’kidlash lozim. Yordamchi so‘zlar tizimi aniqlanib, ularning leksik va grammatik tizim sirasidagi o‘rni, yordamchi so‘zlarning ma’nolari, sintaktik vazifalari tadqiq etildi. Bunda A.N.Kononov, A.G‘ulomov, G‘.Abdurahmonov, M.Asqarova, A.Hojiyev, T.Rustamov kabi tilshunoslarning xizmati katta bo‘ldi va yaxlit grammatik ta’limot yaratildi. Nomlari zikr etilgan olimlarning tadqiqotlari asosida formal o‘zbek akademik grammatikalari, oliy va о‘rta ta’lim bo‘g‘inlari uchun darslik hamda qo‘llanmalar vujudga keldi.
Grammatik hodisalarni o‘rganishning ikkinchi bosqichi bevosita o‘zbek tilshunosligiga dialektik mantiqning metodologik asos sifatida tatbiq etilishi hamda til tizimida lison va nutqning izchil farqlanishi bilan bog‘liq. Bunda grammatik kategoriyalarning umumiy, xususiy va oraliq grammatik ma’nolari, shakllararo oppozitiv munosabatlar o‘rganilib, o‘zbek tilining substansial morfologiyasi yaratildi. Bu borada S.N.Ivanov, A.Nurmonov, H.Ne’matov, N.Mahmudov, G‘.Zikrillayev, Sh.Shahobiddinova, Z.Qodirov va ular izdoshlarining ishlarini alohida ta’kidlash lozim. Biroq o‘zbek tilshunosligining substansial bosqichida yordamchi so‘zlar ma’lum darajada e’tibordan chetda qoldi. Bunda faqat H.Ne’matovning bu masalaga yozma yodgorliklar misolidagi yondashuvini ta’kidlash lozim.1 Yordamchi so‘zlarning substansial va pragmatik xususiyatlarini alohida-alohida tizimlar sifatida tadqiqotchi A.Pardayev tomonidan o‘rganilganligi e’tiborga molik.2
Dostları ilə paylaş: |