22-modda. Dori vositalari, tibbiy buyumlar, kosmetika va maishiy kimyo vositalari reklamasi. Dori vositalari reklamasida quyidagilar bo‘lishi shart:
dori vositasining to‘liq nomi (shu jumladan, xalqaro farmakologik nomi) va
ishlab chiqaruvchisining nomi;
dori vositasidan foydalanish yoki uni qo‘llash haqidagi axborot.
Quyidagilarni reklama qilish taqiqlanadi:
faqat shifokorning ko‘rsatmasi (retsepti) bo‘yicha beriladigan dori vositalari;
tarkibida giyohvandlik vositalari va (yoki) psixotrop moddalari bo‘lgan dori
vositalari;
O‘zbekiston Respublikasida tibbiyotda qo‘llanishga ruxsat berilmagan dori
vositalari.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ruxsatisiz
quyidagilarni reklama qilish taqiqlanadi:
voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan dori vositalari;
davolash seanslari, gipnozdan va ruhiy yoki bioenergetik ta'sirning boshqa
usullaridan foydalanib amalga oshiriladigan shunga o‘xshash tadbirlar;
tibbiy yo‘sindagi buyumlar, tibbiy texnika, gigiena vositalari, dezinfeksiya,
dezinseksiya va deratizatsiya vositalari;
davolab bo‘lmaydigan yoki davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga nisbatan
samarali terapevtik usul.
Qo‘llanishi va realizatsiya qilinishi yuzasidan tegishli davlat organlari maxsus
ruxsatnoma bermay turib kosmetika vositalari, maishiy kimyo, oziq-ovqat
mahsulotlari, vitaminli va biologik jihatdan ta'sirchan oziq-ovqat qo‘shimchalarini
reklama qilish taqiqlanadi.
Ushbu moddaning qoidalari tibbiy muassasalar va tibbiyot xodimlari uchun
mo‘ljallangan reklamaga tatbiq etilmaydi. Tibbiy muassasalar va tibbiyot
xodimlari uchun mo‘ljallangan dori vositalarini reklama qilish tartibi O‘zbekiston
Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
23-modda. Tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar reklamasi. (O‘zR 17.09.2010 y. O‘RQ-259-son Qonuni tahriridagi modda matni) (Oldingi
tahririga qarang)
Tamaki, tamaki mahsulotlari va har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklar
reklamasi taqiqlanadi, shu jumladan:
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar namunalarini tekin
tarqatish;
tamaki, tamaki mahsulotlari yoki alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi
yoxud tasviridan foydalaniladigan tadbirlarga homiylik qilish;
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi
tushirilgan tovarlarni (futbol maykalari, bosh kiyimlar, o‘yinlar va boshqa shu
kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
savdo ob'ektlarining old tomonida, kirish (transportda kirish) joylarida,
vitrinalarida, tashqariga olib chiqiladigan predmetlarida hamda boshqa joylarida
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning tasvirlari, nomlarini va
ular haqidagi boshqa axborotni o‘rnatish taqiqlanadi.