Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni
kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, tarmoqqa xorijiy investitsiya va zamonaviy
texnologiyalarni jalb qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda davlat
rahbarining matbuot xizmati habar bermoqda.
Oʻzbekiston zaminida Mendeleyev jadvalidagi barcha kimyoviy elementlar
mavjud, mamlakatimiz uglevodorodlarga boy boʻlsa-da, kimyo sanoatimiz asosan
qishloq xoʻjaligi uchun mineral oʻgʻit ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Murakkab mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish quvvatlari 60-70 foizga eskirgani
energiya resurslarining ortiqcha sarflanishi, kimyo mahsulotlari tannarxining asossiz
oshishiga olib kelmoqda.
Oʻtgan yildan boshlab, mineral oʻgʻitga talabni qondirish uchun 3,1 milliard
dollarlik 17 ta investitsiya loyihasi amalga oshirila boshlandi. Bundan tashqari, kimyo
sanoati mahsulotlarini diversifikatsiya qilish maqsadida 2025 yilgacha 4,2 milliard
dollarlik yana 17 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi.
Shuning uchun, kimyo tarmogʻiga xorijiy investitsiya va zamonaviy
texnologiyalarni jalb qilish, mahsulot hajmi va turini koʻpaytirish, sohaning eksport
salohiyatini oshirish “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining muhim va ustuvor
vazifasi boʻlishi zarur.
Bugungi kunda mamlakatimizda azotli oʻgʻitlarga talab 73 foiz, fosforli
oʻgʻitlarga - 20 foiz taʼminlanmoqda. Azotli oʻgʻit ishlab chiqarish quvvatlarining
oʻrtacha eskirish darajasi 64 foizni, fosforli oʻgʻit boʻyicha - 77 foizni tashkil qiladi.
Sohadagi vaziyatni yaxshilash maqsadida kelasi 5 yilda umumiy qiymati 2,8
milliard dollar boʻlgan 9 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlib, buning
natijasida mineral oʻgʻit va sulfat kislotasi ishlab chiqarish hajmi 2 barobar koʻpayadi.
Azotli va kaliyli oʻgʻitlarga talab toʻla qoplanadi, fosforli oʻgʻitlarga talabni qondirish
darajasi bir necha barobar oshiriladi.
Shu sababli, kimyo sanoatida mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish uchun
organik moddalar ishlab chiqarish boʻyicha 15 ta va noorganik moddalar boʻyicha 8 ta
loyihani amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.
Kimyo sanoatida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tizimning
moliyaviy barqarorligini taʼminlash lozim. Shu bois yigʻilishda “Oʻzkimyosanoat”
aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy ahvolini yaxshilash yuzasidan koʻrsatmalar
berildi.
Dostları ilə paylaş: |