Mavzuga oid nazorat savollari “Zamonaviy maktab”tushunchasi nimani bildiradi?
10-MAVZU: BOSHQARUV JARAYONIDA NODAVLAT VA NOTIJORAT TASHKILOTLAR BILAN ALOQALARNI YO‘LGA QO‘YISH MEXANIZMI.
Reja:
Ta’limda boshqaruv faoliyati.
Ta’lim muassasalarining tashqi muhit va ijtimoiy tashkilotlar bilan munosabati.
Boshqaruv faoliyatida ijtimoiy muhit omillari.
Boshqaruv sub’ektlarini tashkil etishda pedagogik tuzilma faoliyati
Tayanch tushunchalar: sub’ekt, boshqaruv, faoliyat, kafolat, strategiya, DTS, ta’lim, rivojlantirish, ta’limni rejalashtirish, loyixalash.
Ta’kidlanganidek, ta’lim sifatini boshqarish — bu ko‘pgina vazifalarni o‘z ichiga oluvchi, murakkab jarayondir . Uning hal etilishi umumdavlat, tarmoqlararo, tarmoq, mintaqaviy darajada va ta’lim muassasasida, shuningdek, turli — tashkiliy, tuzilmaviy, mazmuniy, kadrlar hamda metodik yo‘nalishlarda amalga oshiriladi.
Bizning fikrimizcha, ta’lim muassasasini ijtimoiy institut sifatida, ta’lim jarayonini tashkiliy hamda mazmuniy bir butunlikda tasavvur qilgan holda boshqaruvni takomillashtirish ta’lim sifatini oshirish borasidagi ilmiy izlanishlar va amaliy chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarishda ko‘proq istiqbolli bo‘lgan yo‘nalishdir.
Ta’limning pirovard natijasi, ya’ni uning sifati mazkur muammoli yo‘nalishlarning hal etilishiga ko‘p darajada bog‘liq bo‘ladi. Uzluksiz ta’lim tizimi natijadorligi, ta’lim muassasasi olib boradigan ish samaradorligi, binobarin, bosh maqsad — ta’lim sifatining yuksak darajasi, barkamol shaxsni shakllantirish ta’lim muassasasi faoliyati qanday rejalashtirilganligiga, unda ta’limning maqsad va vazifalari qanday qo‘yilganligi hamda hal etilayotganligiga, pedagoglar jamoasiga rahbarlik qanday amalga oshirilayotganligiga, TM boshqaruv xodimlari o‘z boshqaruv vazifalarini qanday uddalashayotganligiga, bu jarayonga ijtimoiy tuzilmalar, o‘quvchilarning o‘zlari qay tarzda jalb etilganligiga va shu kabi boshqa jihatlarga ko‘ra belgilanadi.
Ushbu muammoning dolzarbligi «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablarini so‘zsiz bajarilishi zaruratidan kelib chiqadi, ta’lim sifatini oshirish muammolarini hal etishning ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlari esa:
— DTSni doimiy takomillashtirish;
— ta’lim turlariaro tashkiliy va mazmuniy-metodik uzluksizlik va uzviylikni ta’minlash;
— ta’lim mazmuniga milliy istiqlol g‘oyasi tamoyillari va qoidalarini singdirish;
— boshqaruvni demokratlashtirish va markazlashuvdan chiqarish, unga davlat-ijtimoiy xususiyatini baxsh etish;
— ta’limni boshqarish tashkilotlari va TMning maksimal tashabbuskorligi hamda mustaqilligini rivojlantirishni ta’minlovchi vazifalar va vakolatlarni qayta taqsimlash;
— ta’lim tizimini va TMni boshqarish vazifalarini yangi pedagogik va axborot texnologiyalaridan hamda boshqa ko‘plab vositalardan foydalanish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish singari muhim masalalar bilan bog‘liq.
Mazkur bob ta’lim muassasasi darajasida hal etiladigan ta’lim sifati muammolarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlanadi.
Ta’lim muassasasini boshqaruv ob’ekti sifatida zamonaviy his etish va tushunish nomaqbul cheklovlardan voz kechib, unga faqat ijtimoiy institut yoki faqat ta’lim-tarbiya muassasasi sifatida qarashni nazarda tutadi. Bizning fikrimizcha, ta’lim muassasasi, eng avvalo, yuridik shaxs hisoblanadi. Demak, uni boshqarishda tashkilotlar to‘g‘risidagi so‘nggi o‘n yilliklarda shiddat bilan rivojlanayotgan fan yutuqlaridan foydalanish zarur. Ayni mahalda ta’lim muassasasi alohida ijtimoiy tashkilot ham sanaladi, demak, uni boshqarishda boshqaruvning umumiy tamoyillarini ushbu o‘ziga xoslik va xususiyatlarni inobatga olgan holda tatbiq etish zarur.
Tushunmovchiliklar va chalkashliklarga barham berish uchun «tashkilot» tushunchasining quyidagi ma’nolarini farqlash juda muhim hisoblanadi:
— tashkilot (yoki tashkilotchilik faoliyati, tashkil etish) asosiy, tayanch boshqaruv ishlaridan biri (rejalashtirish, boshqaruv xodimilik qilish, asoslash, nazorat bilan bir qatorda) sifatida;
— tashkilot ichki tuzilish, qurilish, mazkur ijtimoiy tashkilot ichidagi tashkiliy tartib sifatida; tuzilma sinonimi sifatida (bu ma’noda tashkilot ko‘proq boshqaruv, shuningdek, tashkilotchilik faoliyatining natijasi hisoblanadi);
— tashkilot ishning muayyan holda yo‘lga qo‘yilishi sifatida (masalan, ta’lim jarayonini tashkil qilishning sinf-dars tizimi);
— tashkilot ijtimoiy institut, muassasa, fuqarolik jamiyati sub’ekti; kishilarni hamkorlikda faoliyat olib borish uchun birlashtiruvchi tizim sifatida.
Biz «tashkilot» tushunchasini aynan ushbu so‘nggi ma’noda ko‘rib chiqamiz.
Ijtimoiy tashkilot deganda biz, bir yoki ko‘plab maqsadlarga erishish uchun birgalikda harakat qilayotgan va o‘z (rasmiylashgan yoki norasmiy) harakatlarini muayyan me’yorlar va qoidalar asosida muvofiqlashtirib boruvchi kishilar birlashmasini tushunamiz.
Tashkilotni bunday tushunishda ikki holat: odamlarning birlashuvi, guruh, hamjamiyat (rivojlanishning yuqori darajasida — jamoa) va ularning muayyan maqsadni ko‘zlovchi birgalikdagi faoliyati, hamkorligi diqqat markazida bo‘ladi.
Shundan kelib chiqqan holda ta’lim tashkiloti aynan:
— kishilarning — kattalar, bolalar va yoshlarning hamjamiyati;
— ularning birgalikdagi faoliyati va muloqoti tizimi;
— hamjamiyat a’zolarining yashash, hayot faoliyati muhiti sifatida ko‘rib chiqiladi.