Xulosalar. Dialektika rivojlanish falsafasining puxta ishlab chiqilgan konsepsiyasidir. Hodisalar rivojlanishining umumiy nazariyasi sifatida u rivojlanishning mohiyatini anglab etishga yo‘l ochadi, tabiat, jamiyat va tafakkurdagi real jarayonlarni ular amalda qanday bo‘lsa, shunday aks ettiradi. Dialektika narsalar va hodisalarni o‘rganishga ularning vujudga kelishi, harakati va rivojlanishi nuqtai nazaridan yondashadi, shu sababli u ob’ektiv jarayonlarni konkret, har tomonlama o‘rganishga yo‘l ko‘rsatadi.Dialektika bilan bir qatorda rivojlanishning metafizik konsepsiyasi, sofistika, eklektika, ekzistensial dialektika, sinergetika va boshqa konsepsiyalar mavjud.
Kategoriya tushunchasi va uning tasnifi. Kategoriya nima? Bu savolga javob berish uchun biz qanday fikrlashimiz va o‘z fikrlarimizni boshqa odamlarga qanday etkazishimizni ko‘rib chiqamiz. Biz tushunchalar, mulohazalar va mushohadalar ko‘rinishida fikrlaymiz. Fikrlash jarayonining asosiy materiali tushunchalar bo‘lib, predmetlar umumiy va muhim belgilarida ular orqali fikrlanadi. Tushunchalar yordamida biz voqea va hodisalar ma’nosini anglaymiz, ularning o‘zimiz uchun ahamiyatini aniqlaymiz. Tushuncha va tushunish o‘zakdosh so‘zlardir, shu sababli bizning dunyoni tushunishimiz, dunyoga ongli munosabatimiz inson ixtiyorida mavjud bo‘lgan tushunchalar apparati bilan belgilanadi. Biz o‘z fikrlarimizni so‘zlar yordamida ifodalaymiz. So‘z –fikr va dunyo o‘rtasidagi vositachi. U fikrlash omili, fikrni ifodalash, uni boshqalarga etkazish
vositasi hisoblanadi. So‘z boyligimiz qancha katta bo‘lsa, bizning dunyoni anglash borasidagi imkoniyatlarimiz shuncha keng bo‘ladi. Ob’ektiv borliqni aniqroq va teranroq aks ettirish uchun inson fikrlash mantiqiy vositalarining muayyan majmuini, tushunchalarning muayyan doirasini yaratadi. Tushuncha – bu shunday bir fikrki, unda narsaning takrorlanuvchi xossalari, aloqalari va tomonlari aks etadi. Tilda tushuncha so‘z bilan ifodalanadi. Masalan,
«talaba», «universitet», «auditoriya» so‘zlari muayyan darajada umumiy va mavhumdir. Ammo shunday tushunchalar ham borki, ularda shunchaki umumiy emas, balki o‘ta umumiy narsalar va hodisalar qayd etiladi. Bunday tushunchalar juda yuqori darajadagi mavhumlashtirish (muayyandan uzoqlashish) mahsuli hisoblanadi. Mana bunday mavhumlashtirishning taxminiy yo‘li: «bu atirgul» («bu» so‘zi bilan aniq belgilangan); «atirgul» (bu erda «bu» ishorasi mavhumlashtirilgan); «atirgul» so‘zi «bu atirgul» iborasidagidan umumiyroq narsani qayd etadi. SHundan so‘ng bu iboraga «gul» so‘zini qo‘shamiz va u amalda mavjud barcha gullarni qamrab oladi. SHunday qilib biz gullarning muayyan rang-barangligidan fikran uzoqlashamiz, chunki e’tibor barcha gullarda mavjud bo‘lgan umumiy jihatga qaratiladi. «O‘simlik» so‘zi butun o‘simliklar dunyosini o‘z ichiga oladi va yanada kengroq mavhumlik hisoblanadi. Mavhumlashtirish (muayyandan uzoqlashish) yo‘lida harakatni davom ettiramiz. Bu yo‘lda «tirik» tushunchasi yanada umumiyroq bo‘ladi, chunki o‘simliklar dunyosinigina emas, balki hayvonot dunyosini ham o‘z ichiga oladi. «Tiriklik» tushunchasi mavhumlashtirishning yanada yuqoriroq darajasida turadi. Bunday tushunchalar – kategoriyalar (yunon. –«asos», «umumiy baho») deb ataladi. Fikr bizning dunyo bilan o‘zaro aloqa qilish tajribamizni u yoki bu darajada umumlashtiradi. Dunyo o‘z xossalari, narsalari va munosabatlarining rang-barangligi jihatidan cheksiz darajada boydir. Bizning so‘z boyligimiz o‘zimiz yashayotgan dunyodan
qashshoqroqdir. Falsafiy kategoriyalar – borliqning umumiy, muhim tomonlari, xossalari, aloqa lari va munosabatlari haqida fikrlash uchun qo‘llaniladigan o‘ta keng tushunchalar majmuidir. Falsafa kategoriyalari muayyan fanlarning kategoriyalaridan ancha farq qiladi. Bu farq shundan iboratki, dialektika kategoriyalari ob’ektiv dunyo hodisalari turkumlarining muhim xossalari va aloqalarinigina emas, balki barcha moddiy jarayonlarga xos bo‘lgan eng umumiy xossalar va aloqalarni aks ettiradi. Shunday qilib, dialektika kategoriyalari ob’ektiv dunyoni ideal aks ettirishning o‘ta keng shakllari bo‘lib, ular voqelikni bilish va ma’naviy-amaliy o‘zgartirishning asosiy tamoyillari bo‘lib xizmat qiladi. Ba’zi hollarda, umumiy kategoriyalar, ya’ni borliq kategoriyalari dialektika kategoriyalari deb ham nomlanadi. Dialektika kategoriyalarini ikki turga ajratish mumkin: substansion kategoriyalar va munosabatdosh kategoriyalar.
Substansion kategoriya lar – bu boshqa kategoriyalardan qat’i nazar, alohida-alohida qo‘llaniladigan kategoriyalar. Bunday kategoriyalar qatoriga «borliq»,«materiya», «harakat»,
«rivojlanish», «makon», «vaqt», «ziddiyat» va hokazolar kiradi. Ular ob’ektiv voqelikning muayyan umumiy xossalarini qayd etadi, lekin bu kategoriyalarning boshqa kategoriyalar bilan aloqalari haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini bermaydi. Munosabatdosh kategoriyalar biri ikkinchisi bilan uyg‘un bog‘liq bo‘lib, bilish jarayonida biri ikkinchisini nazarda tutadi; ularning biri haqida tasavvur hosil qilganda, boshqasini hisobga olmaslik mumkin emas. Bunday kategoriyalar qatoriga quyidagilar kiradi: yakkalik va umumiylik; hodisa va mohiyat; shakl va mazmun; qism va butun; sabab va oqibat; tasodif va zaruriyat; imkoniyat va voqelik.
Dostları ilə paylaş: |