25.06.2019. O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi
26-modda. Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolatlari muddati Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis o‘tkazilayotgan kundagi komissiya a’zolari
umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli bo‘ladi. Komissiya
qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul
qilinadi. Qarorga rozi bo‘lmagan komissiya a’zolari alohida fikrini bayon etishga haqli bo‘lib, bu fikr
yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining
ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari,
shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat
jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro
etishi uchun majburiydir.
Saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi yoki
boshqa a’zosi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat
vazifalarini bajarishdan saylov o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan o‘rtacha oylik ish
haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.
Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar,
mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi,
ularning ishi uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni
o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi
shart.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 49-moddasi . Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar
yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga,
muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular qo‘yilgan
masalani ko‘pi bilan uch kunlik muddatda ko‘rib chiqishi va saylov komissiyasiga javob qaytarishi
shart.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini
o‘tkazish bo‘yicha okrug hamda uchastka saylov komissiyalari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti saylovi yakunlari chiqarilganidan, tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.
Mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug va uchastka saylov komissiyalari
tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi
tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 16-moddasi , O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 23-iyuldagi 924-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida nizom”ning 5-bobi , “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida nizom”ning 4-bobi .