Jamiyatvainsonhayotidaqadriyatlarningroli. Ularni quyidagi uch guruhga ajratish mumkin:
Inson va jamiyat uchun ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlar. Bu shunday qadriyatlarki, ularsiz jamiyat va insonning normal faoliyati izdan chiqmaydi.
Kundalik hayot va ehtiyojlar bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar. Bu guruhga aksariyat moddiy va ma’naviy qadriyatlar kiradi. Bular insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, jamiyatning normal faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan qadriyatlardir.
Oliy qadriyatlar – bu o‘z ahamiyatiga ko‘ra eng yuksak darajada turuvchi, odamlarning fundamental munosabatlari va ehtiyojlarini aks ettiruvchi qadriyatlardir. Oliy qadriyatlarsiz nafaqat inson shaxs sifatida kamol topa olmaydi, balki jamiyat ham normal hayot kechira olmaydi. Oliy qadriyatlarning mavjudligi doimo individning shaxsiy hayoti chegarasidan chetga chiqish bilan bog‘liq. Ular individni uning o‘zidan yuksak bo‘lgan, uning hayotini belgilaydigan, uning taqdiri uzviy bog‘liq bo‘lgan narsalar bilan oshno etadi. Ayni shu sababli oliy qadriyatlar odatda umuminsoniy xususiyat kasb etadi.
Insonning o‘zi qadriyat hisoblanadimi, degan savolning ikki tomoni bor 1) inson uchun boshqa odamning va umuman insonning qimmati nimada? 2) uning o‘z hayotining qimmati nima bilan o‘lchanadi? Tafsilotlarga berilmay shuni qayd etamizki, bu savollarga javoblar aniq va uzil-kesil bo‘lishi mumkin emas. Gap shundaki, individning boshqa odamlarga qiziqishi odamlar qandayligigagina emas, balki uning o‘zi qandayligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Bunga yana shuni qo‘shimcha qilish joizki, inson hayotining va insonning qimmati to‘g‘risidagi masalaning qo‘yilishi tarixiy sharoitlar bilan bevosita bog‘liq. Masalan, O‘rta asrlarda feodal o‘z krepostnoyini o‘ldirishi jinoyat hisoblanmagan va jazoga tortilmagan. Hozirgi vaqtda har bir kishining yashash huquqi tan olingan va odam o‘ldirish u yoki bu tarzda jazolanmaydigan mamlakat mavjud emas. Xullas,inson – alohida, mutlaq qadriyat. Qolgan barcha qadriyatlar inson manfaatlari nuqtai nazaridan baholanadi. Har bir shaxs hayotda ma’lum bir maqsadni ko‘zlab harakat qiladi. Biroq uning maqsadi ma’no va mazmuni jihatdan har xil bo‘lishi mumkin.