71-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda
kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadir.
Quyidagilar:
sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud
sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;
saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim
yashamagan fuqarolar;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi
Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona
qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;
diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Qonunchilik palatasi
deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.
72-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar Siyosiy partiyaning rahbari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni
iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova
qilinadi:
siyosiy partiya yuqori organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;
siyosiy partiya yuqori organi majlisining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi
bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi,
kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov
okrugining nomi va tartib raqami ko‘rsatiladi;
deputatlikka nomzodning o‘z nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi
ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;
deputatlikka nomzodning, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek bo‘lsa,
egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 19-sentabrdagi 937-son qarori bilan tasdiqlangan “Mansabdor shaxslari deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadigan ijro hokimiyati organlari ro‘yxati ”. Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan
sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish
uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida
yakunlaydi.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib
chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.
Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan
nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy
partiyalarning rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar
va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim
etishga haqli.