O’QITUVCHILIK BURCHI Umuminsony va milliy axloqda burch tushunchasi har bir kishining o’z vazifasini to’liq
bajarishi boshqalarga to’g’ri munosabatda bo’lishini ifodalaydi. Burchda shaxsning jamiyatga
bo’lgan munosabati namoyon bo’ladi. O’z burchiga sodiqlik har bir kishiga obro’, shon-sharaf
keltiradi. Kishining o’z burchiga sodiqligi jamiyatga, Vatanga, mehnatga, oilaga, farzandlariga
bo’lgan munosabatida bilinadi.
Ijtimoiy burchni yuksak darajada anglash o’qituvchining axloqiy fazilati hisoblanadi.
Muallim bolalarga o’rgatadigan g’oyalar uning qalbidan joy olib dunyoqarashning asosi bo’lishi
zarur. Har bir ishda, har bir masalada muallim o’z burchiga sodiq, qat‘iy printsipli bo’lishi, har
qadamda unga amal qilishi zarur. Muallimning mafkurasi fuqarolik ruhi bilan sug’orilgan bo’lsa,
ijtimoiy burchni vijdonan his qilishga, intizomlilik, o’z xatti-harakatlarini nazorat qila bilish;
insonparvarlik, o’z qadr-qimmatini to’g’ri baholay olishga imkon beradi.
O’qituvchi yosh avlodga ta‘lim-tarbiya berish sohasidagi o’z burchini zo’rlik tufayli
yuklatilgan majburiyat emas, balki o’z hayotining ma‘nosi, ishonch va vijdon da‘vati deb
hisoblaydi. Fuqarolik burchini his etish butun xalq va O’zbekiston davlatining buyuk kelajagi
to’g’risida g’amxo’rlik qilishni taqazo etadi. Davlat oldidagi burchni yuksak anglagan,
mafkuraviy pok barkamol muallim insonga izzat-hurmatli, yoshlarga g’amxo’r, mehribon,
boshqalarga yordam qo’lini cho’zishga doimo tayyor turadigan kishidir. O’qituvchi axloqida
burch hissi Vatanni sevish, uning porloq kelajagi uchun g’amxo’rlik qilishni talab etadi.
O’qituvchi odobida vatanparvarlik burchi baynalmilalchilik tuyg’usi bilan chambarchas
bog’liqdir.
O’qituvchilik burchi ta‘lim-tarbiya ishlarini bajarishga va muallimning shaxsiga nisbatan
jamiyat qo’yadigan axloqiy talablar va yo’l-yo’riqlar majmui dir. O’quvchilar, kasbdoshlari, ota-
onalar bilan xushmuomala, yaxshi munosabatda bo’lish, tanlagan kasb uchun pedagoglar
jamoasi va jamiyat oldidagi ma‘suliyatini his etish shular qatoriga kiradi. Yoshlarni
umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash o’qituvchilik burchining asosini tashkil
etadi.
O’qituvchilik burchining mazmuni ta‘lim-tarbiya jarayonining mohiyati bilan belgilanadi.
Bu jarayonda o’quvchilar insoniyat asrlar davomida to’plagan bilim, ko’nikma va malakalarni
egallab oladilar. Shuningdek, o’qitish jarayonida muallimning bajarayotgan ishiga munosabati
ham, uning shaxsiy fazilatlari va qo’yiladigan axloqiy talablari aks etadi. O’qituvchilik kasbini
tanlagan kishi bu axloqiy talablar va yo’l-yo’riqlarni albatta bajarishi zarur.