Bifurkatsiya ikkilanish nuqtalarining mavjudligini hamda rivojlanish davomining har xilligini nazarda tutadi. (Masalan, bitta oila negizida yangi oila paydo bo‘ladi va yangi oila o‘zining rivojlanish tamoyillariga ega bo‘ladi). Ularning faoliyati natijalarini oldindan bashorat qilish qiyin. I.Prigojinning fikriga ko‘ra, bifurkatsiya jarayonlari tizimning murakkablashuvidan dalolat beradi. N.Moiseevning fikricha, «ijtimoiy tizimning har bir holati bifurkatsiya holatidir».
Kumatoid – suzayotgan ob’ektni anglatadi va ob’ektlarning tizimli xususiyatini aks ettiradi. U vujudga kelishi, hosil bo‘lishi, shuningdek, yo‘qolishi,parchalanishi mumkin. U o‘zining barcha elementlarini birvarakay emas, balki o‘ziga xos «hissiy-o‘ta hissiy» tarzda namoyon etadi. Masalan, tizimli ob’ekt –o‘zbek xalqini ma’lum vaqt, makon bo‘lagida ifoda etish va mahalliylashtirish mumkin emas. Boshqacha qilib aytganda, ob’ektni yaxlit ifoda etish uchun o‘zbek xalqining barcha vakillarini yig‘ish mumkin emas. Shu bilan birga, mazkur ob’ekt soxta emas, realdir. Uni kuzatish, o‘rganish mumkin. U butun sivilizatsion tarixiy jarayonning yo‘nalishini ko‘p jihatdan belgilab beradi. Yana bir misol – talabalar guruhi. U dam paydo bo‘ladigan, dam ko‘zdan yo‘qoladigan suzuvchi ob’ekt sifatida o‘zaro aloqalarning deyarli barcha tizimlarida namoyon bo‘ladi. Masalan, o‘quv mashg‘ulotlari tugaganidan keyin guruh yaxlit
ob’ekt sifatida mavjud bo‘lmaydi, ammo institutsiyaviy belgilangan ma’lum vaziyatlar (guruh raqami, talabalar soni, guruh tuzilishi, umumiy xususiyatlari)da u ob’ekt sifatida namoyon bo‘ladi va o‘z-o‘zini identifikatsiya qiladi. Bundan tashqari,mazkur kumatoid guruh a’zolari o‘rtasidagi do‘stlik, raqobat va boshqa munosabatlar bilan ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Xulosalar. Shunday qilib, metodologiya muayyan bir, hatto, «eng muhim metod»ga ham bog‘liq bo‘lmaydi. «Olim hech qachon faqat bitta ta’limotga tayanib qolmasligi, hech qachon o‘z tafakkur metodlarini faqat bitta falsafa bilan cheklab qo‘ymasligi kerak»24. Metodologiya alohida metodlarning oddiy yig‘indisi, ularning «mexanik birligi» ham emas. Metodologiya – turli darajadagi usul va tamoyillarning faoliyat sohalari, yo‘nalishlari, evristik, imkoniyatlar, mazmunlar, tuzilmalar va hokazolarning murakkab, yaxlit hamda muvofiqlashtirilgan tizimi.
Ilmiy bilishda turli darajalarda, faoliyat sohalarida va yo‘nalishlarda turli-tuman metodlarning murakkab, dinamik va muvofiqlashtirilgan tizimi faoliyat ko‘rsatadi. Mazkur metodlar har doim tadqiqotning muayyan shartlari va predmetidan kelib chiqib amalga oshiriladi.