Iqtisodiyotning erkinlashuvi sharoitida korxonalar faoliyatini to‘g‘ri va optimal boshqarish birmuncha murakkab jarayon. Jumladan, korxonaning pul mablag‘lari va pulga tenglashtirilgan qiymatliklari oqimini ratsional boshqarish korxonalar faoliyatining davomiyligini hamda uzluksizligini ta’minlaydi. Ya’ni pul mablag‘lari hisobini to‘g‘ri tashkil etish hamda ularni doimiy ravishda tahlil qilib turish korxona faoliyatining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytiradi. Korxonalarda pul mablag‘lari oqimini ratsional boshqarish uchun esa korxonaning kelgusidagi pul mablag‘lari oqimini bashoratlash (prognozlash) muhim hisoblanadi.
Bashoratlash deyilganda obyektni yoki hodisani kelajakdagi me’yoriy yoki maqbul holatlari, ularga erishish va ularni ro‘yobga chiqarishning alternativ yo‘llari to‘g‘risidagi ehtimolga yaqin tasavvurni ishlab chiqish tushuniladi. Boshqacha qilib aytganda, bashoratlash boshqarishning iqtisodiy usullaridan biri bo‘lib, iqtisodiy tizimning kelgusidagi holatini aniqlab beruvchi rejalar ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘llari, usullari va vositalari yig‘indisidir. Shunday ekan, korxonada pul oqimining bashorati biznes rejaning muhim jihatlaridan biri sifatida qarash mumkin. Bu orqali naqd pul oqimini nazorat qilish, yuzaga kelayotgan muammolarni oldini olish yoki mavjud imkoniyatlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. Chunki, pul oqimining bashorat ko‘rsatkichlari qachon daromad olishni va qachon xarajatlarni qoplash zarurligini ko‘rsatadi. Shuningdek, pul oqimlarini rejalashtirish mavjud naqd pul vositalarining bashorat qilinayotgan davrdagi byudjetini tashkil qilishga, oqimning eng muhim parametrlarini hisobga olishga, xususan, sotish hajmi, tushumdagi naqd pulga sotilgan mahsulotlar ulushi, kreditorlik qarzlar bashorati va boshqalarni o‘rganishga imkon beradi.
Odatda ko‘pchilik ko‘rsatkichlarni katta aniqlik darajasida bashoratlash birmuncha murakkab jarayondir. Lekin bu aniqlikni risklarni to‘g‘ri baholash orqali oshirish imkoni albatta mavjud.
Korxonalarning pul oqimini bashoratlashda uning moliyaviy menejeri tomonidan pul mablag‘larining kirimi va chiqimiga oid manbalari yig‘ilishi hamda o‘rganilishi lozim. Bunda kelib chiqib aytishimiz mumkinki, pul oqimi bashoratlari o‘z ichiga quyidagilarni olishi talab qilinadi:
kredit, grant yoki korxonaga jalb qilinayotgan boshqa resurslarni;
kredit bo‘yicha to‘lovlarni va boshqa xarajatlar uchun to‘lovlarni;
soliqlar va majburiy to‘lovlarni, ular bo‘yicha qarzlarni.
Pul oqimini bashoratlash aniq olingan muddatlar (kelgusi oylar, choraklar, yillar) kesimida amalga oshiriladi.
Korxonalar kelgusida foydasini maksimal darajaga yetkazib, o‘z faoliyatini ratsional ravishda yuritish uchun har qanday sharoitda ham pul oqimini bashorat qilishning optimal usullarini tanlashi lozim. Bunda korxona moliyaviy menejeridan iqtisodiy strategiyani to‘g‘ri tanlay bilishni, pul oqimlari hisobini aniq va to‘g‘ri yuritishni talab etadi. Demak, moliyaviy menejer yoki tahlilchi pul oqimlarini bashoratlash jarayonida ketma-ketlikni, ya’ni bir nechta bosqichlarni amalga oshirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan kelib chiqib, pul oqimlarini prognozlashni shartli ravishda 4 bosqichga bo‘lishimiz mumkin (3-rasm).
Pul oqimini bashoratlash jarayonining birinchi bosqichi kelib tushishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari kirimining hajmini hisoblashni o‘z ichiga oladi. Pul kirimini asosiy manbasi bu mahsulot (ish va xizmat)larni sotishdan tushadi. Bu borada tayyor mahsulot (ish va xizmat)larni sotishdan pul kirimini o‘rtacha ko‘rsatkichi (koeffitsiyenti, davri) aniqlanadi. Ushbu birlik orqali yaqin oylarda va yil davomida kelishi kutilayotgan pul mablag‘lari kirimini aniqlash mumkin. Shuningdek, balans usuli asosida mahsulot (ish va xizmat)larni sotishdan sof pul kirimini aniqlash yuzasidan debitorlik va kreditorlik majburiyatlarining davr boshi va oxiriga qoldiqlari farqi sotish hajmiga qayta hisob-kitob qilish orqali naqd pul mablag‘lari kirimi ham aniqlanadi.
3-rasm. Pul oqimini bashoratlash bosqichlari13 Bashoratlashda aniqroq hisob-kitoblarni amalga oshirishda debitorlik majburiyatlarining oldingi chorakliklar bo‘yicha o‘zgarishlarini ham asos sifatida olish mumkin. Boshqa faoliyat turlari bo‘yicha pul mablag‘lari kirimi oldingi oylar va choraklar natijasiga qarab belgilanadi va asosiy faoliyatdan pul mablag‘lari kirimiga qo‘shiladi. Agar korxona tushumni aniqlash uslubiyatini tovarlar jo‘natish tartibi bo‘yicha o‘zgartirib turadigan bo‘lsa, ma’lum qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.
Amaliyotda ko‘pchilik korxonalar o‘rtacha davr oralig‘ida xaridorlardan jo‘natilgan tovarlar qiymatini to‘lashni talab qiladilar. Ushbu holatlardan kelib chiqib sotilgan mahsulotlarning qaysi qismi ushbu davrdagi tushumga, qaysi qismi esa keyingi davrdagi tushumga kiritilishini hisoblash mumkin bo‘ladi.
Zanjirli bog‘lanishning balansli usulidan foydalanib, pul mablag‘lari kirimi va debitorlik qarzlarning o‘zgarishi hisob-kitob qilinadi. Balansli tenglikni quyidagi formula orqali ifodalash mumkin: