Baxshilik san’ati. Odatda baxshilikni estetikada san’at turiga kiritish qabul qilinmagan va xalq og‘zaki adabiy ijodi sifatida badiiy adabiyotning xili deb hisoblab kelinadi. Aslida “bunday kamsitish”ning sababi o‘zbek estetikasida shu paytgacha ovro‘paga, to‘g‘rirog‘i, ruslarga taqlidning nihoyatda kuchli bo‘lganida. SHunday qilib, biz uni to‘laqonli san’at turi deb bilamiz va buni isbotlashga harakat qilamiz.
Baxshilik san’ati asosan SHarq xalqlarida mavjud, kelib chiqishi qadimgi Hindiston bilan bog‘liq, sanskritchadagi “bhikshu” (qalandar, darvesh) so‘ziga borib taqaladi. Keyinchalik,”baxshi”, “baxsha”, “baxshi”, va boshqa shakllarda SHarq xalqlarining ko‘pchiligida ustoz, ma’rifatchi degan ma’nolarda qo‘llanilgan. G‘arbda uni faqat qadimgi yunonlar madaniyatida ko‘rishimiz mumkin.
Xalq dostonlaridagi tasvirlar, majoziylik ko‘p hollarda mubolag‘aga va alliteratsiyaga asoslanadi, natijada badiiy qiyofa afsonaviylashtirilgan, mo‘‘jizaviylashtirilgan tarzda gavdalantiriladi. Masalan, “Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlaridagi bahodirlardan biri – Hasan Ko‘lbar bir to‘yning oshini eb to‘ymaydi, murtining ichiga kalamushlar in qurib tashlagan v.h.
Rassomlik san’ati. Bu san’at turi ham qadimdan mavjud, uning dastlabki namunalarini qadimgi tosh asridagi g‘orlar devoriga ishlangan rasmlarda ko‘rish mumkin. Ularda asosan ov hayvonlari va inson tasviri berilgan.
Rangtasvir voqelikning san’atkor tanlagan nuqtai nazardan mo‘yqalam va bo‘yoqlar vositasida muayyan tekis materialga rasm tarzida tushirishdan iborat. Unda rassomning uslubi, bo‘yoq tanlashdagi mahorati, nur va soyalar o‘yini yangicha kompozitsion yondashuv kabi san’atkor iste’dodini belgilaydigan jihatlar muhim ahamiyatga ega.
Musiqa san’ati. Agar rassomlik san’atida, deylik uning manzara janridagi Levitanning mashhur “Qarag‘ayzor” asari ko‘z oldimizda muayyan ma’noda tugallangan rangtasvir sifatida namoyon bo‘lsa, musiqa asari, masalan, Betxovenning “Oydin sonata”si yoki Hoji Abdulazizning “Guluzorim” kuyi ohanglar vositasida tinglash jarayonida chizilayotgan rangtasvirdir. YA’ni rangtasvir badiiy mazmundagi markazni in’ikos ettirgan holda ibtido bilan intihonni tasavvurimizga havola qilsa, musiqada ibtido, markaz va intiho asarning o‘zida mujassam bo‘ladi. SHu bois rassomlik san’atini ranglar musiqasi, musiqani esa tovushlar tasviri deyish mumkin. Ayni
paytda musiqa rassomlikdagi yoki badiiy adabiyotdagi aniq yo muayyan tasvirlash imkoniga ega emas, lekin u ohangdor tovush orqali inson qalbiga kuchli ta’sir ko‘rsatish, uning ruhini qisqa vaqt ichida o‘zgartirish qudratiga ega. Bu jihatdan unga teng keladigan san’at turi yo‘q. SHu sababli musiqadagi “musiqiylik” tushunchasi barcha san’at turlari uchun yuksak mahorat ma’nosini anglatadi. M., she’riyatdagi musiqiylik, nasrdagi musiqiylik, me’morlik – qotib qolgan musiqa, ranglar musiqasi v.h.
Raqs san’ati. Bu san’at turi Ovro‘pada xoreografiya deb ataladi va raqsning barcha turlarini o‘z ichiga oladi. Raqs qo‘l va oyoq harakatlariga asoslanadi, lekin bu harakatlar ritm, muqom va badanning plastik egiluvchanligi vositasida shiorona xayolot parvozini ifodalaydi. Bu vositalarning hammasi musiqa yordamida (juda bo‘lmaganda bir musiqiy asbob ishtirokida) umumiy bir uyg‘unlikni tashkil etadi, ana shu uyg‘unlik raqsning san’at sifatidagi mohiyatini anglatadi. Raqsning ham o‘z ichki turlari ko‘p, diniy-falsafiy raqslar, mehnat raqslari yoki kasbiy raqslar, sof o‘yindan iborat raqslar, insoniy kayfiyatni anglatadigan raqslar, maxsus ssenariy (libretto) asosida sahnalashtiriladigan va uzoq vaqt davom etadigan raqslar v.h.
