Ta’lim menejmenti o’ q u V – uslubiymajmu a-hozir.org
Maktabda uzluksiz malaka oshirishni tashkil qilish. Maktabda darslar sifati zamonaviy talablar darajasida bo‘lishi uchun eng avvalo, pedagog kadrlar yuqori kasbiy tayyorgarlik darajasiga ega bo‘lishlari lozim. Buning uchun esa hozirgi axborot oqimi tezlashib borayotgan davrda har bir o‘qituvchidan uzluksiz ravishda o‘zi o‘qitayotgan fan sohasidagi va shu bilan birga umuman maktabdagi o‘quv-tarbiya jarayoniga tegishli yangiliklardan xabardor bo‘lib borishi talab qilinadi. Shu bilan birga, bunday yangiliklarning mazmun-mohiyatini to‘liq anglab yetish hamda o‘z amaliy faoliyatida ijodiy ravishda foydalana bilish ko‘nikma va malakalariga ega bo‘lish jiddiy ahamiyatga ega.
Bu yo‘nalishdagi masalalarni hal etishning o‘ziga xos shakl va usullari mavjud bo‘lib, ular tarkibiga pedagog kadrlar mustaqil o‘qib bilim orttirishlarining turli shakl va usullari hamda malaka oshirish turlari kiradi. Ularning barchasi hozirda pedagoglarning uzluksiz malaka oshirish tizimini tashkil qiladi. Uzluksiz malaka oshirish asosan pedagoglarning malaka oshirish ta’lim muassasasidagi kurslarda o‘qishlari oraligidagi davrlarda amalga oshirilib, ularning navbatdagi malaka oshirish kurslarida o‘qish jarayonida qanday kasbiy bilim, ko‘nikma, malakalarni o‘zlashtirishlari kerakligi bo‘yicha haqiqiy ehtiyojlarini aniqlashga ham xizmat qiladi.
Maktabda o‘qituvchilarning uzluksiz malaka oshirishlarini tashkil qilish, umuman malaka oshirishning eng zarur va ahamiyatli hamda zamonaviy shakli hisoblanadi. Bu ishning maktabda samarali olib borilishida fan metodika birlashmalari faoliyati asosiy o‘rinni egallaydi.
Buning uchun maktabda o‘qituvchilarning uzluksiz malaka oshirish tizimiga tegishli rahbarlik shakli, vazifalar taqsimoti, axborot manbalari, tashkiliy shakllari, ularni amalga oshiruvchilar tarkib topishi lozim. Bu ishlarni bajarish bo‘yicha tashkiliy ishlar yo‘nalishlariga quyidagilar kiradi: umumiy rahbarlik, uzluksiz malaka oshirishni tashkil qilish va nazorat olib borish, zarur axborot manbalari bilan ta’minlash, uzluksiz malaka oshirishning tashkiliy shakllarini rivojlantirib borish. Maktabda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalarni bajaruvchilar, vositalar, ish shakllari quyidagicha belgilanadi:
Direktor o‘rinbosarlari - maktabda uzluksiz malaka oshirishni tashkil qilish yuzasidan umumiy rahbarlikni olib boradi.
Maktabning metodika birlashmalari rahbarlari – o‘zi rahbarlik qilayotgan metodika birlashmalari a’zolari bo‘lgan o‘qituvchilarning uzluksiz malaka oshirishini tashkil qiladi va nazorat olib boradi.
Maktabda o‘qituvchilar uzluksiz malaka oshirishining tashkiliy shakllariga quyidagilar kiradi: o‘qituvchilarning mustaqil o‘qib bilim orttirish faoliyati bilan shug‘ullanishi, metodika birlashmalaridagi ma’ruzalar, axborotlar, maqsadli, muammoli va boshqa seminarlar, treninglar, o‘zaro darslar kuzatish va tahlil qilish, ochiq darslar tashkil qilish, ularni kuzatish va tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, murabbiylik faoliyati, kutubxonalarda mutolaa bilan shug‘ullanish, Internetdan axborot olish, turli konferensiyalar, ilmiy-uslubiy kengashlar, tanlovlar, ko‘riklarda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot faoliyati olib borish, ijodiy uchrashuvlar tashkil qilish, ilmiy maqolalar va boshqa ilmiy-uslubiy materiallar, tavsiyalar, qo‘llanmalar, darsliklar tayyorlash yoki shunday ishlarda ishtirok etish.