Takrorlash uchun savollar va topshiriqlar:
1. Bozor iqtisodiyotining mazmuni va asosiy belgilari nimalardan iborat?
2. Klassik va hozirgi zamon bozor iqtisodiyotining umumiy tomonlarini va farqlarini tushuntirib bering.
3. Bozor iqtisodiyotining afzalliklari va ziddiyatlari nimalardan iborat?
4. Bozor iqtisodiyotining asosiy ishtirokchilari kimlar va ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar qay tarzda kechadi?
5. Bozor tushunchasining ta’rifini bering va uning asosiy vazifalarini ko‘rsating.
6. Bozorni turkumlashda qanday mezonlar asos qilib olinadi? Ularni sanab ko‘rsating.
7. Yetuklik darajasiga qarab bozorning qanday turlari ajratiladi?
8. Bozor infratuzilmasi nima? Uning tarkibiy qismlari va asosiy unsurlariga ta’rif bering.
17-BOB. MOLIYa TIZIMI VA MOLIYaVIY SIYoSAT. PUL-KREDIT TIZIMI. BANKLAR VA ULARNING BOZOR IQTISODIYoTIDAGI ROLI
Yalpi milliy mahsulotni yaratish, taqsimlash va undan foydalanish jarayonida pul mustaqil harakat qilib, turli xo‘jalik yurituvchi bo‘g‘inlar, uy xo‘jaliklari va davlatning pul mablag‘lari fondini tashkil etadi. Pul fondlari hosil bo‘lish manbalari va amal qilish tavsifi, maqsadlari va foydalanish usullariga qarab moliya va kredit shakllari tusini oladi. Bobda moliya tizimi, uning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan davlat byudjeti va byudjet mablag‘larining shakllanishida soliqlarning roli bayon etiladi. Shuningdek, pul muomalasi qonunlari, pulga bo‘lgan talab va taklif, inflyatsiyaning mohiyati ochib beriladi. Tahlilning keyingi bosqichi kredit tizimi, banklar va ularning bozor iqtisodiyotidagi roliga bag‘ishlanadi.
1. Moliyaning mohiyati va vazifalari. Moliya tizimi
Moliya – pul mablag‘laridan foydalanish va uning harakatini tartibga solish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar tizimi bo‘lib, uning vositasida turli darajada pul mablag‘lari fondlari vujudga keltiriladi va ular takror ishlab chiqarish ehtiyojlari va boshqa ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida taqsimlanadi.
Moliya iqtisodiyot doirasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir qator vazifalarni bajaradi.
1. Moliya iqtisodiy jarayon va tadbirlarni moliyaviy ta’minlash, ularga xizmat ko‘rsatish vazifasini bajaradi.
2. Moliyaning taqsimlovchi vazifasi moddiy ishlab chiqarish sohalarida yaratilgan yalpi milliy mahsulotni, ayniqsa, uning milliy daromadni tashkil qiluvchi qismini davlat va mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalar, iqtisodiyot tarmoqlari, moddiy ishlab chiqarish sohalari, mamlakat hududlari o‘rtasida taqsimlash va qayta taqsimlashda namoyon bo‘ladi.
3. Moliyaning rag‘batlantiruvchilik vazifasi, birinchidan, yaratilgan mahsulot qiymatini taqsimlash jarayoni orqali, ikkinchidan, pul fondlarini tashkil qilish va sarflash mexanizmi orqali amalga oshiriladi.
4. Moliyadan ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol ustidan nazorat qilish vositasi sifatida foydalaniladi. Moliyaviy nazorat korxona (firma)larning moliya intizomiga rioya qilish uchun moddiy javobgar bo‘lish tizimi, turli soliqlar undirib olish va mablag‘ bilan ta’minlash tizimi orqali amalga oshiriladi.
Moliya tizimi o‘z ichiga turli darajadagi byudjetlarni, ijtimoiy, mol-mulk va shaxsiy sug‘urta fondlarini, davlatning valyuta zahiralarini, korxona va firmalar, tijorat va notijorat tuzilmalarining pul fondlarini, boshqa maxsus pul fondlarini oladi.
Eng avvalo, korxonalar (tarmoqlar) va umumdavlat moliyasini bir-biridan farqlash lozim.
Korxona va tarmoqlar moliyasi ulardagi takror ishlab chiqarish jarayonida hamda alohida fondlar yaratish yo‘li bilan xodimlarning ijtimoiy ehtiyojlariga xizmat qiladi.
Umumdavlat moliyasi davlat byudjetini, ijtimoiy sug‘urta fondini hamda davlat mol-mulkiy va shaxsiy sug‘urtasi fondini o‘z ichiga oladi. Davlat pul mablag‘larining asosiy markazlashgan fondi bo‘lmish davlat byudjeti moliya tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi. Davlat byudjeti – bu davlat xarajatlari va ularni moliyaviy qoplash manbalarining yillik rejasidir. Davlat daromadlari va xarajatlarining asosiy qismi davlat byudjeti orqali o‘tadi. Uning asosiy vazifasi moliyaviy vositalar yordamida iqtisodiyotni samarali rivojlantirish va umumdavlat miqyosidagi ijtimoiy vazifalarni hal qilish uchun sharoit yaratishdir.
