13. “Kichik esse” (fransuzcha “essai” – sinov, sinab ko‘rish, ocherk, lotincha “exagium” - o‘lchamoq) texnologiyasi kichik hajmli, erkin bayon usuliga ega bo‘lib, o‘rganilayotgan muammo yoki tahlil qilinayotgan masala yuzasidan shaxsiy taassurot, tasavvurlarni ifodalashga xizmat qiladi. Mazkur metod talabalar tomonidan o‘rganilgan mavzu, muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha erkin fikr bildirish, mazmun-mohiyatini qayta bayon qilish imkonini beradi. Kichik esseni yaratish jarayonida talabalar mavzu g‘oyalarini umumlashtirish, tizimlashtirish, turkumlashtirish, xulosalarni bayon etish imkoniga ega bo‘ladilar. Mashg‘ulotlar chog‘ida mazkur metodni qo‘llash quyidagi tartibda yo‘lga qo‘yiladi: 1) o‘qituvchi kichik esseni yaratish uchun muammo yoki masalani tanlaydi; 2) tanlangan muammo, masala bilan talabalarni tanishtiradi; 3) talabalar muammo, masalaning umumiy mohiyati yuzasidan fikr yuritadi; 4) talabalar shaxsiy fikrlarini bayon etish usulini belgilab oladi; 5) kichik esseni yaratadi; 6) kichik esse guruh talabalarining e’tiborlariga havola etiladi; 7) guruh a’zolari esse yuzasidan o‘z fikrlarini bildiradi.
14. “Assesment”inglizcha so‘z bo‘lib, “baho”, “baholash” ma’nosini bildiradi. Assesment texnologiyasi talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini har tomonlama, xolis baholash imkoniyatini ta’minlovchi topshiriqlar to‘plami bo‘lib, u biografik anketa, ta’lim sohasidagi yutuqlar bayoni, o‘quv individual topshiriq, bahs-munozara, intervyu, ijodiy ish, test, individul keys, taqdimot, ekspert kuzatish, rolli hamda ishbilarmonlik o‘yinlari kabilardan tashkil topadi. Texnologiya, asosan, quyidagi uch maqsadga xizmat qiladi:
talabalarning BKMni har tomonlama, xolis baholash;
talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish imkoniyatlarini aniqlash;
talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan istiqbolli reja (maqsadli dastur)ni shakllantirish.
Texnologiyaning yaratilish tarixi o‘tgan asrning 30-40-yillariga borib taqaladi. Dastlab texnologiya mavjud harbiy vaziyatlarni to‘g‘ri baholay oladigan, harbiy harakatlar jarayonini samarali boshqaradigan, zarur o‘rinlarda oqilona harakatni tashkil eta oladigan ingliz hamda nemis harbiylari orasidan bilimdon, tadbirkor, mahoratli harbiylar, ofitserlarni tanlash maqsadida qo‘llanilgan. Keyinchalik texnologiya tadbirkorlik sohasiga ham samarali tatbiq etildi. Texnologiya ilk marta 1954-yilda “AT&T” kompaniyasi tomonidan tadqiqot dasturlarini amalga oshirish doirasida qo‘llanilgan. To‘rt yildan so‘ng malakali menejerlarni tanlash maqsadida qo‘llanila boshlangan texnologiya negizida tadbirkorlar psixologlar bilan hamkorlikda mazkur texnologiya yordamida ishlab chiqarish, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish korxona hamda tashkilotlari uchun malakali mutaxassislarni tanlash xizmati – “Assesment-markaz” (“The Assessment Centre”)ni yo‘lga qo‘yildi. 1960 yilda “IBM”, “Standart oyl of Ogayo” kabi yirik amerika kompaniyalari o‘z faoliyatlariga texnologiyani samarali tatbiq etdilar. Agarda 1980 yilda 2000 ta firma “Assesment-markaz” asosida malakali mutaxassislarni tanlashni ma’qul ko‘rgan bo‘lsa, ayni vaqtda bu texnologiya o‘n minglab korxona, tashkilot, firma va kompaniyalarda samarali qo‘llanilmoqda.
Ayni vaqtda ishlab chiqaruvchi va savdo kompaniyalar malakali menejerlarni tanlash maqsadida mazkur texnologiyandan muvaffaqiyatli foydalanmoqda. So‘nggi yillarda mazkur texnologiya ta’lim tizimiga ham samarali joriy etildi. Uning yordamida talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalari darajasi har tomonlama, xolis baholanmoqda.
Ayni vaqtda respublika ta’lim muassasalarida talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalari kamida to‘rtta topshiriq bo‘yicha baholanmoqda. Masalan: izohli lug‘at, muammoli vaziyat (keys), ijodiy ish, test.