Agrar munosabatlarning mazmunini, iqtisodiy munosabatlarda tutgan o‘rnini va xususiyatlarini ko‘rsatib bering.
«Erga egalik» va «erdan foydalanish» tushunchalarini izohlang.
Yer rentasi nazariyalarining umumiy tomonlari va tub farqlarini ko‘rsatib bering.
Yer rentasining asl mazmunini tushuntiring.
Differensial (I va II) va absolyut rentaning hosil bo‘lish shart-sharoitlari, manbalari va taqsimlanishini tushuntirib bering.
Monopol renta nima?
Qazib oluvchi va undirma sanoatda renta qanday hosil bo‘ladi?
«Ijara haqi» va «er rentasi» ning farqlarini izohlang.
Agrobiznesning iqtisodiy mohiyatini tushuntiring va uning asosiy turlariga tavsif bering.
Agrosanoat majmuasi va agrosanoat integratsiyasi tushunchalari iqtisodiy mazmuniga o‘z fikringizni bildiring.
III - b o‘ l i m
Milliy iqtisodiyot (maKroiqtisodIYoT)ning amal qilish va rivojlanish qonuniyatlari 12-BOB. MILLIY IQTISODIYoT VA UNING MAKROIQTISODIY O‘LChAMLARI. YaLPI MILLIY MAHSULOT VA UNING HARAKAT ShAKLLARI Mazkur bobdan boshlab iqtisodiy munosabatlar makroiqtisodiy darajada tahlil qilinadi. Dastlab milliy iqtisodiyot va uning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga tavsif beriladi. Milliy ishlab chiqarishning natijasi hisoblangan ijtimoiy mahsulot, yalpi milliy mahsulot, ularning harakat shakllari va tarkibiy qismlarining iqtisodiy mazmuni yoritiladi. Milliy hisoblar tizimi hamda uning asosiy ko‘rsatkichlarini hisoblash usullari bayon etiladi.
1. Milliy iqtisodiyotning qaror topishi va uning
makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari
Milliy iqtisodiyot ko‘plab o‘zaro bog‘liq iqtisodiy unsurlardan iborat bo‘lgan murakkab iqtisodiy tizimni namoyon etadi. Mazkur unsurlar o‘rtasidagi amalda tarkib topgan munosabatlarning butun majmui iqtisodiyotning tarkibiy tuzilmasini tavsiflab beradi.
Milliy iqtisodiyot – barcha tarmoqlar va sohalarni, mikro- va makrodarajadagi iqtisodiyotlarni, funksional iqtisodiyotni, ko‘plab infratuzilmalarni o‘z ichiga olgan yaxlit iqtisodiyotdir. Milliy xo‘jalikning tarkib topgan tuzilishi ijtimoiy mehnat taqsimoti rivojining natijasi hisoblanadi.
Makroiqtisodiy jihatdan qaralganda milliy iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishi mamlakatda mavjud bo‘lgan ishlab chiqarish resurslari; ularning ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida ajralib chiqqan iqtisodiy sub’ektlar o‘rtasidagi taqsimot hajmi; mazkur sub’ektlar ishlab chiqarish hajmlari, milliy mahsulotni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish jarayonlarida shakllanuvchi tarkibiy qismlari o‘rtasidagi munosabat sifatida namoyon bo‘ladi. Milliy iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishini sodda ko‘rinishda quyidagi 1-chizma orqali tasvirlash mumkin.
Milliy iqtisodiyot me’yorida faoliyat qilish va barqaror o‘sishi uchun barcha tarmoq va ishlab chiqarish sohalarining o‘zaro bog‘liqligi va muvozanatli rivojlanishi talab qilinadi. Milliy iqtisodiyot tarkibiy tuzilmasining shakllanishida quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatadi: mavjud bozor kon’yunkturasi, bozorlar sig‘imi va monopollashuv darajasi, mamlakatning xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtiroki, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi, fan-texnika taraqqiyotining miqyoslari, tavsifi va rivojlanish sur’atlari, ishlab chiqarish resurslarining sifati, hududlarning yer maydonlari va infratuzilma ob’ektlari bilan ta’minlanganligi, ekologiya holati.