24-modda. Qurol-yarog‘ reklamasi. Qurol-yarog‘ni reklama qilish faqat maxsus
nashrlarda, shuningdek bevosita ovchilik qurollarini realizatsiya qiluvchi savdo
tashkilotlarining binolarida yoki tegishli ko‘rgazmalarda (tadbirlarda) amalga
oshiriladi.
25-modda. Qimmatli qog‘ozlar va aholining mablag‘larini jalb etish bilan bog‘liq xizmatlar reklamasi. Qimmatli qog‘ozlarni va aholining mablag‘larini
(banklardagi mablag‘larini, sug‘urta mablag‘lari va shu kabilarni) jalb etish bilan
bog‘liq xizmatlarni yoki shunday xizmat ko‘rsatayotgan shaxslarni reklama
qilishni bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanish huquqi borligini tasdiqlaydigan
tegishli litsenziya bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirish mumkin. Bunday xizmatlar
yoki shunday xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar reklamasida kutilayotgan daromadlar
miqdorini, shuningdek bo‘lajak foyda (daromad) to‘g‘risidagi boshqa axborotni
ma'lum qilish taqiqlanadi, kamida bir yillik yakunlarga ko‘ra amalda to‘langan
foyda (daromad) bundan mustasno.
Qimmatli qog‘ozlar va aholining mablag‘larini jalb etish bilan bog‘liq
xizmatlar reklamasiga taalluqli munosabatlarni tartibga solish qonun hujjatlarida
nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
26-modda. Reklama materiallarini saqlash muddatlari. Reklama beruvchi,
reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi reklama materiallarini oxirgi marta reklama
e'lon qilingan (ko‘rsatilgan) kundan boshlab bir yil davomida saqlashi shart.
27-modda. Reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va materiallar olish. Reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi vakolatli davlat organining
talabiga ko‘ra u belgilagan muddatda reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va
materiallarni taqdim etishi shart. (O‘zR 30.08.2002 y. Qonuni tahriridagi qism)
Reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilarning
reklamaga taalluqli hujjatlari va materiallarini moneliksiz olish huquqi vakolatli
davlat organining mansabdor shaxslariga beriladi. (O‘zR 30.08.2002 y. Qonuni
tahriridagi qism)
Tijorat siri hisoblangan va ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan
mansabdor shaxslar tomonidan olingan ma'lumotlar oshkor qilinmasligi lozim.
Vakolatli davlat organining mansabdor shaxslari tijorat siri hisoblangan
ma'lumotlarni oshkor qilgan taqdirda, reklama beruvchiga, reklama tayyorlovchi
va tarqatuvchiga yetkazilgan zararning o‘rni, shu jumladan, ma'naviy zarar qonun
hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi. (O‘zR 30.08.2002 y. Qonuni tahriridagi
qism)