Qo‘shiqlar tasnifi. Xalq qo‘shiqlari og‘zaki ijoddagi boshqa janrlar kabi mavzu yo‘nalishiga ko‘ra turlarga bo‘linadi.
Lirik qo‘shiqlar. Avvalo, ta’kidlash lozimki, xalq qo‘shiqlari mavzuyida misol qilib keltirgan, nazariy ma’lumot berilgan, tahlilga jalb qilingan hamma to‘rtlik shaklidagi she’riy asarlarning hammasi badiiy adabiyotning lirik jinsiga mansubdir. Shu bois «lirik qo‘shiqlar» atamasini shartli tushunish maqsadga muvofiqdir. Aslida folklorshunoslikda lirik qo‘shiq deganda, ishq-muhabbat izhor etilgan to‘rtliklarni nazarda tutish qabul qilingan. Agar mehnat, marosim asarlarida yetakchi maqsad ish qurollari, mavsumdagi tabiat o‘zgarishlari, marosim tartiblari his-tuyg‘u vositasida aks etsa, lirik qo‘shiqlarning asosiy vazifasi muhabbat tuyg‘ularini ifodalash bilan belgilanadi. Binobarin, lirik qo‘shiqlarda mohiyatan ichki kechinmalar, ishq-muhabbat dardiga yo‘liqishdan mamnunlik kayfiyati ustuvordir.
Har bir yigit-qiz balog‘at yoshiga yetganda muhabbat tuyg‘usini boshidan kechiradi. Insonning sevishi yoki sevilishi, ishq kechinmalariga yo‘liqish tashvishlari uni shoirlikka undaydi. Lirik qo‘shiqlar matnini o‘rganish ularni faqat muhabbat tuyg‘usini yurak qon tomirlaridan his qilgan shaxslargina yaratishi mumkin, degan xulosaga olib keladi. Endi ikki tarafdan iborat bo‘lgan ishq kechinmalarida bir tarafgina ishtirok etsa yoki o‘rtada muayyan to‘siqlar paydo bo‘lsa, muhabbat savdosi avj oladi, yechimsiz holatda insonni qiynaydi. Masalan:
Qizil gulni ekasan-da, ketasan.
Parvarish qilmasang, ekib netasan?
Yo‘liga intizor qilgan qora ko‘z,
Oxir mening bu boshimga yetasan.
misralarini hayotdan qoniqqan, tashvishi yo‘q odam aytishi mumkin emas. Atigi sakkiz so‘zdan iborat bu matnda inson taqdiri, qismati aks etganiga hech kim shubha qilmasa kerak.
Lirik qo‘shiqlar, eng avvalo, lirikligi bilan insonni o‘ziga jalb qiladi. Ularda lirik qahramon fikri tuyg‘u vositasida ifodasini topadi. Ayrim qo‘shiqlar matnidagi muayyan misrani o‘zgartirish ularning yaratilishi maqsadiga ham ta’sir qiladi, umumiy mazmun mohiyatiga ham ta’sir qiladi:
Gulijon o‘zi chaqqon,
Qoqi gulini taqqan,
Bir kulishi bor uchun
Oyijoniga yoqqan.
Endi «Oyijoniga»ni «Sevgilisiga», «Dadajoniga», «Buvijoniga», «Opajoniga» va h.k. so‘zlar bilan almashtiraylik. Yoki «Gulijon» ismini o‘zgartiraylik. «Qoqi gul» o‘rniga «atirgul» qo‘yaylik. Xullas, bir qo‘shiq asosida bir necha namunalar vujudga kelishi mumkin. Shunda gap seviklisi haqida ketsa, ishqiy mazmun; onasi-otasi haqida ketsa qiz farzandni erkalash mazmuni yetakchi bo‘lib qoladi. Ammo har ikkala holatda ham lirik qo‘shiq mohiyatan katta o‘zgarishga duch kelmaydi.
Xullas, lirik qo‘shiqlar mohiyat nuqtai nazardan inson qalbining izhori darajasida e’zozlangan asarlar turkumini tashkil qiladi.
ALYOR — xalq qo‘shiqlarining bir turi, o‘tmishda jo‘ra (ulfat)lar davrasida qadah tutib aytilgan. Kosagul (soqi) qo‘lida bo‘za yoki may to‘ldirilgan qadah tutib, davradagilarga: «Alyor bo‘lsin-ay, Xo‘jam yor bo‘lsin-ay, Xo‘jam bergan bu davlatga dushman zor bo‘lsin-ay»,— deya murojaat qilgan. Qadahni (kosani) olgan suhbatdosh o‘z navbatida jo‘raboshi xohishiga ko‘ra, biror qo‘shiq yoki raqs ijro etgan. Bunday paytda childirma jo‘rligida kuylanadigan maxsus qo‘shiqlar ham bo‘lgan. Ular ko‘nalar, haqqonlar va bo‘zagarlar qo‘shig‘i deb ham ataladi. Bo‘zagarlar qo‘shiqlari ikki band (to‘rtlik)dan iborat bo‘lib, birinchi bandning birinchi misrasi qaysi so‘z bilan boshlansa, ikkinchi bandning birinchi misrasi ham o‘sha so‘z bilan boshlanishi shart. Alyordan xalq dostonlarida ham keng foydalanilgan. Masalan, Barchinni izlab borayotgan Hakimbek yo‘lda, qabristonda uxlab qolganida, ular ruhining aytishuvi: «Kosa ushlab qo‘lim toldi, Biyning qizi mahtal bo‘ldi, Xon to‘ram, sizga ne bo‘ldi, Oling, alyor-alyor», buning yorqin dalilidir.
Dostları ilə paylaş: |