7-modda. Voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan reklamaga oid cheklashlar. Quyidagi reklama taqiqlanadi:
faqat voyaga yetganlarga mo‘ljallangan yoki voyaga yetmaganlarning olishi
yoxud iste'mol qilishi taqiqlangan mahsulotni voyaga yetmaganlar iste'mol
qilayotgan yoki undan foydalanayotgan tasvir tushirilgan reklama;
voyaga yetmaganlarni mahsulot olishga yoki reklama qilinayotgan mahsulotni
olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga da'vat qiluvchi reklama;
haqiqiy yoki o‘yinchoq quroldan foydalanilgan reklama.
8-modda. Reklama beruvchining huquq va majburiyatlari. Reklama beruvchi
quyidagi huquqlarga ega:
reklama xususida shartnoma tuzish to‘g‘risida oshkora taklif (ommaviy
oferta) kiritish;
reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi shartnomani asossiz ravishda bekor
qilgan hollarda, yetkazilgan zararning o‘rnini va ma'naviy zararni qoplash
to‘g‘risida da'vo bilan sudga murojaat qilish.
Reklama beruvchi:
reklama tayyorlovchi va (yoki) tarqatuvchining talabiga binoan reklama
axborotining ishonchliligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi;
agar reklama beruvchining faoliyati litsenziyalanishi zarur bo‘lsa, mahsulotni
yoki reklama beruvchining o‘zini reklama qilayotganda tegishli litsenziyani taqdim
etishi shart.
Reklama beruvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi
va o‘zga majburiyatlarni bajarishi mumkin.
9-modda. Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchining huquq hamda majburiyatlari. Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi quyidagi huquqlarga ega:
ommaviy oferta yo‘llangan shaxsdan belgilangan tartibda aksept olganidan
so‘ng reklama beruvchi shartnoma tuzishdan bosh tortgan hollarda, bu shaxsni
shartnoma tuzishga majburlash to‘g‘risidagi hamda reklama beruvchining
shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etganligi tufayli yetkazilgan zararning
o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilish;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda reklama beruvchidan tegishli
litsenziyani talab qilish.
Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi:
ushbu Qonunda belgilangan reklama faoliyati va homiylik qoidalarini
bajarishi;
axborot yoki boshqa materiallarni bergan shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlarni
uning roziligisiz oshkor qilmasligi;
reklama beruvchi qonun hujjatlarining buzilishiga olib kelishi mumkin
bo‘lgan axborot bergan taqdirda reklama beruvchini bu haqda vaqtida xabardor
etishi shart.
Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa
huquqlarga ega bo‘lishi va o‘zga majburiyatlarni bajarishi mumkin.