Davlat byudjetining ikki tomoni bo‘lib, bir tomonida byudjetga kelib tushadigan daromadlar tarkibi va ularning manbalari, ikkinchi tomonida esa asosiy xarajatlarning tarkibi va miqdori o‘z ifodasini topadi.
Davlat mol-mulk va shaxsiy sug‘urtasi umumdavlat moliyasining keyingi bo‘g‘ini hisoblanib, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va fuqarolarga joriy qilinadi. U majburiy va ixtiyoriy bo‘lishi mumkin. Bu maqsadlar uchun fondlar korxona va aholining to‘lovlari hisobiga shakllanadi. Fond mablag‘lari mol-mulkiy sug‘urtasiga va shaxsiy sug‘urtaga pul to‘lashni ko‘zda tutadi.
Shaxsiy sug‘urta aholining pul jamg‘armalarini tashkil qilishning shakllaridan biri bo‘lib ham xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tib borish bilan jamiyat moliya tizimida turli xil sug‘urta (ijtimoiy sug‘urta, tibbiy sug‘urta) fondlari va byudjetdan tashqari moliya fondlari (pensiya fondi, aholini ish bilan ta’minlash fondi, tabiatni muhofaza qilish fondi, tarixiy yodgorliklarni saqlash fondi, tadbirkorlarga ko‘mak berish fondi va boshqalar)ning ahamiyati ortib boradi.
Davlat byudjetining daromadlari va xarajatlari muvozanatda bo‘lishini taqozo qiladi. Lekin ko‘pchilik hollarda davlat byudjeti xarajatlarining daromadlardan ortiqchaligi kuzatiladi, buning oqibatida byudjet taqchilligi ro‘y beradi. Bu holning sabablari ko‘p bo‘lib, ularning ichida, davlatning jamiyat hayotining barcha sohalaridagi rolining uzluksiz o‘sib borishi, uning iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarining kengayishi alohida o‘rin tutadi. Byudjet taqchilligining o‘sishi yoki kamayishi mutlaq miqdorda va uning yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbatida aniq namoyon bo‘ladi.
O‘rnatilgan xalqaro standartlarga ko‘ra byudjet taqchilligi YaIMning 5% darajasidan oshmasligi lozim. Byudjet taqchilligi asosan davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish, nobyudjet fondlari (sug‘urta fondi, ishsizlik bo‘yicha sug‘urtalash fondi, pensiya fondi)dan qarz olish ko‘rinishidagi davlatning ichki va tashki qarzlari hisobiga qoplanadi.
Byudjet taqchilligini moliyalashtirish (qoplash)ning muhim ko‘rinishlaridan biri davlat krediti hisoblanadi. Davlat krediti deganda, davlat qarz oluvchi yoki kreditor sifatida maydonga tushadigan barcha moliyaviy-iqtisodiy munosabatlar yig‘indisi tushuniladi.
Moliyaviy resurslarni davlat tomonidan qarzga olishning asosiy shakli – bu davlat qarz majburiyatlari (zayomlari)ni chiqarish hisoblanadi. Ularni joylashtirish jarayonida davlat aholi, banklar, savdo va sanoat kompaniyalarining vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘larini jalb qiladi.
Davlat o‘z majburiyatlarini nafaqat xususiy sektorda joylashtirishi, balki ularni Markaziy bankda hisobga olishi ham mumkin. Bunda bank muomalaga pulning tovar hajmining ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha miqdorini chiqaradi. Davlat qarzlarining to‘xtovsiz ko‘payib borishi, milliy daromadni foiz to‘lovlari shaklida, tobora ko‘proq qayta taqsimlanishga olib keladi.
Katta byudjet taqchilligi va davlat majburiyatlari bo‘yicha foiz to‘lovlari o‘sish sharoitida, davlat qarzlarini to‘lash vaqtini imkon darajada cho‘zishga harakat qiladi. Buning uchun turli xil usullardan foydalanish mumkin. Jumladan davlat o‘zining qisqa muddatli majburiyatlarini, o‘rta va uzoq muddatli zayomlarga almashtiradi. U o‘zining qisqa muddatli majburiyatlarini, ancha yuqori foiz bo‘yicha yangi, uzoq muddatli zayomlar chiqarish hisobiga ham sotib olish mumkin. Bunday turdagi tadbirlar qisqa davrli samara berishi va vaqtincha davlatning moliyaviy ahvolini yengillashtirishi mumkin, chunki u odatda kelgusida foiz stavkasining oshishi va qarzlar umumiy miqdorining o‘sishi bilan bog‘liq.
Xo‘jalik hayoti baynalminallashuv jarayonlarining tez o‘sishi, xalqaro kreditning jadal rivojlanishi natijasida davlat o‘ziga zarur bo‘lgan moliyaviy resurslarni jalb qilish uchun bo‘sh pul mablag‘larining milliy chegaradan tashqaridagi manbalaridan faol foydalanadi. Buning natijasida tashqi qarz vujudga keladi.
Dostları ilə paylaş: |