Reklamaning estetik jihatlari va g‘ayriestetik holatlar
So‘nggi paytlarda turmush estetikasini reklamasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U tobora ommaviylashib, ommaviy axborot vositalari orqali hayotning turli jabhalariga kirib bormoqda. Reklama mamlakat aholisining barcha qatlamlariga mo‘ljallangan. U insonning mayl-istagini, didini, ehtiyojini, qiziqishlarini, voqea-hodisalarga munosabatini shakllantirib, ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatish kuchiga ega. Reklamada go‘zallik, ulug‘vorlik, mo‘‘jizaviylik va kulgililik kabi estetik xususiyatlar in’ikos etadi. SHu bois reklama ijodkori – dizayner ko‘pincha rassomlik san’atidan xabardor mutaxassis bo‘ladi. U ijodkor sifatida betartib suvrat, matnlar, sarlavhalar va bo‘shliqdan tartibli xilmaxillikni yaratadi. Ana shu tartib reklama go‘zalligini ta’minlaydi, tomoshabinga, o‘quvchiga quvonch bag‘ishlaydi. Reklamada muayyan narsa-hodisaning badiiy qiyofasi yaratiladi, ko‘pincha mashhur yirik asardan yoki voqeadan «kichik asar» – ta’sirchan epizodlar bunyod etiladi, shundan kelib chiqib, unda axloqiyestetik ibtido katta o‘rin egallaydi. Badiiy qiyofaning mavjudligi esa, reklamani san’atga yaqinlashtiradi, uni muayyan ma’noda badiiy yaxlitlik darajasiga ko‘taradi. Undagi mubolag‘a usuli, lahzalik hayrat uyg‘otgani holda, kishini reklama qilinayotgan narsa- hodisaning mohiyatiga, foydalili xususiyatiga sezdirmay olib kiradi.
Reklamada rang estetikasi alohida ahamiyatga ega. SHu nuqtai nazardan qaraganda, tashqi reklamalar atrof-muhitni go‘zallashtirish tamoyillari asosida joylantiriladi va shaharlarimizga kunduzi ham, tunda ham o‘ziga xos chiroy bag‘ishlab turadi. Ayniqsa, tungi reklamalarda nurdan foydalanish ko‘pincha san’atkorona mahorat bilan amalga oshiriladi.
Reklama, agar faqat foyda, sof iqtisodiy-ma’naviy jihatlar ko‘zlab ish tutsa, oddiy dallollik vositasiga aylanishi mumkin. Bunday hollarda tomoshabin diqqatini tortishga o‘ta urinish oqibatida behayo tasvirlar vujudga keladi. Vaholanki, u iqtisodiyotga asoslangan keng qamrovli ma’naviy hodisa, odamlar orasidagi ijtimoiy muloqot shakllaridan biridir. SHu bois reklama estetikasiga alohida e’tibor berish, unga aholi estetik didini, turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladigan vosita sifatida qarash hozirgi kunning dolzarb vazifalaridandir.
Dostları ilə paylaş: |