g) Sistema, struktura va element.
Borliqdagi narsa va hodisalar sistema, struktura va element aloqadorligiga ham ega bo‘ladi. CHunki ular ma’lum sistemalar tarzida mavjud bo‘lib, o‘z tuzilishi va tarkibiga ko‘ra esa muayyan strukturaga ega hamda qator elementlardan tashkil topgan bo‘ladi. Sistema — bu borliqdagi o‘zaro bog‘liq, muayyan tartibdagi bir-biriga ta’sir va aks ta’sir qilib turuvchi narsalar, hodisalar va jarayonlarning qonuniyatli birligidir.
Struktura esa shu sistemani tashkil etgan narsalar, hodisalar va jarayonlarning tartibi, tuzilishi, tarkibi, joylashishi va ifodalanishidir. Struktura har bir narsa yoki hodisaning, har bir sistemaning ajralmas tub xususiyati bo‘lib, u muayyan elementlardan tashkil topadi.
Element sistema strukturasini tashkil kilgan, nisbiy mustaqillikka ega bo‘lgan tuzilmadir. Har bir sistema o‘z strukturasiga ko‘ra bir qancha o‘zaro chambarchas bog‘liq va aloqadorlikda bo‘lgan elementlardan iborat bo‘ladi. Sistema, struktura va element kategoriyalari narsa va hodisalarga xos bo‘lgan ana shu moddiy sistemalar, strukturalar va elementlarning aqliy in’ikoslaridir.
Odatda, har bir sistema, o‘zining tuzilishiga ko‘ra alohida sistemachalarga ajralishi, nisbiy mustaqil elementlarga bo‘linishi, ularning o‘zaro uzviy bog‘liqligi, bir butunlikni tashkil etishi kabi xususiyatlarga egadir. Bunda sistemalar ierarxiyasi shundaki, doimo bir qancha sistemachalar birikib, yangi, hajm jihatidan kengroq sistemani hosil qila boradi. Bu holat yanada yuqorilashib borib, natijada, bir-biriga kiruvchi, bir-biri bilan bog‘liq, biriga nisbatan ikkinchisi kengroq bo‘lib boradigan sistemalarning oliy birligi — bir butun borliqni qaror toptiradi. Umuman, har bir sistemaning tashkil topishi va mavjud bo‘lishida uning strukturasi muhim rol o‘ynaydi. Ayni shu
struktura sistemadagi o‘zaro ta’sir va aks ta’sir qiluvchi moddiy tarkiblarni elementlarga aylantiradi. Dialektika uchun sistema, struktura va element kategoriyalarining o‘zaro aloqadorligini, ularning bir-biriga o‘tishlarini va har biriga xos alohida xususiyatlarini ko‘rsatish, ularning o‘zaro umumiyligi va bir-biridan farqlarini aniqlash ayniqsa muhimdir.
Struktura narsa va hodisalardagi, ulardan tashkil topgan sistemalardagi o‘zaro bog‘liq quyidagi uch ma’noni ifodalaydi:
Struktura narsa yoki hodisaning bir xil yoki har xil jinsligini, uning muayyan nisbiy mustaqil qismlarga, elementlarga, komponentlarga bo‘linishini ifodalaydi.
Struktura narsa yoki hodisani tashkil etuvchi qismlar, bo‘laklar, komponentlar va elementlarning o‘zaro bir-biriga ta’sir va aks ta’sirlarini, ular o‘rtasidagi aloqadorlik va bog‘lanishlarni, bu bog‘lanishlarga oid qonuniyatlarni ifodalaydi.
Struktura, nihoyat, narsa yoki hodisaning qanday elementlardan tashkil topganligidan qat’iy nazar, bu elementlarning organik birligini, ularning yaxlitligi va bir butunligini ifodalaydi. SHuning uchun strukturani bilish bu, birinchidan, uning elementlarini aniqlash, ikkinchidan, mazkur elementlarning o‘zaro aloqadorliklarini aniqlash, nihoyat, uchinchidan, bu elementlar bir butunligining o‘ziga xos tabiatini tushunib olishdir.
Demak, struktura kategoriyasi butun bir sistemani tashkil etuvchi elementlar aloqadorligining o‘ziga xos usullarini va bu bir butunlik doirasidagi elementlarning o‘zaro munosabatlarini ifodalaydi. Bunda har bir element strukturaning nisbiy mustaqil komponent bo‘lishi bilan birga, o‘zaro muayyan qonuniyatlar asosida birlashib, bir butun sistemani vujudga keltiradi.
Keyingi vaqtlarda tabiatshunoslik va ijtimoiy fanlar sohalarida tadqiqot ob’ektini chuqurroq o‘rganish maqsadida sistemali yondashish, strukturaviy analiz usullari ishlab chiqildi. Bu usullarning qo‘llanilishi ularning samaradorligi va istiqbolli ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, sistemali yondashish usuli o‘zining muhimligi, o‘rganilayotgan predmet va hodisalardagi barcha aloqadorlik va bog‘lanishlarni hisobga olishi bilan dialektik usullarning tarkibiy qismini tashkil etadi.
Dostları ilə paylaş: |