Raqs san’ati, yuqorida aytganimizdek, folklorning uzviy qismi tarzidagi va sahnaviy – teatrlashtirilgan ko‘rinishlarga egaligi bilan birga, mintaqaviy-mahalliylik xususiyatiga ham ega. Masalan, o‘zbek raqsida uch yo‘nalish mavjud: Toshkent-Farg‘ona, Xorazm va Buxoro yo‘llari (ba’zan usullari ham deyiladi). Ular bir-biridan ifodaviy usullarning o‘ziga xosligi bilan farqlanadi, ayni paytda har bir raqqosa yoki raqqosning o‘z uslubi bor.
Teatr san’ati. Insoniyat ma’naviy hayotida teatr san’ati juda qadamdan o‘z o‘rnini yo‘qotmay keladi. Bundan bir necha ming yillar avval qadimgi Hindiston, qadimgi Xitoy va qadimgi YUnonistonda dastlab teatr bir kishilik sahnadan iborat bo‘lgan, keyinchalik ikki kishilik sahnadan, undan keyingina jamoviy san’at turiga aylangan. YA’ni spektakl jamoaviy ijod mahsuli – rejissyor, dramaturg, aktyor va rassomning ijodiy izlanishlari natijasi o‘laroq yuzaga keladi. Ayni paytda unda bir necha san’at turi omuxta tarzda namoyon bo‘ladi: me’morlik, rassomlik (dekoratsiya), musiqa va notiqlik san’atining hamkorligi spektaklning sahnaviy asosini, dinamik tarzda rivojlanib boradigan dramatizm esa uning badiiy – estetik mohiyatini belgilab beradi.
Teatr san’atining o‘ziga xos jihati shundaki, unda sahna asari tomoshabin oldida yaratiladi, o‘sha rejissyor, sahnaga qo‘ygan o‘sha aktyorlar o‘ynagan bugungi spektakl kechagidan farq qiladi. Bu sahna san’atining doimiy ijodiyligini ko‘rsatadi, bugungi ijroga aktyor nimanidir qo‘shadi yoki undan olib tashlaydi. Bu uning ruhi, ijodiy kayfiyati, ikki yoki uch kunlik o‘sishi bilan bog‘liq.
Sirk san’ati. Sirk eng qadimgi an’anaviy san’at turlaridan biri. U SHarqda vujudga kelgan va dorbozlik san’ati deb ham atalgan, ko‘chma tomosha sifatida xalq orasida shuhrat qozongan. Unda dorda langar bilan yurishdan tashqari, dorboz havo gimnastikachisi (chig‘iriqda) vazifasini ham bajargan. Pastda albatta nog‘ora dorbozning harakatlariga mos ohangda yangrab turgan. Ayni paytda pastda qiziqchi, ko‘zboylog‘ich, akrobat (besuyak), ayiq o‘ynatuvchi ishtirok etgan, ba’zan askiyadan ham foydalanilgan.
Sirk insonning nafaqat o‘z a’zolari va hissiyotlari, balki hayvonlar, o‘yin asbobi bo‘lmish narsalar, makon, tomoshabinlar hissiyotlari, atrof-muhit ustidan, kengroq ma’noda olganda, dunyo ustidan cheksiz hukumronligini namoyish etishi bilan bizni doimo xavotirdan hayratga aylanadigan estetik idrok etish jarayonini boshdan kechirishimizni ta’minlaydi. Zero sirk «sof estetik» san’at, unda bevosita manfaatdorlikni uchratmaymiz. Umuman, sirk musobaqa degan tushunchani inkor etadi.
Sirkning yana bir o‘ziga xos xususiyati, unda doimiy masxaraboz-qiziqchining ishtirok etishi, ya’ni kulgililik xususiyatining doimiy mavjud bo‘lishi bilan belgilanadi. Sirk san’atida vorisiylik birinchi navbatda oilaviy san’atkorlik, qolaversa ustoz-shogirdlik an’analari hukumron. Umuman olganda, sirk san’ati millatni, ayniqsa yoshlarni mo‘‘jizaviylikdan hayratlanib,
kulgililikdan forig‘lanib-jismonan baquvat, epchil, o‘z ruhi a’zoi badani ustidan hukumronlik qila oladigan, katta tabiatining bir qismi bo‘lmish hayvonlar tabiatidan xabardor shaxs sifatida kamol topishida muhim ahamiyatga ega.
Estrada san’ati. San’at turi sifatida estrada omuxtalik tabiatiga ega, unda teatr, musiqa, sirk, askiya unsurlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, drama va komediyaning kichik shakllari, intermediyalar, akrobotika, pontomima, janglyorlik, qo‘shiq, badiiy o‘qish v.b. janrlar muvaffaqiyatli ijro etiladi. Unda zamonaviy muammolarning ko‘ngil ochish usullari va kulgi vositasida ifodasini, xilma-xil tanqid yo‘llarini ko‘rish mumkin. Falsafiylik, ijtimoiy-siyosiy mavzular estradada qisqa, lo‘nda, qiziqarli tarzda ochib beriladi. Estrada, sahnaviy san’at bo‘lsada, teatrdan aynan ana shu «engilligi», «ko‘ptomonlamaligi» bilan farq qiladi. Mashhur rus estrada aktyori E.Petrosyan shuni nazarda tutgan holda, bu san’at turini «san’atdagi jurnalistika» deb ataydi.
Dostları ilə paylaş: |